Madridning “Real” klubi futbolchisi Vinisius Junior Ispaniya La Ligasini tark etishi mumkin. TBR Football nashri xabariga ko‘ra, agar braziliyalik vinger klub bilan yangi shartnoma imzolashdan bosh tortsa, “qirollik klubi” uni 2026-yilning yozida transferga qo‘yishni rejalashtirgan.
Ayni paytda Angliyaning top klublari — “Arsenal”, “Chelsi”, “Liverpul” va “Manchester Siti” futbolchining agentlari bilan bog‘langan. Agar Vinisius “Real”ni tark etishga qaror qilsa, aynan ushbu jamoalardan biri bilan shartnoma imzolashi mumkin.
Vinisius Juniorning “Real Madrid” safidan ketish ehtimoli yuqori baholanmoqda. Sababi, futbolchi klubdagi eng ko‘p maosh oluvchi o‘yinchi bo‘lishni xohlayapti. Hozirda u yiliga 20 million yevro maosh olmoqda. Yangi shartnoma bo‘yicha esa Vinisius 30 million yevro ish haqi talab qilmoqda. Biroq “Real” rahbariyati bu talabni qondirish niyatida emas.
Bundan tashqari, futbolchining o‘yin amaliyoti ham cheklangani bildirilmoqda. Xabi Alonso boshchiligidagi jamoada Vinisius La Liga doirasida 6 uchrashuvda maydonga tushgan bo‘lsa-da, ulardan atigi bittasida to‘liq 90 daqiqa harakat qilgan. Bu holat ham uning kelajagi borasida savollar tug‘dirmoqda.
Vinisius Juniorning “Real Madrid” bilan tuzgan amaldagi shartnomasi 2027-yil yozigacha amal qiladi. Transfermarkt portali 25 yoshli vingerning transfer qiymatini 170 million yevroga baholamoqda. U joriy mavsumda jami 7 uchrashuvda maydonga tushib, 3 ta gol va 3 ta golli uzatma muallifiga aylangan.








