Shimoliy Koreya oktyabr oyida bo‘lib o‘tadigan yirik harbiy paradga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Unda Xitoy rahbari Si Szinpin ham ishtirok etishi mumkin. Bu haqda Yonhap xabar berdi.
Parad hukmron Koreya Mehnat partiyasi tuzilganining 80 yilligiga bag‘ishlanadi. Shimoliy Koreya bu sanani 10-oktyabrda nishonlaydi. Odatga ko‘ra, mamlakat har 5 va 10 yilda katta miqyosdagi harbiy paradlar o‘tkazadi. Tayyorlanish alomatlari yoz oylaridayoq sezilgan edi.
“Iyul boshidan buyon Pxenyandagi Mirim aeroporti yaqinidagi tayyorgarlik poligonida sun’iy yo‘ldosh suratlari yordamida shaxsiy tarkib, texnika va transport vositalari aniqlangan”, dedi anonim manba.
Uning aytishicha, kuzatilgan texnika orasida transport-uchirish moslamalari (TPU) ham bo‘lgan. Mutaxassislar parad chog‘ida Shimoliy Koreya yangi qurol tizimlarini taqdim etishini kutmoqda. Taxminlarga ko‘ra, ular orasida yangi avlod “Xvason-19” qit’alararo ballistik raketasining “yakuniy versiyasi” ham bo‘lishi mumkin. Shuningdek, takomillashtirilgan “kamikadze” dronlari ham namoyish qilinishi ehtimol qilinmoqda.
Shimoliy Koreya oxirgi marta 2023-yil sentabr oyida mamlakat tuzilishining 75 yilligiga bag‘ishlab yirik tungi harbiy parad o‘tkazgan edi. Shu bilan birga, mamlakat yetakchisi Kim Chen In yubileyga xorijdan yuqori martabali amaldorlarni taklif qilgani haqida mish-mishlar tarqalmoqda. Ular orasida Xitoy raisi Si Szinpin ham tilga olinmoqda. Agar u shaxsan qatnashmasa, Pekin tadbirga yuqori lavozimli delegatsiya yuborishi mumkinligi aytilmoqda.“Harbiy parad uchun safarbar qilingan kuch va vositalar miqdori avvalgi yillardagidan ko‘proq bo‘lishi mumkin”, deya qo‘shimcha qildi manba.








