AQSH prezidenti Donald Tramp uning mamlakati Bag‘ramdagi harbiy baza ustidan nazoratni tiklash niyatida ekanini aytdi. Bu haqda u Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer bilan bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma’lum qildi.
Trampning so’zlariga ko‘ra, AQSH Afg‘onistonni tark etishi chog‘i strategik obyektni saqlab qolishni istagan.
Biz Bag‘ramni — yirik harbiy aviabazani, dunyodagi eng katta aviabazalardan birini — saqlab qolmoqchimiz. Biz uni ularga tekinga berib yubordik. Aytgancha, hozir uni qaytarib olishga urinmoqdamiz, dedi Tramp.
Aerodrom 1950-yillarda qurilgan. 1979-1989-yillardagi sovet harbiy kampaniyasi davrida u askarlarni joylashtirish uchun muhim markazlardan biriga aylangan. 2001-yildan boshlab Bag‘ram AQSH nazoratiga o‘tgan. Amerika qo‘shinlari 2021-yilda o‘z armiyasini Afg‘onistondan olib chiqish jarayonida Bag‘ramni tark etgan.
Tramp avval ham Bag‘ramni qaytarish niyatida ekanini, sababli u Xitoy nazoratiga o‘tib ketganini da’vo qilgandi. Afg‘oniston tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Amir Xon Muttaqiy buni “haqiqatdan yiroq” deb atagan. U Afg‘oniston mamlakatda har qanday xorijiy harbiylarning bo‘lishiga qat’iy qarshi ekanini bildirdi.
Afg‘oniston va afg‘on xalqi hatto bir qarich yerda ham xorijiy harbiylar bo‘lishini qabul qilmaydi. Prezident Tramp bu xabarni eshitishi kerak. Boshqa davlatlar ham tushunib yetishlari kerakki, biz olib borayotgan aloqalar faqat siyosiy va iqtisodiy yo‘nalishda, degan Mutaqqiy.
U hech bir davlat bilan harbiy aloqalar olib borilmaganini va kelgusida bunday aloqalar o‘rnatmasligini aytdi. Siyosatchi Afg‘oniston hukumati xalqaro hamjamiyat bilan siyosiy, iqtisodiy va diplomatik aloqalarga sodiqligini ta’kidladi.








