JSTning hisobotiga koʻra, savdo xarajatlarining pasayishi va yuqori mahsuldorlik 2040-yilga kelib savdo va yalpi ichki mahsulotning (YIM) oshishiga olib keladi. Jahon savdosi 34–37 foiz koʻtariladi. Shuningdek, global YAIM 12–13 foizga ortishi mumkin.
“Sunʼiy intellekt tobora murakkablashayotgan savdo muhitida xaridlarni amalga oshirish uchun yorqin imkoniyat boʻlishi kutilmoqda”, — degan JST bosh direktorining oʻrinbosari Yoxanna Xill.
Xillning taʼkidlashicha, hozirgi notinch savdo tizimiga qaramay, sunʼiy idrok global iqtisodiyot va xalqaro savdoning kelajagini qayta shakllantirmoqda. U savdo xarajatlarini kamaytirish va mahsuldorlikni oshirish imkoniyatiga ega.
JST nazoratidagi global savdo qoidalari AQSh prezidenti Donald Trampning boj stavkalari tufayli keskin izdan chiqqan.
Hisobotda korxonalar logistika, qonunga rioya qilish va aloqa xarajatlarini kamaytirishi qayd etilgan.
“Sunʼiy intellekt asosidagi tarjima texnologiyalari muloqotni tezroq va arzonroq qiladi. Bu esa kichik ishlab chiqaruvchilar va chakana sotuvchilarni global bozorlarga chiqish imkoniyati bilan taʼminlaydi”, — deyiladi hujjatda.
Yuqoridagi imkoniyatlar kamroq rivojlangan davlatlarga yoʻnaltirilgan eksportni 11 foizgacha oshiradi. Ular buning uchun birinchi navbatda raqamli infratuzilmasini rivojlantirishi zarur. Maqsadli investitsiyalar va inklyuziv siyosat yuritilmasa, sunʼiy intellekt kambag‘al va boy davlatlar orasida mavjud tafovutlarni yanada chuqurlashtiradi.
“Sunʼiy intellektni ishlab chiqish va joriy etish oqibatida koʻplab xodimlar hamda butun boshli iqtisodiyotlar rivojlangan davlatlardan ortda qolib ketishi mumkin”, — deyiladi bayonotda.
JST bosh direktori Ngozi Okonjo-Iweala siyosatchilar sunʼiy intellektga oʻtish jarayonini ehtiyotkorlik bilan boshqarishi kerakligini taʼkidlagan.
“Sunʼiy intellekt mehnat bozorlarini tubdan oʻzgartirishi, ayrim ishlarni yangidan shakllantirishi, ayrimlarini esa butunlay yoʻqotishi mumkin. Bu oʻzgarishlarni boshqarish uchun taʼlim, koʻnikmalarni rivojlantirish, qayta tayyorlash va ijtimoiy himoya tizimlariga investitsiya kiritish talab qilinadi”, — degan JST bosh direktori.








