“Inter Mayami” hujumchisi va Argentina terma jamoasi sardori Lionel Messi “Barselona” klubi prezidentlik saylovida ishtirok etishi mumkin. Bu haqda Cadena Ser nashri xabar bermoqda.
Manbaga ko‘ra, Kataloniya klubining sobiq hujumchisi prezidentlik uchun kurashmoqchi emas, aksincha, nomzodlardan birining saylovoldi kampaniyasida ishtirokchilardan biriga aylanishi mumkin. Qayd etilishicha, Messi bilan “ko‘k-anorranglilar”ga yaqin ayrim shaxslar bog‘langan, biroq ular orasida amaldagi prezident Joan Laporta yo‘qligi aytilmoqda.
Shuningdek, saylovlarda yordam ko‘rsatish Messining 2021-yilda klubni tark etgach yomonlashgan “Barselona” bilan munosabatlarini yaxshilash yo‘li sifatida qaralayotgani bildirildi.
Eslatib o‘tamiz, Messi 2000–2021-yillar davomida kataloniyaliklar sharafini himoya qilgan. U bu davr mobaynida jami 778 ta o‘yinda maydonga tushib, o‘z hisobiga 672 ta gol va 303 ta golli uzatmaga mualliflik qilgan.








