Tataristonda 5-sentyabr kuni sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasi oqibatida 3 nafar O‘zbekiston fuqarosi halok bo‘ldi. Bu haqda O‘zbekistonning Qozondagi Bosh konsulxonasi matbuot xizmati ma’lum qildi.
Fojia Naberejniye Chelni–Almetevsk avtomobil yo‘lining 38-kilometrida, Zayin tumanida sodir bo‘lgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, Nexia avtomobili qarama-qarshi yo‘nalishga chiqib ketgan va MAN yuk mashinasi bilan to‘qnashgan.
To‘qnashuv oqibatida yengil avtomobil haydovchisi va 2 nafar yo‘lovchi og‘ir tan jarohati tufayli halok bo‘lgan. Tekshiruvlar natijasida qurbonlar 1990, 1992 va 1995-yillarda tug‘ilgan fuqarolar ekani aniqlangan. Vaziyatni Qozon shahridagi bosh konsulxona o‘z nazoratiga olgan.
“Vafot etgan fuqarolarning oila a’zolari va yaqinlariga chuqur hamdardlik bildiramiz! Mahalliy mutasaddi idoralar bilan aloqa o‘rnatildi. Vafot etgan fuqarolarni jasadlari Vatanga qaytarish ishlari qisqa muddatlarda Migratsiya agentligi hisobidan amalga oshirilishi rejalashtirilmoqda. Hozirda shu bilan bog‘liq jarayonlar yakunlash bosqichida ekanini ma’lum qilamiz”, deyiladi konsullik xabarida.








