AQSH o‘z qo‘shinlarini Polshadan olib chiqishni rejalashtirmagan va ularning sonini oshirishi mumkin. Bu haqda AQSH prezidenti Donald Tramp ma’lum qildi.
Siyosatchi 3-sentyabr kuni Vashingtonda yaqinda saylangan Polsha prezidenti Karol Navrotskiy bilan uchrashdi. Tramp uchrashuvda AQSHning Polshadagi harbiy ishtiroki yanada kengaytirilishi mumkinligini istisno etmadi.
“Biz hech qachon Polshadan qo‘shinlarni olib chiqish masalasini ko‘rib chiqmaganmiz. Bu masalani boshqa davlatlarga nisbatan ko‘rib chiqamiz, ammo Polshani to‘liq qo‘llab-quvvatlaymiz va uning o‘zini himoya qilishiga yordam beramiz”, dedi Oq uy rahbari.
Shuningdek, u Vashington va Varshava o‘rtasidagi munosabatlar doimo mustahkam bo‘lib kelgani, hozir esa “ular har qachongidan ham yaxshi” ekanini ta’kidladi. Navrotskiy esa uchrashuv natijalariga quyidagicha baho berdi:
“Tramp Polshaga xavfsizlik kafolatlarini berdi va harbiy sohada ittifoqchi sifatidagi hamkorligimizni ta’kidladi, bu katta yutuq”.
Polsha prezidenti hamkasbi bilan Polshadagi Amerika harbiy kuchlarining ishtirokini kengaytirish bo‘yicha aniq takliflarni muhokama qilganini aytdi. Shuningdek, Trampni Varshavaga tashrif buyurishga taklif etdi, ammo tashrif sanasi hali belgilanmagan.
Ayni paytda Polshada 10 mingga yaqin amerikalik askar joylashtirilgan. 22-fevral kuni mamlakatning o‘sha vaqtdagi prezidenti Anjyey Duda ham AQSH qo‘shinlari Polshadan olib chiqilmasligini, ularning soni esa oshirilishi mumkinligini bildirgan edi.
“Biz aloqalar mustahkamlanishini kutishimiz kerak, chunki biz NATO bo‘yicha ishonchli ittifoqchimiz. Polsha xavfsizligi — AQSH sarmoya kiritayotgan fundamental masala”, degan edi Duda.








