Ma’lumotlarga ko‘ra, flot tarkibiga uchta esminets, ikkita desant kemasi, bir desant vertolyot tashuvchi kema, kreyser va qirg‘oqbo‘yi jangovar kemasi kiradi. Ulardan ayrimlari allaqachon mintaqaga yetib kelgan, qolganlari esa yo'lda davom etmoqda. AQSH dengiz kuchlarining aniq joylashuvi oshkor etilmagan. Hozircha ikki esminets Karib dengizining sharqiy qismida, yana biri esa Panama sohillarida bo‘lgani ma’lum. Kemalar Venesuela qirg‘oqlariga bevosita yaqin joylashmagan.
Operatsiyada 4500 nafar harbiy, jumladan 2200 nafar dengiz piyodasi ishtirok etmoqda. Bu narkotrafikka qarshi kurashish uchun noodatiy miqdor hisoblanadi, chunki odatda bunday missiyalarda bunchalik ko‘p askar jalb qilinmaydi. Venesuela hukumati 28-avgust kuni BMT bosh kotibi Antoniu Guterrishga murojaat qilib, AQSH kemalarining joylashtirilishini “harbiy aralashuvni oqlash uchun yirik tashviqot kampaniyasi” deb atadi.
2024 yilgi prezident saylovlarida Markaziy saylov kengashi amaldagi rahbar Nikolas Maduroni g‘olib deb e’lon qilgan bo‘lsa-da, muxolifat ko‘pchilik saylovchilar Edmundo Gonsalesni qo‘llaganini ta’kidlamoqda. AQSH saylov natijalarini tan olmadi va Maduroni qonuniy prezident sifatida qabul qilmaydi.
Bundan tashqari, AQSH ayrim yuqori martabali venesuelalik amaldorlarni pul yuvish va narkotik kontrabandasi bo‘yicha ayblagan. Iyul oyida AQSH Moliya vazirligi Maduroni mamlakatdagi Cartel de los Soles narkokartelini boshqarishda ayblab, uni terrorchilik tashkiloti deb e’lon qildi.
Ikki davlat o‘rtasidagi inqiroz Trampning ikkinchi prezidentlik davrida yanada kuchaydi. 2025 yil boshidan buyon AQSHdan qariyb sakkiz ming venesuelalik migrant deportatsiya qilindi. Tramp ma’muriyati ularning ko‘pini Venesueladagi Tren de Aragua to‘dasiga aloqador deb atamoqda.








