Qozog‘istonda 13-avgustdan boshlab sun’iy yo‘ldosh orqali internet xizmatini taqdim etuvchi Starlink rasman ishga tushdi. Bu haqda mamlakat Raqamli rivojlanish vazirligi xabar berdi.
Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, Starlink texnologiyasi eng olis va yetib borish qiyin hududlarda ham barqaror internetni ta’minlaydi hamda aholiga zamonaviy raqamli xizmatlardan foydalanish imkonini yaratadi. Ma’lumot uchun, 12-iyun kuni Raqamli rivojlanish vazirligi va Starlink o‘rtasida kompaniyaning Qozog‘iston qonunchiligiga rioya qilishi bo‘yicha kelishuv imzolangan edi.
“Mamlakatda hanuz borish qiyin bo‘lgan hududlar — yaylovlar, tog‘li qishloqlar, uzoqdagi korxonalar mavjud bo‘lib, Starlink ularga internet olib kirishda muhim rol o‘ynaydi”, dedi Raqamli texnologiyalar vaziri Jaslan Madiyev.
Hozirgacha Starlink Qozog‘istonda faqat sinov (pilot) rejimida ishlagan va yuqori tezlikdagi internetdan asosan qishloq maktablari foydalanayotgan edi. Endilikda esa xizmat barcha foydalanuvchilar uchun ochiq bo‘ladi.
Starlink — bu AQSHdagi SpaceX kompaniyasi (Ilon Mask asos solgan) tomonidan 2015-yilda ishlab chiqilgan va boshqariladigan sun’iy yo‘ldosh internet tizimi. Undan maqsad dunyoning istalgan nuqtasida, hatto eng olis va infratuzilmasiz hududlarda ham yuqori tezlikdagi internet taqdim etish sanaladi. Internet tezligi — odatda 50–250 Mbit/s oralig‘ida bo‘ladi.








