Daryo

Filippin va Hindiston harbiy floti ilk bor Janubiy Xitoy dengizida patrullik qilmoqda

Bu harakat Xitoyning bahsli hududdagi da’volariga qaratilgan

2 daqiqa o‘qish3 481 ko‘rishlar0 izoh0

Filippin va Hindiston harbiy dengiz floti Janubiy Xitoy dengizida ilk bor birgalikda patrul xizmatini o‘tamoqda. Bu haqda Filippin armiyasiga tayanib, Arab News xabar berdi.

Foto: Inquirer

Ma’lum qilinishicha, ikki kun davom etadigan patrul 3 ta hind harbiy kemasi ishtirokida 3-avgust kuni boshlangan. Ushbu tadbir Filippin prezidenti Kishik Ferdinand Markosning Hindistonga rejalashtirilgan tashrifi arafasida amalga oshirilmoqda. Tashrif davomida uning Hindiston bosh vaziri Narendra Modi bilan muzokaralar o‘tkazishi kutilmoqda.

“Patrul 3-avgust kuni tushdan keyin boshlangan. Hozirda dengizda ta’minot ishlari olib borilmoqda”, dedi filippinlik leytenant polkovnik Jon Pol Salgado.

Filippin Tashqi ishlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, prezident Markos Hindistonda huquq, madaniyat va texnologiyalar sohalarida bir nechta kelishuvlarni imzolashi rejalashtirilgan. Biroq asosiy e’tibor ehtimoliy mudofaa bitimlariga qaratiladi.

Ta’kidlanishicha, Filippin va Xitoy Janubiy Xitoy dengizidagi hududlarga da’vo qiladi. Bu esa ular orasida tez-tez ziddiyat kelib chiqishiga olib kelmoqda. Shu boisdan, so‘nggi bir yil ichida Filippin turli davlatlar bilan mudofaa hamkorligini kuchaytirgan. Pekinning Janubiy Xitoy dengizi hududlariga qilayotgan da’vosi xalqaro sud tomonidan asossiz deb topilgan.  

Ma’lumot uchun, Filippin oldinroq Hindistondan “BrahMos” gipertovushli raketalarini sotib olgan. Bu raketalar soatiga 3450 kilometr tezlikka ega. Ayni paytda, Hindiston va Xitoy orasida Himolay chegaralari borasida ziddiyat mavjud. Shuningdek, Dehli AQSH, Yaponiya va Avstraliyani o‘z ichiga olgan “Kvartet” guruhi a’zosi hisoblanadi. Xitoy esa ushbu ittifoqni o‘ziga qarshi tuzilgan harbiy blok deb hisoblaydi.

Janubiy Xitoy dengizi — Janubi Sharqiy Osiyoda joylashgan, strategik ahamiyatga ega bo‘lgan yirik dengizlardan biri bo‘lib, u geosiyosiy ziddiyatlar markazida turadi. Bu dengiz Osiyo-Tinch okeani mintaqasining muhim suv yo‘llaridan biri sanaladi. Uning maydoni taxminan 3,5 million kvadrat kilometr. Ushbu dengizda yuzlab orol, rif va qoyalar  mavjud. Ularning aksariyati kichik va kimsasiz bo‘lsa-da, hudud boy tabiiy resurslarga ega bo‘lganligi sababli bir qancha davlatlar unga da’vo qiladi. Xususan, Xitoy bu dengizning deyarli 90 foizini o‘ziniki qilishga harakat qiladi. 

Mirzayeva Dilafroʻz Safar qizi. 1999-yilda Toshkent viloyatida tavallud topgan. Millati — oʻzbek. 2024-yilda Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetining Sinxron tarjima yoʻnalishi magistr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar