Daryo

Xitoy AQSH va Filippinga keskin ogohlantirish berdi 

Pekin Janubiy Xitoy dengizida AQSH harbiy tayyorgarligining oshib borayotganidan norozi bo‘lyapti

1 daqiqa o‘qish8 819 ko‘rishlar0 izoh0

Xitoy mudofaa vazirligi AQSH va Filippin o‘rtasidagi so‘nggi harbiy hamkorlik, jumladan yangi qurol-yarog‘ bitimi va Yaponiya bilan qo‘shma patrul amaliyotiga keskin munosabat bildirdi. Rasmiy Pekin bu harakatlarni mintaqaviy barqarorlikka tahdid sifatida baholagan.

Xitoy qirg‘oq mudofaa xizmati Filippin kemasini ta’qib qilmoqda
Foto: Tarmoqdan

Vazirlik matbuot kotibi, polkovnik Chjan Syaogang chorshanba kuni bergan bayonotida Qo‘shma Shtatlarni “ikki tomonlama shartnomalarni bahona qilib, Janubiy Xitoy dengizi bo‘yicha bahslarga aralashish”da aybladi.

“AQSH o‘zining ittifoqchilik shartnomalariga tayangan holda Janubiy Xitoy dengizi masalasiga aralashyapti. Bu Xitoyning hududiy suvereniteti va dengiz huquqlarini buzadi, shuningdek, Xitoyni qo‘rqitishga urinishdir. Bu usul ish bermaydi”, dedi u.

Bundan avvalroq AQSH Filippin havo kuchlariga F-16 qiruvchi samolyotlarini sotish bitimini tasdiqlab, Yaponiya bilan birgalikda Janubiy Xitoy dengizida qo‘shma harbiy patrullar o‘tkazdi. Vashington bu mintaqaviy xavfsizlik va tahdidlarga qarshi chora ekanini aytadi. Pekin esa ularni keskinlikni kuchaytiruvchi xavfli provokatsiya sifatida qabul qilmoqda.

AQSH va Filippin harbiylari qo‘shma mashg‘ulot o‘tkazmoqda
Foto: The STAR / KJ Rosales

Chjan Filippin hukumatini Xitoyni doimiy ravishda “qo‘zg‘atib turish”da ayblab, bu harakatlar ortida AQSH boshchiligidagi tashqi kuchlar turganini ta’kidladi.

“Bu harakatlar ularning mintaqada beqarorlik yaratish niyatini to‘liq ochib berdi”, dedi Xitoy mudofaa vazirligi matbuot kotibi.

Xitoy rasmiysi Filippinni chet el yordami bilan dengizda “to‘lqin ko‘tarishga” urinishda ayblab, bunday strategiya Filippinning o‘ziga ziyon yetkazishidan ogohlantirdi.

“Boshqalarga suyanib, dengizda shovqin ko‘targanlar oxir-oqibat foydalanilgan va tashlab yuborilgan qo‘g‘irchoqqa aylanadi”, deya ta’kidladi Chjan.

U, shuningdek, Filippin hukumatini “haqiqatga zid illyuziyalardan voz kechib, muzokara va muloqot yo‘liga qaytishga” chaqirdi.

Andijonlikman, Toshkentda yashayman. Oʻzbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetini tamomlaganman. “Daryo” tahririyatida 2024-yil noyabr oyidan buyon muxbir sifatida ishlayman va siyosiy, ijtimoiy hamda harbiy yoʻnalishlarga ixtisoslashgan materiallar tayyorlayman. “If qaʼlasining mahbusi” filmini miriqib tomosha qilaman. Lev Tolstoyning asarlarini, ayniqsa, “Urush va tinchlik”ni yoqtiraman.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar