Daryo

Eron Tojikiston va Turkmaniston bilan temiryo‘l aloqasini yo‘lga qo‘yadi

Eronni Turkiya, Afg‘oniston va Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan bog‘laydigan ikkita yangi temiryo‘l yo‘nalishi ishga tushadi

1 daqiqa o‘qish15 378 ko‘rishlar0 izoh0

Eron Marv (Turkmaniston) va Dushanbe (Tojikiston) shaharlariga temiryo‘l qatnovlarini yo‘lga qo‘ymoqchi. Bu haqda Eron milliy temiryo‘l kompaniyasi bosh direktori Jabbor Ali Zakariy xabar berdi.

Foto: vista.ir

Yangi yo‘nalishlar Eronning transport infratuzilmasini zamonaviylashtirish va mintaqaviy hamkorlikni kuchaytirish strategiyasining bir qismi hisoblanadi.

Besh yillik tanaffusdan so‘ng Tehron — Van (Turkiya) yo‘nalishi qayta ishga tushirildi. Shuningdek, Turkmanistonning Marv va Tojikistonning Dushanbe shaharlari bilan temiryo‘l aloqasini o‘rnatish bo‘yicha tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda, dedi Zakariy.

U Eronni Turkiya, Afg‘oniston va Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan bog‘laydigan ikkita yangi temiryo‘l yo‘nalishi tez orada ishga tushirilishini aytdi. Yangi yo‘nalishlardan biri Tehronni Anqara bilan bog‘laydi, u yaqin ikki oy ichida faoliyatini boshlaydi. Ikkinchisi esa Tehron—Hirot yo‘nalishi bo‘lib, kelasi oy oxirigacha ishga tushadi.

Bu yo‘nalishlar odamlar va tovarlarni tashish, savdo va investitsiya sohalarida strategik loyihalarni amalga oshirish uchun yangi imkoniyatlar ochadi. Bunda sayyohlik poyezdlarini rivojlantirish muhim hisoblanadi.

Eron temiryo‘l tarmog‘i boy tarixiy va madaniy merosga ega va ushbu salohiyatdan turizm uchun foydalanish katta daromad keltirishi, shuningdek, mehmondo‘stlik sohasida yangi ish o‘rinlarini yaratishi mumkin, dedi Zakariy.

U Eronda har yili 150 dan 300 kilometrgacha yangi temiryo‘llar qurilishi, ammo tarmoqning to‘liq ishlashi uchun harakatlanuvchi tarkibni yangilash zarurligini aytdi. 2025-yilda mamlakatga 300 ta yangi yo‘lovchi vagoni olib kelinadi.

Shuningdek, Xitoy tomoni bilan yangi vagonlarni yetkazib berish bo‘yicha shartnoma imzolandi, dedi kompaniya rahbari.

Hozirda Tojikiston va Eron o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri havo qatnovi mavjud. Somon Air va Varesh Airline Dushanbe va Tehron o‘rtasida parvozlarni amalga oshiradi, Eron aviakompaniyasi esa Mashhad va Dushanbedan ortga ham parvoz qiladi.

Karimova Zulfiya Abduhakim qizi. 1999-yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. Millati — o‘zbek. 2023-yilda O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining xalqaro jurnalistika yo'nalishi bakalavr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar