Daryo

Xitoyda kabob tayyorlash bo‘yicha birinchi institut tashkil etiladi

Olovda go‘shtli taom tayyorlash Yueyan umumiy ovqatlanish iqtisodiyotining muhim qismiga aylangan

1 daqiqa o‘qish4 481 ko‘rishlar0 izoh0

Xitoyning Xunan viloyatidagi Yueyan shahrida kabob sanoati instituti ochiladi. Bu haqda China Daily nashri xabar bermoqda.

Foto: Getty Images

Ma’lum qilinishicha, Yueyan ochiq universiteti va Yueyan shahar kabob uyushmasi shahar hokimiyati yordamida mamlakatdagi ilk bunday kasbiy ta’lim muassasasini yaratish bo‘yicha kelishuvga erishgan.

“Institut hozirda kabob do‘konlari iqtisodiyoti bo‘lgan tizimni yanada tartibli va yaxlit tarmoq zanjiriga aylantiradi”, dedi Yueyan ochiq universiteti partiya tashkiloti kotibi Yue Yanxua.

Ta’kidlanishicha, olovda taom tayyorlash Yueyan umumiy ovqatlanish iqtisodiyotining muhim qismiga aylangan.

“Bu yerda 2 mingdan ortiq kabobxona mavjud bo‘lib, ularda 50 ming xodim mehnat qiladi. Ushbu sohaning yillik aylanmasi 2 milliard yuandan (280 million AQSH dollari) oshadi”, deb yozadi nashr.

Yueyan ochiq universiteti vitse-prezidenti Szyan Szunfuning ta’kidlashicha, kabob institutining tashkil etilishi mahalliy aholi, ayniqsa, yoshlarni ish bilan ta’minlashdagi muammolarga yechim bo‘ladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, mehnat bozoriga kirib kelayotgan ko‘plab maktab bitiruvchilari munosib ish topishda qiynalmoqda.

“Kabob sohasida ishlash kirish talablarining pastligi va daromadning nisbatan yuqoriligi tufayli ommalashdi”, deya qo‘shimcha qildi u.

Institut ziravorlar ishlab chiqarish, go‘shtni qayta ishlash, sabzavotlarni tayyorlash, logistika va faoliyat yuritish kabi kabob sanoatining butun zanjirini o‘rganadi va rivojlantirishni rejalashtiradi.

Kelgusi yildan boshlab institut har yili uch yillik kasbiy tayyorgarlik dasturiga 50 nafardan 100 nafargacha talabani qabul qiladi. Keng jamoatchilik uchun olti oydan bir yilgacha davom etadigan kurslar taklif etiladi. Ikkita asosiy yo‘nalish ishlab chiqilmoqda: biri kabob tayyorlash bo‘yicha, ikkinchisi biznesni boshqarish bo‘yicha.

Andijondanman. Oʻzbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti hamda Xalqaro Nordik universitetini (magistr) tamomlaganman. “Daryo”da 2019-yildan beri muxbir boʻlib ishlayman va maxsus materiallar, tenderlar, sud hukmlari, tarjimalar bilan shugʻullanaman. 2025-yilda “Oltin qalam” milliy mukofotini olganman. Tarixiy film va seriallarni koʻrishni xush koʻraman. Eng sevimli asarim Togʻay Murodning “Otamdan qolgan dalalar” kitobidir.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar