Daryo

Yevropa Ittifoqi byudjetining 20 foizi Kiyevga yo‘naltiriladi — DW

Rasmiy Budapesht Yevropa komissiyasining 2028—2034-yillarga mo‘ljallangan yangi byudjet bo‘yicha taklifini o‘rganib chiqib, shunday xulosaga kelgan

2 daqiqa o‘qish4 691 ko‘rishlar0 izoh3

Budapesht hisob-kitoblariga ko‘ra, Yevropa Ittifoqining 2028—2034-yillar uchun byudjetidagi har beshinchi yevro bevosita yoki bilvosita Ukrainaga yo‘naltiriladi. Bu haqda Vengriyaning Yevropa ishlari bo‘yicha vaziri Yanosh Boka Deutsche Welle nashriga bergan intervyusida ma’lum qilgan.

Foto: Getty Images

Yanosh Bokaning aytishicha, Yevropa Ittifoqining yangi byudjetidan taxminan 20 foizini Ukraina oladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, rasmiy Budapesht Yevropa komissiyasining 2028—2034-yillarga mo‘ljallangan yangi byudjet bo‘yicha taklifini o‘rganib chiqib, shunday xulosaga kelgan.

“Biz dastlabki tahlilni o‘tkazdik va ushbu taklif doirasida Ukraina nafaqat Ukraina jamg‘armasi mablag‘larini, balki to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki bilvosita ushbu yetti yillik davr uchun Yevropa Ittifoqi byudjetining taxminan 20 foizini olishini aniqladik. Bu byudjetdagi har beshinchi yevro bevosita yoki bilvosita Ukrainaga yo‘naltirilishini anglatadi. Menimcha, bu oqilona emas”, dedi u.

Hisob-kitob nimaga asoslangan?

Vengriya hukumati qanday qilib bunday xulosaga kelgani haqidagi savolga u Ukraina jamg‘armasidan 100 milliard yevrodan tashqari, Kiyev Yevropa tinchlik jamg‘armasidan foydalanishini, uning miqdori ikki baravar ko‘payib, 31 milliard yevroga yetganini va “bu mablag‘larning katta qismi Ukrainaga yo‘naltirilishini” tushuntirgan. Muxbirining Vengriya bu fondni to‘xtatib turganini aytishiga javoban, Boka gap amaliyot haqida emas, balki Yevrokomissiya taklifi haqida ketayotganini ta’kidlagan.

Bundan tashqari, Budapesht hisob-kitoblariga ko‘ra, mudofaa sanoati byudjeti besh baravarga oshirilgan, uning asosiy maqsadlaridan biri esa Ukraina va Ukraina mudofaa sanoatini qo‘llab-quvvatlashdir.

“Shuning uchun men bu mablag‘larning ham katta qismi Ukrainaga yo‘naltirilishini kutmoqdaman. Yevropa Ittifoqining Global Yevropa tashqi siyosat jamg‘armasi ham Ukraina bilan bog‘liq muammolarni moliyalashtirish imkonini beradi. Qo‘shimcha kredit liniyasini yaratish ko‘zda tutilmoqda, bu aslida Ukrainani kreditlar orqali moliyalashtirish nuqtai nazaridan cheksiz imkoniyatdir”, deydi Yanosh Boka.

Vazirning ta’kidlashicha, Budapesht ushbu maksimal ko‘rsatkichlarni qo‘shib, Yevropa Ittifoqi byudjetining 2028—2034-yillarga mo‘ljallangan 1,816 trillion yevro miqdoridagi umumiy summasiga e’tibor qaratgan holda foizlarni hisoblagan.

Bundan avval Yevropa Ittifoqi (YI) komissiyasi prezidenti Ursula fon der Lyayen Rossiya—Ukraina urushi boshlanganidan beri Kiyevga 165 milliard yevro atrofida yordam ko‘rsatilganini ma’lum qilgandi.

Iyun oyida Vengriya bosh vaziri Viktor Orban Ukrainani Yevropa Ittifoqi va NATOga qabul qilish mumkin emasligini, chunki bu G‘arb davlatlarining Rossiya bilan urushga kirishishiga olib kelishini bildirgandi.

Andijondanman. Oʻzbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti hamda Xalqaro Nordik universitetini (magistr) tamomlaganman. “Daryo”da 2019-yildan beri muxbir boʻlib ishlayman va maxsus materiallar, tenderlar, sud hukmlari, tarjimalar bilan shugʻullanaman. 2025-yilda “Oltin qalam” milliy mukofotini olganman. Tarixiy film va seriallarni koʻrishni xush koʻraman. Eng sevimli asarim Togʻay Murodning “Otamdan qolgan dalalar” kitobidir.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar