Daryo

HAMAS AQSH taklif etgan sulh rejasiga ijobiy javob berdi

Donald Tramp Isroil sulhga rozi bo‘lganini aytgan. Biroq Isroil bosh vaziri idorasi munosabat bildirgani yo‘q

1 daqiqa o‘qish4 796 ko‘rishlar0 izoh0

HAMAS G‘azo bo‘yicha AQSH vositachiligida taklif etilgan sulh rejasiga “ijobiy ruhda” javob berdi. Ular darhol muzokaralarga kirishga tayyor ekanini bildirdi. Reuters xabariga ko‘ra, reja 60 kunlik sulh, asirlar almashinuvi va urushni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvni ko‘zda tutadi. 

G‘azolik ayol farzandi bilan
 
Foto: Omar Al-Qattaa/AFP

AQSH prezidenti Donald Tramp yaqin soatlarda tomonlardan javob kutayotganini aytdi. HAMAS o‘z saytida ichki muhokamalar yakunlanganini va javob vositachilarga topshirilganini bildirdi. Ular taklifni jiddiy ko‘rib chiqishga tayyor. Biroq ayrim muammolar haligacha saqlanib qolmoqda.

HAMASga ittifoqchi guruh vakili gumanitar yordam, Rafah o‘tkazish punkti va Isroil armiyasining chiqish muddati bo‘yicha aniq reja yo‘qligini bildirdi.

Tramp Isroil bu taklifga rozi bo‘lganini aytgan. Biroq Isroil bosh vaziri idorasi hali rasmiy bayonot bermagan. Biroq Benyanim Netanyaxu avvalroq HAMAS qurolsizlantirilmaguncha muzokara bo‘lmasligini ta’kidlagan edi.

Isroil matbuoti xabariga ko‘ra, Tel-Aviv HAMASning javobini olgan va o‘rganmoqda. Tramp esa keyingi haftaga kelib sulh bo‘lishi mumkinligini aytgan.

Misr rasmiylari ham HAMAS javobini “umidli” deb baholagan, ammo ba’zi talablarni muhokama qilish kerakligini qo‘shimcha qilishgan.

Shu bilan vaqtda, Isroil G‘azoga hujumlarini davom etmoqda. So‘nggi 24 soatda kamida 138 nafar falastinlik halok bo‘lgan. Xon Yunis hududida havo hujumi sabab 15 kishi o‘lgan. Ular urushdan boshpana izlab chodirda yashayotganlar edi.

O‘z uylaridan ko‘chirilgan aholi Xon-Yunisda chodirlar tikib yashamoqda
Foto: EPA

Isroil armiyasi 100 ta nishonga zarba berganini va HAMAS pozitsiyalarini yo‘q qilganini ma’lum qildi.

Tel-Avivda esa garovga olingan isroilliklarning yaqinlari AQSH elchixonasi oldida namoyish o‘tkazdi. Ular Trampdan sulh bitimi orqali oila a'zolarini qaytarishni so‘rashdi.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, bitim amalga oshsa, 60 kunlik sulh davomida 10 nafar asir qaytarilishi va 18 nafar halok bo‘lgan isroillikning jasadi topshirilishi mumkin. Donald Tramp yaqin kelajakda Netanyaxu bilan Vashingtonda uchrashishi kutilmoqda.

Andijonlikman, Toshkentda yashayman. Oʻzbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetini tamomlaganman. “Daryo” tahririyatida 2024-yil noyabr oyidan buyon muxbir sifatida ishlayman va siyosiy, ijtimoiy hamda harbiy yoʻnalishlarga ixtisoslashgan materiallar tayyorlayman. “If qaʼlasining mahbusi” filmini miriqib tomosha qilaman. Lev Tolstoyning asarlarini, ayniqsa, “Urush va tinchlik”ni yoqtiraman.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar