Daryo

Meksikadagi “Erik” to‘foni mamlakatda yilning eng kuchli bo‘roniga aylandi

Uning markazida shamol tezligi 233 km/soatga yetgan

1 daqiqa o‘qish3 502 ko‘rishlar0 izoh0

“Erik” to‘foni Meksikaning Oaxaka shtatiga 4-toifali xavfli bo‘ron sifatida yopirildi. Hududda kuchli shamol va yomg‘irlarni  qo‘zg‘atib, mamlakatda yilning eng kuchli bo‘roni deb topildi. Bu haqda CNN xabar berdi.

Foto: KEYT

Dovul Meksikaning Punta Maldonado shahridan, taxminan, 32 km sharqqa ertalab soat 6 dan keyin yo‘nalgan. Uning markazida shamol tezligi 201 km/soatga yetgan.

“Erik” Meksikada iyulgacha sodir bo‘lgan birinchi yirik bo‘ron hisoblanib, u 3-toifaga kirardi. Ammo to‘fon 19-iyun kuni ertalab qirg‘oq yaqinida 233 km/soat shamol tezligi bilan 4-toifali shiddatli bo‘ronga aylanib ketgan.

Foto: The Washington Post

U 17—18-iyun kunlari juda tez kuchayib, atigi 24 soat ichida tropik bo‘rondan 4-toifali bo‘ronga aylangan. Global isish sharoitida bunday tabiiy ofatlar tez-tez va yanada kuchaygan holda sodir bo‘lmoqda.

Kuchli yomg‘ir va shamol Gerrero hamda Oaxaka qirg‘oqlariga ta’sir ko‘rsatdi, dedi 19-iyun kuni Meksika prezidenti Klaudiya Sheynbaum. U aholini uyda qolishga va hokimiyat ko‘rsatmalariga amal qilishga chaqirgan.

Akapulko porti 17-iyun kuni kechqurun yopilgan. Guerrero shtati hukumati Evelin Salgado Akapulko va boshqa plyajdagi barcha harakatlar kechki soat 8 da to‘xtatilishini aytgan. 18-iyun kuni butun shtat bo‘ylab maktablar 1 kunga yopilishi e’lon qilingandi. Salgadoning aytishicha, Gerrero bo‘ylab odamlar uchun 582 ta boshpana ajratilgan.

Foto: CNN

Sharqiy Tinch okean bo‘ronlari mavsumi may oyi o‘rtalarida boshlangan. “Erik” allaqachon mavsumning beshinchi bo‘roni hisoblanadi. To‘fon kamida tropik bo‘ron kuchiga yetganda nomlanadi. Meksika havzasida odatda iyul oyining o‘rtalarigacha ikkinchi dovul bo‘lmas edi.

Gerrero tog‘li hududlarining ba’zi qismlarida hafta oxirigacha 16 dyuymga yaqin yomg‘ir yog‘ishi mumkin. Bu hayot uchun xavfli bo‘lgan suv toshqini yoki selni keltirib chiqarishi aytilgan.

Mirzayeva Dilafroʻz Safar qizi. 1999-yilda Toshkent viloyatida tavallud topgan. Millati — oʻzbek. 2024-yilda Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetining Sinxron tarjima yoʻnalishi magistr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar