Daryo

Kim Chen In esminesning suvga tushirilishi paytida avariyaning guvohi bo‘ldi

Prezident hodisani “oddiy ehtiyotsizlik, mas’uliyatsizlik tufayli sodir bo‘lgan jiddiy avariya va jinoyat” deb baholagan

1 daqiqa o‘qish19 898 ko‘rishlar0 izoh0

Koreya Xalq Demokratik Respublikasida mamlakat rahbari Kim Chen In ishtirokidagi yangi esminesni suvga tushirilish marosimida baxtsiz hodisa yuz berdi. Suv sig‘imi besh ming tonna bo‘lgan harbiy kema mas’ul rahbariyatning xatosi tufayli shikastlangan. Bu haqda Koreya Markaziy telegraf agentligi xabar bermoqda.

Foto: Reuters

Marosim 21-may kuni Chxonjin shahrida o‘tkazilgan. Suvga tushirish jarayoni jiddiy texnik nosozlik bilan kechdi: noto‘g‘ri rahbarlik va boshqaruvdagi ehtiyotsizlik tufayli aravachaning parallel harakati ta’minlanmagan. Natijada kemaning quyruq qismi uchun mo‘ljallangan tushirish aravachasi muddatidan oldin stapeldan chiqib ketib, to‘siqqa urilgan. Bu esa muvozanat buzilishiga va kema tubining shikastlanishiga olib kelgan. Kemaning burun qismi esa stapeldan tushmay qolgan.

Foto: Getty Images

Voqeani kuzatib turgan Kim Chen In hodisani “oddiy ehtiyotsizlik, mas’uliyatsizlik tufayli sodir bo‘lgan, yo‘l qo‘yib bo‘lmaydigan jiddiy avariya va jinoyat” deb baholagan. U partiya markaziy qo‘mitasining iyun oyidagi plenumiga qadar kemani ta’mirlashni talab qilib, bu “davlat obro‘si” masalasi ekanligini ta’kidlagan.

Uning ta’kidlashicha, plenumda partiya Markaziy qo‘mitasi mudofaa sanoati xodimlari, Kim Chak nomidagi politexnika universiteti, Markaziy kema loyihalash instituti va Chxonjin kemasozlik korxonasi xodimlarining xatolari muhokama qilinadi.

Reuters’ning ta’kidlashicha, KXDR uchun falokat haqida ommaviy bayonot berish kamdan kam uchraydigan hodisa.

Agentlikning yozishicha, “Shimoliy Koreyada ilgari sun’iy yo‘ldoshning muvaffaqiyatsiz uchirilishi va turar joy binosining qulashi kabi falokatlar ro‘y bergan. Keyinchalik bu voqealar mamlakat rahbariyatining muammolarni hal qilishdagi rolini ko‘rsatish uchun foydalanilgan”.

Andijondanman. Oʻzbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti hamda Xalqaro Nordik universitetini (magistr) tamomlaganman. “Daryo”da 2019-yildan beri muxbir boʻlib ishlayman va maxsus materiallar, tenderlar, sud hukmlari, tarjimalar bilan shugʻullanaman. 2025-yilda “Oltin qalam” milliy mukofotini olganman. Tarixiy film va seriallarni koʻrishni xush koʻraman. Eng sevimli asarim Togʻay Murodning “Otamdan qolgan dalalar” kitobidir.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar