Daryo

Ispaniyada Ukrainaning sobiq prezidenti maslahatchisi otib ketildi

Uning ko‘krak sohasida to‘rtta va boshida bitta o‘q izi aniqlangan

2 daqiqa o‘qish5 557 ko‘rishlar0 izoh0

Ukraina sobiq prezidenti Viktor Yanukovichning sobiq maslahatchisi Andrey Portnov Ispaniya poytaxti Madriddagi maktab yonida otib o‘ldirildi. Bu haqda Cadena SER radiosi xabar berdi.

Foto: Reuters

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, ertalab 52 yoshli Andrey Portnov farzandlarini Madridning Posuelo-de-Alarkon tumanidagi maktabga olib borgan. Soat 09:15 da mashinasiga o‘tirmoqchi bo‘lgan paytda noma’lum shaxs unga bir necha bor o‘q uzgan. Olgan jarohatlari tufayli voqea joyida halok bo‘lgan.

Uning tanasida ko‘krak sohasida to‘rtta va boshida bitta o‘q izi aniqlangan.

Foto: Reuters

Huquq-tartibot idoralaridagi manbalarning aytishicha, Portnovni maktab kiraverishida bir necha kishi poylab turgan bo‘lgan. El Pais gazetasi ma’lumotlariga ko‘ra, ular ikki yoki uch kishi bo‘lgan. Qotillikdan so‘ng jinoyatchilar o‘rmonzor tomonga qochgan. Manbalar jinoyat sababi o‘ch olish bo‘lishi mumkinligini ta’kidlashmoqda. Hozirda voqea joyida tergovchilar ishlamoqda.

Portnov kim edi?

Andrey Portnov 1973-yilda Luganskda tug‘ilgan. 1997-yilda u Ukraina davlat tizimida faoliyatini boshlagan. To‘qqiz yildan so‘ng Oliy Rada deputati bo‘lgan. Bundan tashqari, u sobiq bosh vazir Yuliya Timoshenko jamoasining bosh yuristi lavozimida ishlagan.

2010-yilda Portnov prezident Yanukovich ma’muriyati rahbari o‘rinbosari etib tayinlangan. Shuningdek, u Sud-huquq islohotlari va sud tizimi masalalari bo‘yicha bosh boshqarma rahbari bo‘lgan. Portnov 2014-yil fevraligacha davlat rahbari ma’muriyatida ishlagan, hokimiyat almashganidan so‘ng Ukrainani tark etib, xususiy advokatlik faoliyati bilan shug‘ullana boshlagan. Shu davr mobaynida u turli mamlakatlarda istiqomat qilgan.

Portnovga nisbatan Yevropa Ittifoqi va Kanada sanksiyalar joriy etgan, ammo 2015-yilda u sudda g‘alaba qozonib, cheklovlar bekor qilingan. Ukrainada esa uni lavozimini suiiste’mol qilib mulk o‘zlashtirishda ayblashib, qidiruvga bergan. Biroq ma’lum vaqt o‘tgach, go‘yoki uni topa olishmadi, degan bahona bilan qidiruv bekor qilingan.

Ukraina ommaviy axborot vositalarining xabar berishicha, Portnov Ukrainaning amaldagi prezidenti Vladimir Zelenskiy jamoasi bilan hamkorlik qilgan. Ularga Oliy Radani tarqatib yuborish bo‘yicha maslahat bergan. Ma’muriyat bu kabi mish-mishlarni inkor etgan. Shunday bo‘lsa-da, 2019-yilda Portnov Ukrainaga qaytib kelib, u yerda huquqshunos sifatida faoliyat yuritgan. U mamlakatning sobiq prezidenti Pyotr Poroshenkoni davlatga xiyonat qilish, hokimiyatni egallab olishga urinish va xizmat vakolatlarini suiiste’mol qilishda ayblagan, shundan so‘ng sobiq prezidentga nisbatan tergov boshlangan. Portnov shuningdek, Ukrainaning ekstremistik “Mirotvores” sayti ma’lumotlar bazasida ham ro‘yxatga olingan.

Andijondanman. Oʻzbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti hamda Xalqaro Nordik universitetini (magistr) tamomlaganman. “Daryo”da 2019-yildan beri muxbir boʻlib ishlayman va maxsus materiallar, tenderlar, sud hukmlari, tarjimalar bilan shugʻullanaman. 2025-yilda “Oltin qalam” milliy mukofotini olganman. Tarixiy film va seriallarni koʻrishni xush koʻraman. Eng sevimli asarim Togʻay Murodning “Otamdan qolgan dalalar” kitobidir.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar