Portugaliyalik hujumchi Krishtianu Ronalduning kelajagi hozirgacha noma’lum bo‘lib qolmoqda. Angliyaning Mirror nashri tarqatgan ma’lumotlarga ko‘ra, futbolchiga turli qit’alardan beshta klub da’vogarlik qilmoqda.

Manbaning xabariga ko‘ra, Ronalduning xizmatlariga Portugaliyaning “Sporting”, Saudiya Arabistonidan “Al-Ahli”, AQShning “Los-Anjeles”, Angliyaning “Chelsi” klubi hamda Turkiyaning “Beshiktosh” klublari jiddiy qiziqish bildirmoqda.
Ayni damda 40 yoshli Krishtianu Ronaldu “An-Nassr” safida to‘p surmoqda. Klub Saudiya Arabistoni Pro Ligasida to‘rtinchi o‘rinni egalladi va keyingi mavsum Elit Osiyo Chempionlar yo‘llanmasiga ega chiqa olmadi. Shu bois ko‘plab OAVda hujumchi shartnomasi yakunlangach, riyodliklar safini tark etishi borasida xabar tarqaldi.
Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda Krishtianu vataniga qaytmoqchi ekanligi borasida xabarlar chiqqan edi. U faoliyatini boshlagan klub — “Sporting” safida karyerasini tugatishni istayotgani aytilgandi.
Ma’lumot uchun, uning “An-Nassr” klubi bilan tuzgan shartnomasi yakunlanishiga atigi olti hafta vaqt qolgan. U joriy mavsum Riyod klubi tarkibida 39 ta uchrashuvda maydonga tushib, o‘z hisobiga 33 ta gol hamda 3 ta assist yozdirib qo‘ygan. Transfermarkt portali hujumchining qiymatini 12 million yevroga baholagan.
Izoh (0)