Daryo

Xitoy avtomobil va elektronika uchun zarur metallar eksportini chekladi

Cheklovdagi metallar avtomobilsozlik, dronlar, robotlar, raketalar va fazoviy apparatlar uchun muhim hisoblanadi

1 daqiqa o‘qish8 576 ko‘rishlar0 izoh0

Xitoy avtomobilsozlik, aerokosmik sanoat, chip ishlab chiqarish va harbiy sanoat uchun zarur metallar eksportiga cheklovlar kiritdi. Bu haqda mamlakat Savdo vazirligiga tayanib, The New York Times xabar berdi.

Foto: Getty Images

Endilikda eksportchilar og‘ir nodir yer metallari va magnitlarni tashish uchun maxsus litsenziya olishi shart. Litsenziya berish tizimi endigina yo‘lga qo‘yilmoqda, bu esa jarayonning cho‘zilishiga olib kelishi mumkin.

Yangi tartiblar ishlab chiqilayotgan bir paytda, Xitoydagi ko‘plab portlarda magnitlar yetkazib berish to‘xtatilgan. 

Eksport cheklovlari global ta’minot zanjirlariga “darhol va strategik ta’sir” ko‘rsatishi mumkin, deb yozadi Holland & Knight yuridik firmasi.

Og‘ir nodir yer metallari avtomobilsozlik, dronlar, robotlar, raketalar va fazoviy apparatlar uchun zarur bo‘lgan magnitlar tayyorlashda ishlatiladi. Bu metallar, shuningdek, reaktiv dvigatellar, lazerlar, avtomobil faralari va ba’zi o‘t oldirish shamlarini ishlab chiqarish uchun kimyoviy moddalar tarkibiga kiradi.

Xitoy dunyo bo‘yicha nodir yer magnitlarining 90 foizini yetkazib beradi, deydi CRU tadqiqot markazi.

Bu magnitlar Xitoyning AQSHga bo‘lgan eksportida juda kichik ulushni tashkil etadi. Shuning uchun Xitoy iqtisodiy jihatdan katta yo‘qotishga uchramaydi. Biroq cheklovlar boshqa davlatlar uchun jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkin.

Savdo urushi doirasida AQSH prezidenti Donald Tramp Xitoyga qarshi boj stavkalarini joriy qilgan va ularning umumiy hajmi 145 foizga yetgan. Trampning har bir boj oshirishiga javoban Pekin ham xuddi shunday choralar ko‘rgan. Natijada, AQSH mahsulotlariga nisbatan boj stavkalarini 125 foizga oshirgan. Xitoy bu borada “urishishni istamasligini, lekin undan qo‘rqmasligini” aytgan.

Karimova Zulfiya Abduhakim qizi. 1999-yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. Millati — o‘zbek. 2023-yilda O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining xalqaro jurnalistika yo'nalishi bakalavr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar