Daryo

Tramp NASA ilmiy byudjetini ikki baravarga qisqartirmoqchi 

Agar bu amalga oshsa, Marsdan tuproq olib kelish va kosmik teleskop missiyalari xavf ostida qoladi

2 daqiqa o‘qish4 782 ko‘rishlar0 izoh0

AQSH prezidenti Donald Tramp 2026-yil uchun NASA taqdiqotlariga ajratiladigan mablag‘ni deyarli ikki baravarga qisqartirishni taklif qildi. Bu haqda Bloomberg agentligi xabar bermoqda.

Taklifda agentlikning bir qancha yirik loyihalari, jumladan, Marsdan tuproq namunalarini olib kelish missiyasi va yangi kosmik teleskop uchirish rejalari uchun mablag‘ ajratilmasligi nazarda tutilgan.

Ilm-fan loyihalari keskin qisqartiriladi

Tramp ma’muriyati tomonidan NASAga yuborilgan dastlabki byudjet loyihasiga ko‘ra, agentlikning ilmiy missiyalar bo‘limiga ajratiladigan mablag‘ 7,3 mlrd dollardan 3,9 mlrd dollargacha kamaytiriladi. Qirqartmalar asosan Yer haqidagi tadqiqotlar bo‘limi (50 foiz) va Astrofizika bo‘limlariga (70 foiz) taalluqli bo‘ladi. 

Hozircha bu raqamlar tasdiqlanmagan. Bloomberg NASA vakillari bilan bog‘lanib, byudjet loyihasi ko‘rib chiqilayotganini aniqlagan, biroq qolgan tafsilotlar ochiqlanmagan.

Roman teleskopi bekor qilinishi mumkin

Oq uy taklifga ko‘ra, Jeyms Uebb va Habbl teleskoplari uchun moliyalashtirish saqlanib qoladi. Biroq hujjatda Nancy Grace Roman teleskopi haqida hech narsa deyilmagan — bu loyiha bekor qilinishi mumkinligidan darak beradi. Roman teleskopi 2026-yil kuzida uchirilishi rejalashtirilgan bo‘lib, umumiy qiymati 4,3 milliard dollarga baholangan.

Ammo bu hammasi emas. Tramp ma’muriyati NASAning MSR, ya’ni Marsdan Yerga tuproq olib kelish dasturi uchun ham mablag‘ ajratmagan. Dastur bo‘yicha ishlar 2021-yili boshlangan edi. Ammo 2024-yili tashkilot loyiha xarajatlari rejalashtirilganidan ancha oshib ketganini tan olgan.

NASA mutaxassislari Mars tuprog‘ini olishni Yerda mashq qilmoqda
Foto: Space.com

NASA loyiha davomiyligini ta’minlash uchun xususiy kosmik kompaniyalardan takliflar olishga majbur bo‘ldi. Ular strategiyani 2026-yil ikkinchi yarmida qayta ko‘rib chiqishi kutilmoqda.

Tramp tomonidan agentlik rahbari lavozimiga ko‘rsatilgan nomzod milliarder va SpaceX sarmoyadori Jared Ayzekmen bo‘lib, u Senatdagi tinglov paytida quyidagicha bayonot bergan:

“Mening ilm-fanga ishtiyoqim baland va NASA koinot sirlarini ochishda davom etishini istayman”.

Ammo taklif etilgan byudjet aksincha — Mars, fazoviy tadqiqotlar va Yer kuzatuvlari kabi dasturlar uchun mablag‘ ajratishni keskin qisqartirmoqda.

Bloomberg yozishicha, Ilon Mask rahbarlik qilayotgan Hukumat samaradorligi departamenti (DOGE) xodimlariga NASA tizimlari va ishchilariga oid maxfiy ma’lumotlarga 24/7 kirish huquqi berilgan.

Andijonlikman, Toshkentda yashayman. Oʻzbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetini tamomlaganman. “Daryo” tahririyatida 2024-yil noyabr oyidan buyon muxbir sifatida ishlayman va siyosiy, ijtimoiy hamda harbiy yoʻnalishlarga ixtisoslashgan materiallar tayyorlayman. “If qaʼlasining mahbusi” filmini miriqib tomosha qilaman. Lev Tolstoyning asarlarini, ayniqsa, “Urush va tinchlik”ni yoqtiraman.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar