Daryo

Amerikaliklar Trampning Rossiya bilan yaqin aloqalaridan xavotirda — OAV

AQSH prezidentining Kremlga munosabati, shuningdek, yangi hududlarni egallash haqidagi bayonotlari amerikaliklarning ko‘pchiligi tomonidan ma’qullanmayapti

1 daqiqa o‘qish6 047 ko‘rishlar0 izoh0

Amerikaliklarning yarmidan ko‘pi, jumladan, har to‘rtinchi respublikachi prezident Donald Trampni Rossiya bilan juda yaqin aloqada deb hisoblaydi. Buni Reuters/Ipsos tomonidan o‘tkazilgan so‘rov natijalari ko‘rsatmoqda.

Ikki kun davom etgan so‘rov natijalariga ko‘ra, respondentlarning 56 foizi nazdida Tramp Moskva bilan haddan tashqari yaqin munosabatga kirishmoqda. Mazkur qarashni demokratlarning 89 foizi, respublikachilarning esa 27 foizi qo‘llab-quvvatlagan. 40 foiz respondentlar Oq uy rahbarining Rossiya bilan munosabatlari borasidagi xavotirlarni rad etgan. Yana 4 foizi esa javob bermagan.

G‘arbning kollektiv institutlari jiddiy sinovdan o‘tmoqda

Tramp ikkinchi prezidentlik muddatini boshlaganidan beri AQSH tashqi siyosatini keskin o‘zgartirdi. Jumladan, Vladimir Zelenskiyni Rossiya bilan tinchlikka intilmayotganlikda ayblab, ochiq tanqid qildi. Shuningdek, Kiyevni muzokaralarga majburlash uchun harbiy yordam va razvedka ma’lumotlari almashinuvini to‘xtatib qo‘ydi. 

Trampning Rossiyaga bilan iliq munosabatlari, o‘z navbatida, Yevropa poytaxtlarini tashvishga solmoqda. Bu NATO a’zolarini Vashingtonga bog‘liqlikni kamaytirib, o‘z xavfsizligi haqida mustaqil qayg‘urishga undamoqda.

Donald Trampning bayonotlari fonida “Yevropa armiyasi” loyihasi yana kun tartibiga qaytdi
Foto: Friends of Europe

Reuters/Ipsos so‘rovi shuningdek, aksar amerikaliklar Trampning Ukrainaga yordam berish bo‘yicha “o‘ziga xos” yondashuvini qo‘llab-quvvatlayotganini ko‘rsatdi. So‘ralganlarning 44 foizi AQSH Kiyevni qo‘llab-quvvatlash evaziga uning mineral resurslaridan ulush olishi kerak, degan fikrni ma’qullagan. Ushbu g‘oyani respublikachilarning uchdan ikki qismi, demokratlarning esa beshdan biri yoqlab chiqqan. 

Trampning hududiy ekspansiya rejalari hammaga ham ma'qul emas

So‘rov natijalariga ko‘ra, amerikaliklar Trampning AQSH hududini kengaytirish bo‘yicha rejalarini ma'qullamaydi. Oq uy rahbari Grenlandiyani sotib olish, Kanadani 51-shtatga aylantirish, Panama kanalini nazoratga olish, G‘azoga ega chiqish haqida bir necha bor gapirgan. So‘rov ishtirokchilari uning bu bayonotlarini jiddiy qabul qilmagan.

Andijonlikman, Toshkentda yashayman. Oʻzbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetini tamomlaganman. “Daryo” tahririyatida 2024-yil noyabr oyidan buyon muxbir sifatida ishlayman va siyosiy, ijtimoiy hamda harbiy yoʻnalishlarga ixtisoslashgan materiallar tayyorlayman. “If qaʼlasining mahbusi” filmini miriqib tomosha qilaman. Lev Tolstoyning asarlarini, ayniqsa, “Urush va tinchlik”ni yoqtiraman.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar