Daryo

Yevroittifoq komissari Yozef Sikela O‘zbekistonga keladi

Tashrif doirasida transport, energetika, yangi ish o‘rinlari yaratish va boshqa masalalar muhokama qilinadi

2 daqiqa o‘qish4 267 ko‘rishlar0 izoh0

2025-yilning 12–18-mart kunlari Yevropa ittifoqining xalqaro hamkorlik bo‘yicha komissari Yozef Sikela Markaziy Osiyoga tashrif buyuradi. Bu haqda O‘zbekistondagi Yevropa ittifoqi delegatsiyasi “Daryo”ga maʼlum qildi.

Yozef Sikela
Foto: O‘zbekistondagi Yevropa ittifoqi delegatsiyasi

Manbaga ko‘ra, tashrifdan Yevropa ittifoqi va Markaziy Osiyo hamkorligini rivojlantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va barqaror iqtisodiy o‘sishni kuchaytirishga yo‘naltirilgan Global Gateway (“Global darvoza”) investitsion strategiyasini kengaytirish maqsad qilingan.

“Global darvoza” strategiyasining asosiy yo‘nalishlaridan biri transportdir. Komissar mintaqa vakillari bilan uchrashuvlarda Transkaspiy transport yo‘lagini rivojlantirish orqali yuk va yo‘lovchilar tashish vaqtini qisqartirish hamda savdo darajasini oshirishni muhokama qilmoqchi.

Shu bilan birga, muloqotlarda strategiya doirasida ilg‘or tajribalarni tatbiq etish, yangi ish o‘rinlari yaratish va iqtisodiy barqarorlikni oshirish, raqamli tafovutni kamaytirish va yuqori tezlikdagi internetga xavfsiz kirishni kengaytirish masalalariga eʼtibor qaratiladi.

O‘z navbatida suv, energetika va iqlim masalalari, jumladan mustahkam infratuzilma barpo etish, arzon va ekologik toza energiya manbalari taʼminotini kengaytirish bo‘yicha muzokaralar ko‘zda tutilgan. Tashrif doirasida mazkur yo‘nalishlarga doir shartnomalar imzolanishi kutilmoqda.

“Markaziy Osiyo Yevropa ittifoqining muhim hamkori bo‘lib, bizning hamkorligimiz kelajakda katta salohiyatga ega. Bugungi global muammolar mustahkam hamkorlik zarurligini yana bir bor tasdiqlaydi va men ushbu safar davomida aynan shuni kuchaytirishga intilaman. Mening maqsadim Yevropa ittifoqi va Markaziy Osiyo hamkorlari bilan birgalikda amalga oshirilayotgan Global Gateway loyihalariga eʼtibor qaratishdir. Ushbu loyihalar yangi ish o‘rinlari yaratish, biznes imkoniyatlarini kengaytirish va taʼlimdan tortib zamonaviy infratuzilmaga qadar muhim xizmatlarni yaxshilashga yordam beradi”, deya maqsadini bayon qilgan komissar.

Xabar qilinishicha, Yozef Sikela tashrifini Turkmanistondan boshlab, hukumat rahbarlari va xususiy sektor vakillari bilan uchrashadi. Transkaspiy transport yo‘lagining strategik nuqtalaridan biri bo‘lgan Turkmanboshi portida bo‘ladi. 

Qozog‘istonda yuqori martabali hukumat vakillari bilan uchrashuvlar, transport va muhim xom ashyo sohalaridagi ikki tomonlama va mintaqaviy kelishuvlarni imzolash marosimi o‘tkaziladi. Shuningdek, Yevropa ittifoqi va qozog‘istonlik biznes vakillari bilan muloqot rejalashtirilgan.

Komissar Tojikistonda ham hukumat vakillari bilan uchrashadi. Yashil energiyaga o‘tish jarayoni va mahalliy paxta sanoatini qo‘llab-quvvatlash loyihalari bo‘yicha kelishuvlarni imzolash marosimida ishtirok etadi. O‘z navbatida Rog‘un GESga tashrif buyurib, kelajakda loyihani qo‘llab-quvvatlash imkoniyatlarini ko‘rib chiqadi.

Qirg‘izistonda ham hukumat vakillari bilan uchrashuv o‘tkazadi va suv, energetika, transport hamda inson kapitalini rivojlantirishga oid loyihalar bo‘yicha shartnomalar imzolaydi. Komissar Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki va Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan investitsiya imkoniyatlarini muhokama qiladi. Kun tartibida Kambarota-1 GESini qurish bo‘yicha potensial qo‘llab-quvvatlash masalasi ham bor. 

Yozef Sikelaning tashrifi O‘zbekistonda yakunlanadi. Toshkentda komissar yuqori martabali hukumat vakillari bilan uchrashib, Olmaliq kon-metallurgiya kombinatiga tashrif buyuradi. O‘zbekistonlik va yevropalik tadbirkorlar bilan muloqot qiladi. Raqamli aloqalar sohasida mintaqaviy loyihalar bo‘yicha kelishuvlarni imzolash marosimida qatnashadi. 

Komissar tashrifi aprel oyi boshida o‘tkaziladigan dastlabki Yevropa ittifoqi — Markaziy Osiyo sammiti va iyun oyiga rejalashtirilgan Global Gateway forumi oldidan amalga oshirilmoqda.

Farg‘onadanman. Oʻzbekiston Milliy universitetini tamomlaganman. “Daryo”da 2022-yildan beri muxbirman. Iqtisodiy-siyosiy voqealarni yoritib boraman. Yoqtirgan kinolarimdan biri — “Shoushenkdan qochish”. Oxirgi o‘qilgan kitoblardan iqtisodchi olimlar Daron Ajemo‘g‘li va Jeyms Robinson hammuallifligidagi “Mamlakatlar tanazzuli sabablari…” kitobi yoqdi.

Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar