G‘arbiy Afrika mamlakatlaridagi fermerlar kuchli issiqlik va qurg‘oqchilikka duch kelmoqda, bu esa allaqachon kakao hosilining pasayishiga sabab bo‘ldi. Iqlim o‘zgarishi global kakao ishlab chiqarishining 70 foizini ta’minlaydigan hududlarda bir necha haftalik kuchli issiqlikni keltirib chiqardi. Climate Central yangi tadqiqotini e’lon qildi.
Tadqiqotga ko‘ra, eng yirik kakao yetkazib beruvchilar — Kot-d’Ivuar va Ganada vaziyat murakkablashgan. Olimlar 44 ta hududdan olingan ma’lumotlarni tahlil qilib, so‘nggi o‘n yillikda asosiy o‘sish mavsumida harorat 32 darajadan yuqori bo‘lgan kunlar soni uch haftaga oshganini aniqladi. Kuzatuvlar tarixidagi eng issiq 2023-yilda bu ko‘rsatkich 42 kunga yetgandi.
Bunday issiqlik hosil miqdori va sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda, bu esa allaqachon kakao narxining oshishiga olib kelgan. Olimlar boshqa xavf omillari qatoriga qurg‘oqchilik, o‘simlik kasalliklari, beqaror yog‘ingarchilik va hatto kontrabandani ham kiritmoqda.
Missisipi shtati universiteti xodimi Narsisa Prikopning so‘zlariga ko‘ra, fermerlar issiqxona gazlari chiqindilari oqibatlari tufayli “ekzistensial tahdid”ga duch kelgan. Agar tendensiya davom etsa, jahon shokolad sanoati yanada jiddiy muammolarga duch kelishi mumkin.
Yog‘ingarchilik va hasharotlar tarqatadigan infeksiyalar kabi ko‘plab omillar kakao daraxtlariga ta’sir qilsa-da, anomal issiqlik hosilning miqdori va sifatini pasaytirishga olib kelishi mumkin. Bu esa shokolad narxlarining oshishiga va G‘arbiy Afrika mamlakatlari mahalliy iqtisodiyotiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Tadqiqotchilarning fikriga ko‘ra, kakao daraxtlari atrof-muhit o‘zgarishlariga juda sezgir. Ular harorat va namlikning ma’lum bir muvozanatini talab qiladi. Bu muvozanat buzilganda daraxtlar kam hosil bera boshlaydi yoki kasallanadi.

Shokolad ishlab chiqaruvchilar va fermerlar vaziyatga moslashishga harakat qilmoqda. Masalan, ular daraxtlar uchun soya yaratish yoki chidamliroq navlardan foydalanish kabi kakao yetishtirishning yangi usullarini sinab ko‘rmoqda. Lekin bu choralar iqlim o‘zgarishi oqibatlarini hali to‘liq qoplay olmaydi.
2024-yil holatiga ko‘ra, jahon shokolad sanoatining qiymati 127,9 milliard AQSH dollarini tashkil etadi. Ko‘plab odamlar shokolad iste’moli ahamiyatini e’tibordan chetda qoldirsa-da, shokolad bizning hayotimizda muhim rol o‘ynaydi — kayfiyatni ko‘tarishdan tortib mukammal sovg‘a qilishgacha.








