2000-yilda prezidentlik kursini egallaganidan bir necha oy o‘tib Vladimir Putin Rossiyaning eng ko‘z ko‘ringan oligarxlarini Kremlga to‘pladi. U yirik biznes egalari uchun yangi o‘yin qoidalarini tushuntirarkan, o‘z boyliklarini saqlab qolishni istaganlar siyosatdan uzoqroq yurishi kerakligini uqtirdi. Biroq bu “Semibankirshchina” deb atalgan maxfiy oligarxlar guruhiga yoqmadi. Chunki ular sobiq prezident Boris Yelsinni har maqomga yo‘rg‘alatishgandi. Kremldagi yig‘ilish Putin va yirik kapital egalari o‘rtasidagi katta urushning ibtidosi bo‘ldi.

Imperiyaning qulashi va talon-toroj etilishi
1991-yil boshida Sovet Ittifoqining inqirozi yaqqol sezilib turardi va ko‘plab siyosiy tahlilchilar, davlat rahbarlari hamda xalq bu jarayonning muqarrar ekanini tushunib yetgandi. Ittifoqning muqarrar qulashini oldindan sezgan ichki doiradagi shaxslar, jumladan, Nikolay Kruchina, Viktor Gerashchenko va Leonid Veselovskiy sovet davridagi amaldorlarning taʼsirini saqlab qolish maqsadida maxsus rejalashtirish guruhini tuzishadi.
Ular Rossiya davlat aktivlarini offshor shell-kompaniyalarga o‘tkazish orqali mamlakat boyliklarini talon-toroj qilish rejasini amalga oshiradi. Shunday kompaniyalardan biri — FIMACO bo‘lib, u orqali taxminan 50 milliard dollar Rossiyadan qonunga zid ravishda olib chiqib ketiladi. Rossiya Markaziy banki rahbari esa FIMACO orqali amalga oshirilgan pul o‘tkazmalarini yashirish bo‘yicha maxsus memorandum yo‘llagan.
Aynan mana shunday talonchilik natijasida kelajakdagi oligarxlarning boyligi uchun zarur bo‘lgan likvid kapital (tezkorlik bilan pulga aylantirilishi mumkin bo‘lgan moliyaviy aktivlar va resurslar – tahr.) yaratildi. Ushbu sxemadan dastlab foyda ko‘rgan shaxslardan biri Mixail Xodorkovskiy bo‘lib, u o‘z faoliyatini Sovet byurokratlaridan biri sifatida boshlagan va keyinchalik “Yukos” neft konglomeratini tuzgan.
Xodorkovskiyning “Yukos” kompaniyasi FIMACO bilan bevosita bog‘langan edi. Bu kelishuv evaziga Viktor Gerashchenko keyinchalik Xodorkovskiy tomonidan “Yukos”ning boshqaruv kengashi raisi lavozimiga tayinlanadi.
1991-yilning avgust oyida qariyb 9 milliard dollar qiymatidagi ulkan davlat aktivlarini boshqargan davlat g‘aznachisi, mamlakatning oltin zaxiralari uchun masʼul bo‘lgan amaldor – Nikolay Kruchina kutilmaganda o‘zining derazasidan qulab halok bo‘ladi. Oradan ikki oy o‘tib, uning o‘rnini egallagan Georgiy Pavlov ham derazadan qulab o‘ladi. Bu sirli qotilliklar ortida bo‘lajak Rossiya Federatsiyasining oligarxlari turgan bo‘lib, ular shu orqali o‘z izlarini yo‘q qilayotgan edi.
1991-yilning sentyabr oyida Rossiya Markaziy banki Kremlning oltin zaxiralari tushunarsiz ravishda 1000-1500 tonnadan 240 tonnagacha kamayib ketganini eʼlon qildi. Ikki oy o‘tgach, Rossiya Markaziy banki raisi – Viktor Gerashchenko Rossiya oltin zaxiralari butunlay yo‘q bo‘lganini rasman tasdiqladi.
Rossiya jamoatchiligi bu xabardan dahshatga tushgan bo‘lsa-da, Yevropa bankirlari bunga unchalik hayratlanmadi. Chunki bank doiralarida Sovet transport samolyotlari oylab Shveysariyaga qatnab, ulkan miqdorda oltin sotib yuborayotgani haqida mish-mishlar allaqachon tarqalgandi.
Shu orada Rossiya Federatsiyasining prezidenti Boris Yelsin mamlakat aktivlarini xususiylashtirish rejalarini eʼlon qiladi va haqiqiy talonchilik aynan shundan keyin boshlandi.
“Yetti boyar” hukmronligi
1990-yillarda Rossiyada bozor iqtisodiyotiga o‘tish jarayonida bir qator shaxslar davlat mulkini xususiylashtirish va boshqa iqtisodiy islohotlardan foydalanib, katta boylik to‘pladi. Boris Berezovskiy, Mixail Xodorkovskiy, Mixail Fridman, Pyotr Aven, Vladimir Gusinskiy, Vladimir Potanin va Aleksandr Smolenskiy shular jumlasidan.
Boris Berezovskiy 1990-yillarning boshlarida “AvtoVAZ” kompaniyasining aksiyalarini sotib olib, avtomobil savdosi orqali katta daromad oladi. Shuningdek, u “Sibneft” neft kompaniyasini xususiylashtirishda ishtirok etib, neft sanoatida ham boylik orttiradi. Berezovskiy asta-sekin ommaviy axborot vositalariga ham sarmoya kiritib, “ORT” telekanalini nazorat qiladi va shu tariqa siyosiy taʼsirga ega bo‘ladi.
Mixail Xodorkovskiy 1980-yillarning oxirida kichik biznes bilan shug‘ullangan. 1990-yillarda u “Menatep” bankini tashkil etib, davlat korxonalari va resurslarini xususiylashtirish jarayonida faol ishtirok etadi. U “Yukos” neft kompaniyasini sotib olib, uni Rossiyaning eng yirik neft ishlab chiqaruvchilaridan biriga aylantiradi. Xodorkovskiy moliyaviy va siyosiy taʼsirga ega bo‘lib, mamlakatning eng boy kishilaridan biriga aylanadi.
Mixail Fridman va Pyotr Aven birgalikda “Alfa Group”ni tashkil etadi. Ular dastlab savdo va moliya sohalarida faoliyat yuritib, keyinchalik neft, telekommunikatsiya va bank sohalariga sarmoya kiritishadi. “Alfa Bank” Rossiyaning eng yirik xususiy banklaridan biriga aylanadi. Ularning muvaffaqiyati diversifikatsiyalangan sarmoya portfeli va iqtisodiy islohotlardan samarali foydalanish bilan bog‘liq.
Vladimir Gusinskiy dastlab qurilish biznesi bilan shug‘ullangan. Keyinchalik u ommaviy axborot vositalariga eʼtibor qaratib, “Most Group”ni tashkil etadi va “NTV” telekanalini ishga tushiradi. Uning media imperiyasi unga siyosiy taʼsir va moliyaviy muvaffaqiyat keltiradi.
Vladimir Potanin davlat xizmatida ishlagan va keyinchalik “Interros” investitsiya kompaniyasini tashkil etgan. U “Siyosiy qarzlar evaziga aksiyalar” dasturini ishlab chiqishda ishtirok etib, davlat korxonalarini xususiylashtirishda muhim rol o‘ynadi. Natijada “Norilsk Nikel” kabi yirik kompaniyalarni nazorat qila boshlaydi va sanoat sohasida katta boylik orttiradi.
Aleksandr Smolenskiy 80-yillarda qurilish va savdo sohalarida faoliyat yuritgan. 90-yillarda esa “Stolichniy Bank”ni tashkil etib, bank sohasida muvaffaqiyat qozonadi. Shuningdek, u turli sanoat va media loyihalariga sarmoya kiritib, boyligini oshiradi.
Yuqorida sanab o‘tgan yetti nafar rossiyalik oligarx o‘zaro kelishgan holda maxfiy guruh tashkil etadi. Bu guruh o‘zini “Semibankirshchina” deb nomlaydi. Aslida bu nom XVII asrda Rossiyani boshqargan “Yetti Boyar” (1610–1612-yillar oralig‘ida Rossiyani boshqargan yetti nafar boyardan iborat vaqtinchalik hukumat – tahr.) ga ishora edi.
Vaqt o‘tishi bilan bu guruh o‘zining iqtisodiy va siyosiy dastaklari orqali Boris Yelsin maʼmuriyatini to‘liq nazorat qilishni boshlaydi. Rossiyalik jurnalist Andrey Fadin ularning mutlaq hokimiyatini quyidagicha tasvirlagan:
“Ular davlat byudjetidan mablag‘ ajratish va mamlakatdagi deyarli barcha investitsiya imkoniyatlarini nazorat qiladi. Ular yirik telekanallar kabi ulkan axborot resurslariga egalik qiladi. Ular prezidentning qarashlarini shakllantiradi. Kimki ularga qarshi chiqsa, yo yo‘q qilingan, yoki guruhdan chetlatilgan”
Ushbu maqola chop etilganidan bir yil o‘tmay Andrey Fadin o‘ldiriladi.
90-yillarning o‘rtalaridan 1999-yilgacha bu guruh Rossiyaning siyosati va sanoatini to‘liq nazoratga oladi. Ular raqobatchilarga qarshi shafqatsiz zo‘ravonlik ishlatish orqali o‘z monopoliyasini saqlab qoladi.
Masalan, Rossiyaning Nefteyugansk shahri meri Vladimir Petuxov “Yukos” neft kompaniyasining soliq to‘lovlaridan bo‘yin tovlashiga qarshi faol kurash olib boradi. Ammo u ham 1998-yil 26-iyun kuni o‘ldiriladi. Petuxovning o‘ldirilishi “Yukos” kompaniyasi rahbariyati, xususan, birinchi vitse-prezident Leonid Nevzlin tomonidan buyurtma qilingan, deb taxmin qilinadi.
Siyosatshunos Zokir Usmonov 90-yillardagi Rossiyaning ichki siyosiy va iqtisodiy holatini sharhlar ekan, bu davrda kommunistlar va kapitalizm tarafdorlari o‘rtasida kurash ketgani, Rossiyadagi oligarxlar asosan G‘arb bilan iqtisodiy kooperatsiyaga kirishish tarafdori bo‘lganini ta’kidladi.
“Sovet Ittifoqi parchalangan bo‘lsa-da, kommunistlar qo‘lida juda katta qudrat mavjud edi. Ular Sovet Ittifoqini qayta tiklashni istagan. Oligarxlar esa G‘arb bilan iqtisodiy kooperatsiyaga kirishishni xohlagan. Ya’ni o‘sha vaqtda mamlakat ikki qismga bo‘lingan edi.
90-yillarda oligarxlar Rossiya yalpi ichki mahsulotining 50 foizini, ayrim manbalarda 70 foizini nazorat qilgan. Ularning asosiy maqsadi – davlatni talon-toroj qilish edi.
1996-yildagi prezidentlik saylovida Boris Yelsin g‘olib bo‘lishida oligarxlarning o‘rni juda katta. Chunki o‘sha vaqtda aksar oligarxlar televideniye va ommaviy axborot vositalarini nazorat qilgan. Ular Yelsinning hokimiyatda qolishidan manfaatdor bo‘lgan”, deydi u.
Putin hokimiyatga kelishi
Sog‘lig‘i yomonlashgan Boris Yelsin o‘ziga voris sifatida KGBning sobiq zobiti Vladimir Putinni ko‘radi. Yelsinni o‘zlarining musiqalariga o‘ynatayotgan yetti oligarx yosh Putinni qo‘llash orqali uni ham o‘z nazoratlariga olishni ko‘zlaydi. Biroq ularning rejasi chippakka chiqadi.
Putin prezidentlik kursini egallaganidan bir necha oy o‘tib, u Rossiyaning eng ko‘z ko‘ringan oligarxlarini Kremlning Yekatirina zaliga to‘playdi va yig‘ilganlarga “uning Rossiya”sida yirik biznes egalari uchun yangi o‘yin qoidalarini tushuntiradi. Rossiya rahbari agar oligarxlar o‘z boyliklarini saqlab qolishni istasa – siyosatdan qo‘llarini maʼlum masofada saqlashlarini uqtiradi. Bu tom maʼnoda “Semibankirshchina” guruhi va Putin o‘rtasidagi urushning ibtidosi edi.
Zokir Usmonov Vladimir Putin va oligarxlar o‘rtasidagi qarama-qarshilik yangi boylar uni jilovlashga uringani ortidan boshlanganini ta’kidlaydi.
“Putinning maqsadi – imperiyani qayta tiklash, millatni qayta tiklash edi. Va u bu uchun yirik oligarxlar yordam berishini talab qilgan. Ammo oligarxlar ko‘proq o‘z cho‘ntagini o‘ylagan va ular Putinga chizilgan chiziqdan chiqmaslikni aytishgan. Mana shundan keyin Putin ularni jilovlashni boshlagan”, dedi siyosatshunos.
Prezidentlikka kelganidan keyin uch oy ichida Putin ommaviy axborot vositalarini nazoratga oldi. 100 million kishi tomosha qiladigan va mamlakatning 70 foizini qamrab olgan “NTV” telekanali uning birinchi qurboniga aylandi. Ammo bu oxirgisi emasdi.
Putin oligarxlar uni nazorat ostiga olishdan oldin oligarxlarni o‘z musiqasiga o‘ynatishga harakat qiladi. 2001-yilda Boris Berezovskiy, Vladimir Gusinskiy va Badri Patarkatsishvili nazorat qilgan telekanallarning barchasi davlat tasarrufiga o‘tkaziladi.
Badri Patarkatsishvili o‘z boyliklarini sotib, Rossiyadan qochadi va New York Times orqali Putinni tanqid qila boshlaydi. U 2008-yilda Buyuk Britaniyada sirli tarzda vafot etadi. Gruziya hukumati 48 yashar rus oligarxining o‘limini suiqasd deb hisoblaydi.
2000-yilning sentyabr oyida Boris Berezovskiy ham o‘z boyliklarini sotib, Rossiyadan qochadi. U dastlab Fransiyaga, keyinchalik esa Buyuk Britaniyaga ko‘chib o‘tadi. 2001-yilda Rossiya hukumati unga firibgarlik va pul yuvish ayblovlarini qo‘yadi va xalqaro qidiruvga beradi.
Berezovskiy Britaniyada Rossiya hukumatiga qarshi faol siyosiy kurash olib boradi va oxir-oqibat 2013-yilda Londonda sirli tarzda vafot etadi.
Rossiyada oligarxlarga bosim davom etadi va Nikolay Glushkov, Aleksandr Litvinenko hamda Boris Nemtsov o‘ldiriladi. Qolganlar mamlakatdan badarg‘a qilinadi.
Bir vaqtlar Rossiyaning eng boy odami bo‘lgan Mixail Xodorkovskiyning ham taqdiri tubdan o‘zgardi. 2003-yilda Mixail Xodorkovskiy soliq to‘lashdan bo‘yin tovlash va firibgarlikda ayblanib hibsga olinadi. U 10 yil qamoq jazosiga hukm qilinadi.
Yuqoridagi ishlar barcha oligarxlarga yuborgan signal edi. Putin qolganlar bilan “katta kelishuv”ga keladi:
“Siz hozirgi aktivlaringizni saqlab qolasiz, lekin buning evaziga mening boshqaruv tizimimga moslashasiz”.
Vladimir Putin Xodorkovskiy va boshqa oligarxlarning qamoqqa tashlanishi orqali Rossiyaning iqtisodiy tuzilishini tubdan o‘zgartirdi va davlat iqtisodiyot ustidan nazoratni qayta qo‘lga oldi.








