Daryo

“Ukraina 3 yillik urush mobaynida hech qachon bugungiday tinchlikka yaqin bo‘lmagan” — Zelenskiy

Ukraina prezidenti ehtimoliy muzokaralar va Yevropaning qo‘shin yuborish imkoniyatini baholadi

2 daqiqa o‘qish16 560 ko‘rishlar0 izoh0

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy mamlakat uch yillik urush mobaynida hech qachon bugungiday tinchlikka yaqin bo‘lmaganini aytdi. Siyosatchi ehtimoliy muzokaralar va Yevropaning harbiylar yuborish imkoniyatini baholadi.

Foto: AP Photo
Biz kurashmoqdamiz, yashamoqdamiz, tinchlikka erishish uchun barcha harakatlarni amalga oshirmoqdamiz. Biz uch yillik urush mobaynida hech qachon bugungiday tinchlikka yaqin bo‘lmagan edik. Biz o‘z davlatimizni, mustaqilligimizni, mamlakatimizni, poytaxtimizni, ko‘plab shahar va qishloqlarimizni himoya qildik, dedi u.

Zelenskiy Rossiya prezidenti Vladimir Putin tinchlik muzokaralarini istamasligi va ularni buzishga harakat qilishini aytdi.

U Ukrainada urushni tugatish imkoniyatidan qochish uchun turli bahonalar o‘ylab topadi — Ukraina bilan muzokaralar stolida ham, dedi prezident.

Ukraina rahbari muzokaralardagi ishtirok Putin uchun mag‘lubiyatga aylanishi, u esa bundan “qo‘rqishi”ni qayd etdi. U Rossiya prezidenti Ukraina bilan emas, balki G‘arb bilan urushayapman deb o‘ylashini ta‘kidladi.

Putin haqiqiy muzokaralarni istamaydi. Uning tasavvurida Rossiya bilan G‘arb o‘rtasida urush ketmoqda, Kreml esa g‘alaba qozonmoqda. Biroq Ukraina, barcha qiyinchiliklarga qaramay, uning g‘alabasiga yo‘l qo‘ymadi. AQSH prezidenti Donald Tramp unga Ukrainaning muzokaralar stolida bo‘lishi zarurligini aytganida, Kreml diktatori yana muzokaralar jarayonini izdan chiqarish uchun Ukraina prezidentining go‘yoki noqonuniyligi haqidagi hikoyaga qaytadi, dedi Zelenskiy.

Ukrainaga Yevropa qo‘shinlarini yuborish

Prezident Ukrainada xorijiy harbiy kontingentni joylashtirish g‘oyasiga izoh berar ekan, bu xavfsizlik kafolatlari haqidagi munozaraning bir qismi ekani, biroq qo‘shin yuborishning o‘zi yetarli bo‘lmasligini aytdi.  

Bu faqat qog‘ozdagi ramziy mavjudlik bo‘lishi kerak emas, dedi siyosatchi.

Ukraina ushbu harbiy kontingentning vakolatlari va uni kim boshqarishini aniq tushunishi lozim. Prezidentning aytishicha, haqiqiy xavfsizlik kafolatlari Qo‘shma Shtatlar ishtirokida keng qamrovli bo‘lishi zarur. Ular kuchli Ukraina armiyasini, mudofaa-sanoat majmuasiga sarmoyalarni, Amerika litsenziyasi asosida qurol ishlab chiqarishni va uzoq muddatli harbiy ko‘makni o‘z ichiga olishi kerak.

♦ Ukrainaning urushni tugatish shartlari

Ukraina qo‘shinlarni 1991-yil chegaralariga olib chiqishni nazarda tutuvchi “tinchlik formulasi”ni amalga oshirishni talab qilmoqda. Gap 2014 va 2022-yillarda Rossiya tomonidan u yerda o‘tkazilgan “referendumlar” va Ukrainaning Qrim, Donetsk, Lugansk, Xerson va Zaporojye viloyatlari noqonuniy anneksiya qilingani haqida ketmoqda. Moskva “tinchlik formulasi” asosida muzokaralar olib borish imkoniyatini istisno qiladi.

♦ Rossiya shartlari

Putin o‘t ochishni to‘xtatish uchun o‘z shartlarini ilgari surdi, jumladan, Ukraina qo‘shinlari o‘zini o‘zi mustaqil deb e’lon qilingan DXR, LXR, Xerson va Zaporojye viloyatlaridan olib chiqilishi, ushbu to‘rtta hudud va Qrim go‘yoki xalqaro miqyosda Rossiyaning bir qismi sifatida tan olinishi, Ukrainaning NATOga a’zolikdan voz kechishi va sanksiyalarni olib tashlash. Zelenskiy bu taklifni “ishonib bo‘lmaydigan” ultimatum deb atadi.

Karimova Zulfiya Abduhakim qizi. 1999-yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. Millati — o‘zbek. 2023-yilda O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining xalqaro jurnalistika yo'nalishi bakalavr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar