Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Kursk viloyatida asirga olingan shimoliy koreyalik harbiylarning so‘roq qilinishi aks etgan navbatdagi videoni e’lon qildi.
Videoda KXDR harbiysi tarjimon orqali Ukraina maxsus xizmatlari vakillarining savollariga javob bermoqda. Video qachon va qayerda suratga olingani noma’lum. U yuzdan ortiq vatandoshi bilan Rossiyaga kemada kelgani, keyin ularni poyezdda olib ketishganini ta’kidlagan.
Shimoliy Koreyadan kelgan bir necha askar Rossiya og‘ir qurollaridan foydalanishni o‘rgandi, lekin o‘zim bunday tayyorgarlikdan o‘tmaganman, dedi u.
Yigitning aytishicha, u razvedka batalyonida xizmat qilgan. Ularni Rossiyaga olib kelgan kema harbiy emas, yuk tashuvchi bo‘lganini aytdi. KXDR harbiysi maktabni tugatgandan so‘ng, 17 yoshida armiyaga xizmatga borgani va Shimoliy Koreyadan tashqaridagi dunyo haqida juda kam ma’lumotga ega bo‘lganini ta’kidlagan. U shimoliy koreyalik harbiylar orasida urushda jarohatlanganlar soni ko‘pligini qayd etgan.
Razvedka ma’lumotlariga ko‘ra, harbiylarning Rossiya hududiga ko‘chirilishi, ularning o‘qitilishi va axborot izolyatsiyasiga duchor qilingani asirlarning so‘zlari bilan tasdiqlanadi, dedi Zelenskiy.
UXXning aniqlik kiritishicha, 2005-yilda tug‘ilgan harbiy asirlardan biri 2021-yildan beri KXDR armiyasida o‘qchi sifatida xizmat qilgan. 1999-yilda tug‘ilgan ikkinchi askar esa 2016-yildan beri mamlakat armiyasida mergan-razvedkachi bo‘lgan.
Ukraina prezidenti avval ham asirlar so‘roq qilingani videosini e’lon qilgandi. So‘roq paytida KXDR askarlari qayerdaligini bilmasligi, ularga bu faqat o‘quv mashg‘uloti deb aytilganini ta’kidlagan.
KXDR jangchilaridan Shimoliy Koreyaga qaytishni xohlaysizmi, deb so‘ralganda, xavfsizlik xizmati kutilmagan javob olgan. Mahbuslardan biri vataniga qaytishni afzal ko‘rishi, ikkinchisi esa Ukrainada qolishni xohlashini aytgan.
Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina ularni Rossiyadagi ukrain asirlariga ayirboshlash doirasida vataniga qaytarishga tayyor.








