Oqtov yaqinida halokatga uchragan Azerbaijan Airlines (AZAL) yo‘lovchi samolyotining qora qutilari Braziliyadan Qozog‘istonga qaytarildi. U halokat haqida xulosa berish uchun maxsus komissiyaga topshirilgan.
Qozog‘iston transport vazirligi aviahalokat bo‘yicha tergov komissiyasi barcha faktlar va materiallarni batafsil o‘rganganidan so‘ng dastlabki hisobotni e’lon qiladi. Hujjatda “tekshiruv jarayoni bo‘yicha aniqlangan faktik ma’lumotlar taqdim etiladi”.
Joriy yilning 14-yanvar kuni Rossiya TIV rahbari Sergey Lavrov Ozarbayjon samolyotining qora qutilari “allaqachon ko‘plab qiziqarli ma’lumotlar berganini” aytdi.
“Braziliyada bo‘lib o‘tgan maxsus uchrashuvda qora qutilar ochildi va ularning mazmuni allaqachon ko‘plab qiziqarli ma’lumotlarni taqdim etdi. Bu ma’lumotlar yana bir bor to‘liq tergovni kutish zarurligini tasdiqlaydi”, deydi Lavrov.
U ayni damda qora qutilardan olingan ma’lumotlar bilan tasdiqlanmagan axborotdan foydalanib, OAVlarda vaziyatni keskinlashtirmaslikka chaqirdi.
Vazirning aniqlik kiritishicha, Ozarbayjon bilan hozirgi “tuzilmaviy munosabatlar” har qanday masalani tezkor hal qilish imkonini beradi. Rasmiyga ko‘ra, bu ikkinchi Qorabog‘ urushi paytida Rossiya vertolyotining xato tufayli urib tushirilishi yoki yaqinda Ozarbayjon samolyotining Oqtovda halokatga uchrashi kabi hodisalar yuz berganda, barcha faktlarni o‘rganish asosida amalga oshiriladi.
Qozog‘istondagi aviahalokat“Biz hamkasbim va do‘stim, Ozarbayjon TIV rahbari Jayxun Bayramov bilan juda yaqin hamkorlik qilmoqdamiz. Bizda BMT, YXHTdan tortib iqlim mavzularigacha tashqi siyosat sohasida muhokama qilinayotgan barcha masalalar bo‘yicha uzoq muddatli maslahatlashuvlar rejasi mavjud”, deya xulosa qildi vazir.
25-dekabr kuni Bokudan Grozniyga uchayotgan Ozarbayjon havo yo‘llari (AZAL)ning Embraer samolyoti Oqtov yaqinida halokatga uchradi. Samolyot bortida 67 kishi, jumladan, besh nafar ekipaj aʼzosi bo‘lgan. Ulardan 42 nafari Ozarbayjon, 16 nafari Rossiya, 6 nafari Qozog‘iston, 3 nafari Qirg‘iziston fuqarolaridir. Hodisa oqibatida jami 38 kishi halok bo‘ldi.
29-dekabr kuni barcha 17 xalqaro ekspert, jumladan, Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkiloti (ICAO), Braziliya aviahalokatlarni tekshirish va oldini olish markazi (CENIPA), Davlatlararo aviatsiya qo‘mitasi (IAC) va Embraer ishlab chiqaruvchi kompaniya vakillari AZAL samolyoti halokati sabablarini tekshirish uchun Oqtovga yetib keldi.
30-dekabr kuni Qozog‘iston Ozarbayjon samolyotining registratorlarini CENIPA’ga o‘rganish uchun yubordi.
Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev samolyot Grozniy yaqinida tashqi ta’sir oqibatida shikastlangan va boshqaruvni yo‘qotganini ma’lum qilgan.
“Faktlar shundan iboratki, Ozarbayjon fuqarolik samolyoti Rossiya hududida, Grozniy shahri yaqinida tashqi ta’sir oqibatida shikastlangan va deyarli boshqaruvni yo‘qotgan. Shuningdek, bizning samolyotimiz radioelektron kurash vositalari yordamida boshqarib bo‘lmaydigan holatga tushirilganini ham bilamiz. Bu samolyotga yetkazilgan birinchi zarar hisoblanadi”, dedi u Ozarbayjon televideniyesiga bergan intervyusida.








