Jahonda sodir bo‘layotgan geosiyosiy “tebranish”lar shunday pallaga keldiki, ayrim mamlakatlar dunyo sahnasidan yo‘q bo‘lish arafasiga kelib qoldi. Ayni kunlarda Suriyada sodir bo‘layotgan voqealar mamlakat taqdirini so‘roq ostiga qo‘ymoqda. 8-dekabr kuni muxolif guruhlar Damashqni egallagach, Bashar Asad hokimiyati qulagani eʼlon qilindi. Ekspertlar endi Suriya o‘rnida bir nechta mustaqil davlatlar yuzaga kelishini bashorat qilmoqda.
Xo‘sh, haqiqatdan ham Suriya parchalanadimi? Suriyaning parchalanishidan manfaatdor geosiyosiy “o‘yinchi”lar kimlar? Ular bu orqali nimani maqsad qilgan bo‘lishi mumkin?
Dastlab Suriyada ta’sir doirasiga ega bo‘lgan kuchlar va ularning manfaatlari nima ekanligini ko‘rib chiqsak.
Rossiya
Aslida Rossiya va Suriya munosabatlari tarixi “Sovuq urush” davri (1945-1991)ga borib taqaladi. Bu davrda Suriya Iroq bilan birga Sovet ittifoqining Yaqin Sharqdagi muhim strategik hamkorlari edi. 1971-yilda Suriyaning Tartus portiga SSSR o‘z dengiz flotini joylashtirgan. Shuningdek, Sovet ittifoqi Suriyaga qurol va harbiy texnika yetkazib beruvchi asosiy manba hisoblangan. XX asrning oxiriga kelib, Sovet qurollari bilan Suriya armiyasining deyarli 90 foizi qurollangan edi.
90-yillar boshida SSSR parchalangach, uning vorisi – Rossiya ham iqtisodiy, ham ichki inqirozlar tufayli Suriyadan uzoqlashdi. Lekin 2011-yilda Suriyada boshlangan fuqarolar urushi – Moskvaga geosiyosiy nuqtai nazardan Yaqin Sharq mintaqasiga qaytishga imkon yaratdi. Bundan ko‘zlangan maqsad esa – O‘rta Yer dengizida Rossiyaning harbiy mavjudligini taʼminlash va Asad rejimini saqlab qolgan holda Suriya orqali Yevropaga o‘tuvchi gaz quvuri loyihalarini muzlatish edi. Boisi o‘sha vaqtda Yevropa Rossiya gazining asosiy xaridori bo‘lgan.
Ammo Asad hukumati quladi. Endi Rossiyaning Suriyadagi harbiy bazasining taqdirini esa yangi hukumat hal qiladi. Agarda yangi hukumat Rossiya harbiylariga Suriyani tark etish talabini qo‘ysa, bu Rossiya uchun maʼlum maʼnoda Yaqin Sharqdan ham chiqib ketishni anglatadi!
AQSH
Qo‘shma Shtatlar Suriyadagi muxolifat kuchlari, ayniqsa, “Suriyadagi demokratik kuchlar” (SDK) kabi kurd guruhlarini qo‘llab-quvvatlaydi. Asosiy maqsad — Bashar Asad rejimini qo‘llab-quvvatlovchi Eron va Rossiya taʼsirini cheklash. Shuningdek, shia belbog‘ini yo‘q qilish edi.
AQSH va Isroil birgalikda Yaqin Sharq bo‘yicha tashqi siyosiy strategiya ishlab chiqqan bo‘lib, bu “Yangi Yaqin Sharq” konsepsiyasi deb nomlanadi. Bu konsepsiya mintaqa bo‘yicha urush o‘choqlari va tartibsizlik vaziyatini kuchaytirib, “ijodiy xaos” kuchlarini barpo etishga qaratiladi. “Yangi Yaqin Sharq” konsepsiyasi vositasida AQSH va Isroil o‘zining geostrategik va boshqa manfaatlariga muvofiq Yaqin Sharq xaritasini qayta chizish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Ma’lumot uchun, joriy yilning iyul oyida Isroil bosh vaziri Netanyaxu BMT minbariga ikkita xarita olib chiqib, Isroil uchun dushman bo‘lgan mamlakatlarni namoyishkorona ko‘rsatgan edi. Bu o‘z navbatida AQSH va Isroil “Yangi Yaqin Sharq” konsepsiyasini amalga oshirishga kirishganini anglatardi.
Eron
Eron Bashar Asadning eng yirik ittifoqchilaridan biri bo‘lib, bu hamkorlik ildizlari so‘nggi yirma yil ichida AQSHning har ikki mamlakatga siyosiy bosimi ortib borishi tufayli boshlangan edi. 2011-yilda Suriya inqirozi boshlanganidan buyon ikki tomonlama munosabatlar strategik ahamiyatga ega bo‘ladi. Eron Asadni dastaklash uchun qo‘l ostidagi proksikuchlar, xususan “Hizbulloh”, Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi va uning “Al-Quds” maxsus bo‘linmalari yuboradi. Suriyada quyidagi guruhlar faoliyat olib boradi:
Fatemiyoun diviziyasi – asosan Afg‘onistondan kelgan shia musulmonlaridan iborat bo‘lib, ular Eron tomonidan tashkil etilgan va qo‘llab-quvvatlanadigan jangari guruh. Zaynabiyoun diviziyasi – Pokistondan kelgan shia musulmonlaridan tashkil topgan jangari guruh. Shabiha militsiyasi – Suriya hukumati bilan chambarchas bog‘liq bo‘lgan militsiya guruhi. Quds kuchlari – Eron Inqilobiy gvardiyasining maxsus bo‘linmasi. Maʼlumotlarga qaraganda, 2012–2018-yillar oralig‘ida Eron bu proksiguruhlar uchun umumiy qiymatda 15 million dollar ajratgan.
“Bugun Yaqin Sharq mintaqasida eng katta mafkuraviy kuchga aylangan davlat — bu Eron. AQSH hukumat o‘z vaqtida Iroqqa kirishi xato bo‘lganini endi tushunmoqda. Chunki Eron birinchi bo‘lib Iroqdagi, keyin esa Suriyadagi siyosiy kuchlarni o‘z taʼsiriga oldi. Suriyadagi harbiy kuchlar Eron tomonidan ham harbiy, ham moliyaviy jihatdan qo‘llaniladi. Natijada Eron mintaqada shia belbog‘ini yaratdi. Eʼtibor bering, Isroil ham Suriyaning ayrim joylarini bombardimon qilganida, “biz Eron tomonidan tashkil qilingan harbiy istehkomlarga zarba berdik” deb bayonot beradi”, deydi siyosatshunos Bektosh Berdiyev.
Eronning yangi prezident – Mas’ud Pezeshkiyon iqtidorga kelgach, u G‘arb mamlakatlari hamda AQSH bilan bir vaqtlar uzilgan munosabatlarni tiklashga harakat boshladi. Eron Isroil tomonidan Livan va Suriyadagi shia guruhlarini yo‘q qilishga qaratilgan harbiy hujumlarga javob bermayotganini yoddan chiqarmaslik kerak. Aslida Asad rejimining qulashi – Eronning bu kurashda mag‘lub bo‘lganini anglatadi.
Turkiya
Turkiya Suriyadagi mojaroga faol aralashib, Bashar Asadga qarshi bo‘lgan muxolifat kuchlarni, ayniqsa, sunniy guruhlarni qo‘llab-quvvatlamoqda. Turkiya uchun “Kurdiston ishchi partiyasi” (PKK) kabi kurd guruhlariga qarshi kurash muhim ahamiyatga ega, boisi ular Turkiyada terrorchi tashkilot sifatida ko‘riladi. Shuningdek, Turkiya o‘z chegarasida suriyalik kurdlarning taʼsirini kamaytirishni harakat qiladi.
Turkiya maqsadi – o‘zining Suriya bilan chegarasi bo‘ylab xavfsizlik zonasi o‘rnatishni, kurd guruhlarining taʼsirini cheklashni va Suriyaning hukumatiga taʼsir o‘tkazishni maqsad qilgan. Bu orqali u shimoliy Suriyada muhim hududlar ustidan nazoratni saqlab qolishga intilmoqda.
Isroil
Isroil mintaqaviy kuch sifatida Suriyadagi vaziyatni, ayniqsa, Eron harbiylari va ular bilan bog‘liq shia guruhlarining mavjudligini diqqat bilan kuzatmoqda. Isroil, shuningdek, Suriyada o‘z xavfsizligiga tahdid solishi mumkin bo‘lgan kuchlarning paydo bo‘lishidan xavotir oladi. Lekin Asad hukumatining qulashi — Isroil bu missiyani muvaffaqiyatli yakunlagani ko‘rsatadi.
Jurnalist Gorden Daffning yozishicha, Isroilning nishoni Dovud qirolligini tiklash (katta Isroil) va shu orqali Mesopotamiya va Falastin o‘rtasida yo‘lak yaratish.
Siyosatshunos Suhrob Bo‘ronov so‘nggi vaqtlarda Yaqin Sharqda yuz berayotgan qonli nizolar neft va uni olib o‘tuvchi yo‘laklar uchun bo‘layotgani va bunda AQSH, Isroil, Buyuk Britaniya hamda boshqa Yevropa davlatlari manfaatdor ekanligini ta’kidladi. Uning fikricha, Isroil va uning ittifoqchilari Golan tepaligi (Suriyaning janubi-g‘arbiy qismida va Isroilning shimoli-sharqida joylashgan hudud – tahr.)dan boshlanib, Iroqning shimoliga qadar boradigan “Dovuq koridori” loyihasini amalga oshirmoqchi.
“Yaqin Sharqdagi qonli nizolar neft va uni olib o‘tuvchi yo‘laklar uchun bo‘layotgan urushlardir. Bundan AQSH, Isroil, Buyuk Britaniya va Yevropaning aksar davlatlari manfaatdor ekanligi endi sir bo‘lmay qoldi. Uinston Cherchill aytganidek, “bir tomchi neft, bir tomchi qonga arziydi”. Bugungi xalqaro kurashning mohiyati shundaki, na Rossiyadan keladigan, na Hormuz bo‘g‘ozi, na Suvaysh kanali, na Afrika bo‘ylab energetika resurslarini tashish G‘arb dunyosi uchun qulay emas. Shu sababdan ular buni “Katta Isroil” orqali amalga oshirmoqchi.
Yaqin kunlarda Suriyada jangari guruhlar tomonidan Aleppo va Halab singari muhim shaharlarning qo‘lga olinishi Isroilning Yaqin Sharq mintaqasi kelajagi bo‘yicha strategik rejalaridan birini amalga oshirishga qaratilgan urinishi sifatida baholashga undaydi. Xaritada ko‘rinib turganidek, “Dovud koridori” loyihasi Jo‘lan tepaligidan boshlanib, Iroqning shimoliga qadar boradigan va shu tarzda kafolatli neft yo‘lagi yaratishni nazarda tutadigan loyihadir”, deydi u.
Suriyaning parchalanishi
“Daryo” jurnalisti bilan suhbatlashgan siyosatshunos Habibullo Azimovning fikricha, Suriya parchalanish arafasida. Ammo u qaysi davlatning xohishiga qarab bo‘linishi nomaʼlum.
“Suriyaning parchalanishi aniq. Biroq kimning manfaatlari asosida bo‘linadi, AQSH-Isroil rejasiga ko‘rami yoki Turkiya istaklari asosidami, shu noaniq bo‘lib turibdi. Eron bu kurashga mag‘lub bo‘ldi”, deydi
O‘n yildan ortiq davom etayotgan fuqarolik urushi – Suriyani ko‘plab tashqi kuchlarning geosiyosiy manfaatlari kesishgan muhim maydonga aylantirib qo‘ydi. Yuqorida sanab o‘tgan “o‘yinchi”lar Suriyadagi vaziyatga bilvosita taʼsir ko‘rsatib, o‘zlarining strategik maqsadlariga erishishga intilmoqda. Suriyada yangi hukumat va davlatlar tashkil etilishi tobora aniq bo‘lib bormoqda. Bir necha yil oldingi “Yangi Yaqin Sharq” loyihasi qanday chizilgan va qanday aytilgan bo‘lsa, aynan shu ssenariy asosida amalga oshirilmoqda. Yaqin Sharqda yangi siyosiy hayot boshlanmoqda...








