Jo Bayden Rossiya hududiga zarba berish uchun o‘rta masofaga, aniqrog‘i, 300 kilometrga uchadigan, aniq zarbalar bera oladigan raketalardan foydalanishga ruxsat berdi. Bu bilan AQSHning amaldan ketayotgan prezidenti ukrainlarni muqarrar mag‘lubiyatdan qutqarmoqchi. Rossiyaga qarshi yuqori aniqlikdagi raketalarni qo‘llash to‘g‘risidagi qaror demokratlar va ukrainaliklarning ruhiyatini yuksaltirishga qaratilgan.
Tarixga murojaat qilsak, mujohidlar Afg‘onistondagi urushda mag‘lub bo‘layotganida AQSH ularni Stinger raketalari bilan ta’minlagan edi. Ular o‘ta samarali bo‘lgan, deb aytolmaymiz, ammo ular qiyin paytlarda jangarilar ruhiyatini oshirdi.
AQSH prezidentining Ukrainaga urushni davom ettirishda yordam berishga qaratilgan bosimi ortida ko‘pincha e’tibordan chetda qoladigan haqiqat bor: Yevropaning uchinchi yirik gaz zaxirasi Donbassda joylashgan. Litiy va uran qazilmalari Pokrovsk, Ugledar, Kuraxovoda mavjud. Xarkov va Qrimda ham yerosti va yerusti konlar mavjud.
Boz ustiga, Ukrainaning janubdagi yerlari hosildor va qora tuproqli. Amerika kompaniyalari ularga ega bo‘lish uchun ko‘p pul sarflashdi, chunki ularning yordami bilan Yevropaga ketayotgan Rossiya gazini almashtirish mumkin edi. Bu, ta’bir joiz bo‘lsa, geosiyosiy qadam. Baydenning qarorida hech qanday axloqiy komponent va inson hayotiga rahm-shafqat yo‘q. Sovuq hisob-kitob, boshqa hech narsa emas.
Bayden nimani ko‘zlagan?
AQSH prezidenti qaroridan Zelenskiyning rejalarida ko‘zda tutilganidek, Rossiya hududida operatsiyalarni davom ettirish, uning hududiga zarba berish bo‘yicha cheklovlarni olib tashlash, hamkorlar bilan birgalikda Rossiya aviatsiyasini yo‘q qilish, dron va raketalardan foydalanishni kengaytirish, ittifoqchilarning razvedka ma’lumotlariga kirishni ta’minlash, Ukraina hududida qandaydir noyadroviy strategik tiyib turish paketini joylashtirish kabi maqsadlar ham ko‘zlangan.
Ehtimol, Ukrainaning kelajakdagi taktikasi Rossiya infratuzilmasiga uzoq masofali zarbalar berishga va Rossiyaning yerdagi hujumini imkon qadar to‘xtatib turishga asoslanadi. Shu sababli Ukraina uzoq masofaga zarba beruvchi dronlar ishlab chiqarishga katta mablag‘ sarflamoqda. Ushbu dastur neftni qayta ishlash zavodlari, o‘q-dori omborlari, aerodromlar va boshqa nishonlarga bir qator yirik hujumlarni amalga oshirish imkonini berdi.
Ukrainalik muhandislar yangi qurilma yaratishdi. Ular uni reaktiv dvigatelli uchuvchisiz apparat deb atashsa-da, aslida, u yuzlab kilometr masofaga ucha oladigan kichik qanotli raketadir. Bu dron ukraincha “Palyanisya” deb nomlangan. Biroq Rossiya havo mudofaasi ham zarbalar oldini olmasdan, hech bo‘lmaganda eng muhim obyektlarni himoya qilishni o‘rganib oldi.
So‘nggi oylarda Rossiyada havo hujumidan mudofaa sezilarli darajada kuchaytirildi, Ukraina dronlariga bu mudofaani yengib o‘tish ancha qiyinlashdi. Shuning uchun Rossiyaning ichkarisiga va orqa hududlarga zarba berish oson kechmasligi mumkin.
Rossiya yadro quroli bilan dag‘dag‘a qilmoqda
Afsuski, bugungi vaziyat Trampni noqulay ahvolga solib qo‘yish va uning rejalarini amalga oshirishga to‘sqinlik qiladi. ATACMS raketalari bilan Rossiya ichkarisidagi nishonlarga zarba berish G‘arb harbiylari jalb etilishini talab qiladi. Aynan shuning uchun Rossiya prezidenti Vladimir Putin ushbu raketalar bilan hujumni G‘arbning Ukraina bilan birgalikda Rossiyaga qarshi urushi sifatida baholamoqda.
Vashington nazarida Rossiyaning Kursk viloyatini ukrain qo‘shinlaridan ozod etishda ruslar tomonidan shimoliy koreyalik askarlar ishtirok etmoqda. Rossiya ichkarisiga zarba berish uchun ruxsat etilishida ayni voqelik sabab bo‘lgan, deya Oq uy o‘z qarorini izohlamoqda.
Agar “yer-yer” rusumidagi ATACMS ballistik raketalariga to‘xtaladigan bo‘lsak, u “Armiya taktik raketa tizimi” (Army Tactical Missile System) deb tarjima qilinadi, parvoz uzoqligi 306 kilometrga yetadi. Ular AQSH armiyasi ixtiyoriga 1991-yilgi birinchi Fors ko‘rfazi urushi paytida kelib tushgan bo‘lib, o‘zining samaradorligini ko‘rsatgan.
2003-yil Iroqqa bostirib kirish chog‘ida bunday raketalarning 450 dan ortig‘i ishlatilgan. 2007-yilda ularning ishlab chiqarilishi to‘xtatilgan, uning o‘rniga Precision Strike Missile nomli raketalarning yangi avlodi kelgan. Ukraina urushidan keyin mazkur tipdagi raketalar yana kun tartibiga chiqqan.
Raketalarning qo‘llanishi, shubhasiz, G‘arb operatorlarining ishtirokini talab etadi. Ular front liniyasiga yaqin ishlashi bois asirga tushish ehtimoli kuchli bo‘ladi. Shuning uchun Rossiya muhim obyektlari vayron etilsa, G‘arbni jangovar harakatlarda qatnashishda ayblab, G‘arbning ham og‘riqli nuqtalariga javob yo‘llashi, kerak bo‘lsa, yadroviy taktik qurollardan o‘t ochishi mumkin, deb yozdi Rossiya xavfsizlik kengashi raisining o‘rinbosari Dmitriy Medvedev X ijtimoiy tarmog‘ida.
Bunday holatda ommaviy qirg‘in qurollari bilan Kiyevga va qayerda joylashganidan qat’i nazar, NATOning asosiy obyektlariga javob zarbalari yo‘llash huquqi paydo bo‘ladi, deydi iste’fodagi general Shovansi.
Ukraina Qurolli kuchlari ATACMS qurollarini Rossiya tomonidan bosib olingan hududlarda, shu jumladan, Qrimda halokatli ta’sir bilan qo‘llagan, ammo Kiyevga ushbu raketalarni chegara orqali Rossiya aerodromlari, o‘q-dorilar omborlari va Ukrainaga zarba berishda foydalanilgan qo‘mondonlik punktlari tomon uchirish taqiqlangan edi.
Endi esa vaziyat o‘zgardi. ATACMS’dan faqat Ukraina Rossiya endi qaytarib olishga urinayotgan hududning bir qismini egallab olgan Kursk viloyatida foydalanishga ruxsat beriladi. Agar maqsad Kursk yaqinida Rossiyaga yordam berayotgan Shimoliy Koreyaga signal yuborish bo‘lsa, bu siyosiy nuqtayi nazardan mantiqan to‘g‘ri bo‘ladi. E’tiborlisi, Rossiya Ukrainaga zarba berayotgan samolyot, vertolyot va dron omborlari, o‘q-dori zaxiralari 300 kilometrlik masofadan ancha uzoqda joylashgan.
Vaziyatning xatarli tomoni shundaki, AQSH Ukrainaga uzoq masofaga uchuvchi ATACMS raketalarini Rossiya hududiga otishga ruxsat berishi ortidan Putin Rossiyaning yadro siyosatiga o‘zgartirish kiritilgan hujjatni imzoladi. Endi Rossiya oddiy qurollar bilan o‘t ochilsa ham, yadro quroli bilan javob berishi mumkin.
ATACMS allaqachon ishga solindi
“RBK-Ukraina” nashri anonim manbasiga tayanib xabar berishicha, Ukraina qurolli kuchlari Rossiya hududiga ilk marotaba ATACMS ballistik raketalari bilan hujum qildi. Raketa nishonga aniq tegdi, deyilmoqda. Nashr manbasining aytishicha, raketa Rossiyaning Bryansk viloyati Karachev shahridagi harbiy obyektni aniq nishonga olgan.
Ammo Rossiya ballistik raketalarning 5 tasi urib tushirilgani, faqat bittasining parchalari bazada yong‘in keltirib chiqarganini iddao qilmoqda. Xo‘sh, endi Rossiya yadroviy quroldan foydalanadimi, degan savol tug‘iladi. Albatta, hozirgi sharoitda yo‘q. Chunki Kiyev tomonidan Rossiya hududiga uzoqqa uchuvchi raketalar bilan hujum qilinishi Rossiyaga jiddiy talafot yetkaza olgani yo‘q.
AQSH va uning sun’iy yo‘ldoshlari Rossiyaga qarshi harbiy harakatlarda bevosita ishtirok etib, mojaroning maqsadi va tabiatini keskin o‘zgartirib yuborsa, bunday holatda Rossiyaning javobi mos va sezilarli ravishda bo‘ladi. Endi Rossiya yoki uning ittifoqchisi bo‘lmish Belarusga, ularning suvereniteti va hududiy yaxlitligiga tahdid soluvchi oddiy qurol bilan hujum bo‘lgan taqdirda, Rossiya yadroviy bomba qo‘llab javob berishi mumkin.
Bu aslida psixologik urush, bunda kim ko‘proq qo‘rqita olishi juda muhim, chunki Bayden shu vaqtga qadar qo‘rqqanidan raketa hujumlariga ruxsat bermayotgandi. Mavjud vaziyatdan keyin Rossiyaning javobi va undan keyingi natijalar qanday bo‘lishini vaqt ko‘rsatadi.
Uzoq masofadagi nishonni uradigan Amerika raketasini Rossiya ichkarisida qo‘llashiga Ukrainaga ruxsat berilishi xabarini Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov “olovga yog‘ sepish” deb ta’rifladi. Hozircha Rossiya prezidenti Vladimir Putin buni sharhlagani yo‘q. Bundan oldin Prezident Putin “uzoq raketalarga ruxsat berish Ukraina-Rossiya urushiga NATOning to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘shilishiga qaror berish deganini anglatadi, biz shundan kelib chiqib ish ko‘ramiz”, deya bayonot bergandi.
Prezident Zelenskiy anchadan buyon G‘arb bergan uzoq masofaga mo‘ljallangan raketalar bilan Rossiya ichkarisidagi nishonlarga zarba berish uchun ruxsat so‘rab keladi. Biroq yadroviy qurolga ega Rossiya bilan mojaro yanada kengayishi hamda qimmat raketalari zaxirasini ozaytirib qo‘yishdan xavotirda bo‘lgan AQSH uzoq ATACMS raketalarini ishlatishga ruxsat bermayotgandi.
Fransiya bilan Britaniya Ukrainaga Storm Shadow va Skalp raketalarini berishgan, lekin Amerika ijozatisiz Rossiya ichkarisiga otishdan to‘xtatib turgan edi. Fransiya tashqi ishlar vaziri Jan Noel Barro “Biz o‘z raketalarimizni Rossiya ichkarisida qo‘llash bilan bog‘liq variantlarni ko‘rib chiqishga tayyor ekanimizni avvaldan ochiq aytganmiz”, deya ta’kidladi.
Endi Fransiya va Britaniya uzoq raketalari uchun ham yashil chiroq yoqildi. ATACMS’larga ruxsat berish qarori Shimoliy Koreya askarlari Ukraina urushiga qo‘shilgani haqidagi xabarlardan keyin berildi. Ukraina bu raketalarni koreys askarlari jangga tashlangan Rossiyaning Kursk viloyatida qo‘llashni istaydi.
Ko‘plab harbiy tahlilchilar fikricha, Rossiya ichkarisidan nishonlarga zarba berishga ruxsat berish Ukraina mudofaasiga yordam bersa-da, urush yo‘nalishini o‘zgartirmaydi. Pentagon Ukrainaga bunday raketalardan ko‘p berolmasligi haqida allaqachon ogohlantirgan. Shubhasiz, bu Ukrainaga Rossiya ichkarisidagi logistika bazalari, harbiy bazalarini nishonga olishga yordam beradi.
Bu yerda yana bir narsani yodda tutish kerakki, ham urush jabhasiga, ham Ukraina ichkarisiga bombalar otayotgan Rossiya uchoqlarining 90 foizi ATACMS va Storm Shadow raketalari yetib boradigan masofadan uzoqroqqa joylashtirilgan.
Ukrainaga eng ko‘p qurol yetkazib bergan davlat
Baydenning uzoq masofali raketalarni Rossiya hududining ichkarisiga otishga ruxsat bergani haqidagi xabar rasman e’lon qilinmadi, lekin Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy “raketalarning o‘zlari gapiradi”, deb aytdi. AQSH o‘z harbiy yordami doirasida bu qurollarni Kiyevga yuborgan va Ukraina allaqachon ularni Rossiya ishg‘oli ostidagi Qrimda bir marta qo‘llagan.
Aytilishicha, AQSH Ukrainaga Rossiyaning Kursk viloyatida ishg‘ol qilgan yerlarini ushlab turish uchun ushbu raketalarni qo‘llashga ruxsat bermoqda. Boshqa tomondan, Rossiya Ukraina bo‘ylab, uning energetika va suv ta’minoti infratuzilmalariga oxirgi oylarda eng kattasi deya ko‘rilayotgan muvofiqlashtirilgan hujumlarni amalga oshirdi. AQSHning qaroriga bu omil ham sabab bo‘ldi. Asosiysi, Vashington, London va Parijdan olingan yashil chiroq Ukrainaga Rossiya hududiga chuqurroq kirib havo bazalari, omborxonalar va muhim logistika markazlarini nishonga olish imkonini beradi.
Urush boshlanganidan beri Ukrainaga eng ko‘p qurol yetkazib bergan davlat AQSH bo‘ldi. Germaniyaning Kiyel institutiga ko‘ra, 2022 yil fevrali va 2024 iyuni orasida amerikaliklar Kiyevga 55,5 milliard dollarlik qurol-aslaha yetkazib berishgan. Ammo bu yordamlarning katta qismi – tank va brotexnikalar allaqachon Rossiya harbiylari tomonidan yo‘q qilingan. 1000 dan ortiq tank va 2000 dan ziyod BMP shular jumlasidan.
Rossiyaning Ukrainaga bosqini allaqachon holdan toydirish urushiga aylangan. Har ikki tomon qo‘shinlarida odam va texnika yetishmayapti. Barqaror ko‘ringan Rossiya iqtisodiyoti ham horg‘inlik alomatlarini ko‘rsatmoqda. Ammo G‘arbdagi Ukraina ittifoqchilari ham urushdan charchayapti. Bu allaqachon harbiy ta’minot va moliyaviy yordamda aks etmoqda, lekin oldinda, ehtimol, og‘irroq davrlar kutmoqda.
Shu bilan birga, Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy aytishicha, yarim yil ichida Ukraina va’da qilinganining atigi 10 foizini oldi. Uning aytishicha, kechikishlar mablag‘ yetishmasligi emas, balki byurokratik va logistika muammolari tufayli bo‘lgan.
To‘g‘ri, Ukrainaga moliyaviy yordam ham kamaymoqda. Hozircha bu pasayish sezilarli emas, ammo tadqiqotchilar hisob-kitoblariga ko‘ra, kelgusi yilda u ikki baravar qisqarishi mumkin. Ayni paytda bu – sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan eng yomon ssenariy.
Harbiy yordam qisqarishi allaqachon Ukraina Qurolli Kuchlari ahvoliga ta’sir ko‘rsatdi. Ukraina armiyasi frontni saqlab turibdi, lekin baribir Rossiya qo‘shinlari hujumi ostida chekinishga majbur bo‘lmoqda.
Abduvali Soyibnazarov tayyorladi








