Daryo

Kreml ATACMS’dan Rossiya hududiga zarba berish bo‘yicha Putinning pozitsiyasini eslatdi

Shuningdek, prezident matbuot kotibi Putinning so‘zlari bilan yana bir bor tanishib chiqishni tavsiya qildi

1 daqiqa o‘qish12 376 ko‘rishlar0 izoh0

AQSHning Ukrainaga Rossiya bo‘ylab uzoq masofali raketalar bilan zarba berishga ruxsat etgani haqidagi xabarlarga Kreml salbiy munosabat bildirdi.

Foto: Anadolu

Rossiya prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskovga ko‘ra, ushbu qaror keskinlikning yangi bosqichi va AQSHning Ukrainadagi urushga aralashuvini anglatadi.

Siyosatchining ta’kidlashicha,  Putinning Sankt-Peterburgda bo‘lib o‘tgan madaniy forumdagi bayonotida uning, Rossiya tomonining pozitsiyasi juda aniq va bir maʼnoda ifodalangan. U, shuningdek, prezidentning so‘zlari bilan yana bir bor tanishib chiqishni tavsiya qilgan.

“Agar shunday qaror haqiqatan ham ishlab chiqilgan va Kiyevga yetkazilgan bo‘lsa, bu keskinlikning yangi bosqichi hamda Qo‘shma Shtatlarning ushbu mojaroga aralashuvi nuqtayi nazaridan yangi holatdir”, dedi Peskov matbuot brifingida.

“Yangi keskinlik davri”

“Vashingtondagi lavozimidan ketayotgan ma’muriyat ‘olovga moy sepish’da davom etishi va bu mojaro atrofida keskinlikni yanada kuchaytirish uchun choralar ko‘rish niyatida ekani aniq”, dedi Kreml vakili.

Bir kun avval Amerika va Yevropaning ko‘plab ommaviy axborot vositalari AQSH prezidenti Jo Bayden Ukraina harbiylariga Rossiya hududiga hujum qilish uchun ATACMS raketalaridan foydalanishga ruxsat bergani haqida xabar qilgandi.

Foto: Getty Images

The New York Times nashrining yozishicha, Ukraina Qurolli kuchlari bu raketalarni faqat Kursk viloyatidagi Rossiya va Shimoliy Koreya qo‘shinlariga qarshi qo‘llashi mumkin, deya taxmin qilinmoqda.

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy G‘arb hamkorlaridan Ukrainaga yetkazib berilgan yuqori aniqlikdagi raketalar bilan Rossiya hududiga zarba berishga ruxsat etishni bir necha bor so‘ragan va buni harbiy zarurat bilan izohlagan. Yozda Ukraina Bosh razvedka boshqarmasi boshlig‘i Kirill Budanov ukrainaliklar allaqachon G‘arb qurollari bilan bunday hujumlarni amalga oshirayotganini aytgan.

Rossiya yetakchisi avvalroq mamlakat hududiga chuqur zarbalar berish bo‘yicha cheklovlarning olib tashlanishi “NATO davlatlari, AQSH va Yevropa davlatlari urush holatida” ekanini anglatishini ta’kidlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar