Daryo

NATO bosh kotibi Ukrainaning frontdagi ahvoli yomonlashganini tan oldi

“Ukraina o‘z hududlarini yo‘qotmoqda. Biz Ukrainaning frontdagi ahvolini barqarorlashtirishiga, keyin esa o‘z hududlarini qaytarishga yordam berishimiz zarur”, dedi Mark Ryutte

1 daqiqa o‘qish14 610 ko‘rishlar0 izoh0

Ukraina frontda Rossiyaga yutqazmoqda. Bu haqda NATO bosh kotibi Mark Ryutte Varshavadagi matbuot anjumanida ma’lum qilgan.

“Endilikda qish davomida, kerak bo‘lsa undan ham uzoqroq muddat Ukrainaga harbiy yordam kelishda davom etishini ta’minlashimiz kerak. Ukraina o‘z hududlarini yo‘qotmoqda. Biz Ukrainaning frontdagi ahvolini barqarorlashtirishga, keyin esa o‘z hududlarini qaytarishga yordam berishimiz zarur”, dedi Ryutte.

Shu sababdan u NATO mamlakatlari tomonidan Kiyevga harbiy yordamning davom etishi o‘ta muhimligini ta’kidladi. 

Foto: “Report.az”

Ryutte, shuningdek, Polsha rasmiylari bilan alyans mudofaasini kuchaytirish masalasini muhokama qildi.

“Biz o‘z imkoniyatlarimizga ko‘proq sarmoya kiritish va ishlab chiqarishni ko‘paytirish orqali mudofaamizni qanday mustahkamlashni muhokama qildik”, deya qo‘shimcha qildi u.

Ukraina uchun og‘ir qish

Avvalroq NATO bosh kotibi Fransiya prezidenti Emmanuel Makron bilan qo‘shma matbuot anjumanida  Ukrainadagi mojaro trayektoriyasini o‘zgartirishga chaqirgandi.

Foto: AFP

“Biz birgalikda Ukrainaning jangovar qobiliyatini saqlab qolishdan ko‘ra ko‘proq natijaga erishishimiz kerak. Ukrainaliklar 2022-yildan beri eng qattiq bo‘lishi kutilayotgan qishga tayyorlanar ekan, ularni doimiy qo‘llab-quvvatlashda davom etishimiz zarurati haqida muhokama qilamiz. Tanlagan yo‘nalishimizda uzoq muddat sodiq qolishimizni tasdiqlashimiz kerak”, dedi NATO bosh kotibi.

Yopiq eshiklar ortidagi muhokama

Oktyabr oyida NATO bosh kotibi Mark Ryutte Zelenskiy taqdim qilgan g‘alaba rejasiga o‘z munosabatini bildirib, mazkur reja yopiq eshiklar ortida muhokama qilinishi kerakligini aytgandi.

Bosh kotibning so‘zlariga ko‘ra, reja “ukrainaliklar nimani xohlashini tushunish uchun ular bilan muhokama qilinishi kerak bo‘lgan ko‘p jihatlarga ega”. 

Zelenskiy 16-oktyabr kuni Oliy Radaga g‘alaba rejasini taqdim etdi. Rejaning birinchi bandi Ukrainaning NATOga qo‘shilishidan iborat. Zelenskiy bu ish yaqin orada ro‘y berishiga ishonch bildirgan.

Toshkentdanman. O‘zbekiston Milliy universiteti jurnalistika fakultetini tamomlaganman. 20 yildan beri jurnalistika sohasidaman. “Daryo”da 2022-yildan beri ishlayman. Hozirda Tahlil va tarjima bo‘limi boshlig‘iman. Yoqtirgan kinoim: "Balamut". Kitoblardan esa O‘tkir Hoshimovning “Dunyoning ishlari” asari yoqadi.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar