Daryo

AQSHdagi prezidentlik saylovi tarixdagi eng qimmati bo‘ldi

Kamala Harrisning saylov kampaniyasiga sarflangan mablag‘lar Trampnikini ortda qoldirdi. Xarajatlar asosan reklamalarga yo‘naltirildi

1 daqiqa o‘qish19 736 ko‘rishlar0 izoh0

AQSHda bo‘lib o‘tayotgan prezidentlik saylovlari mamlakat tarixidagi eng qimmat saylovga aylandi. Demokrat Kamala Harris va respublikachi Donald Tramp o‘z kampaniyalari uchun 3,5 milliard dollar sarfladi. Bu haqda Financial Times xabar berdi.

Foto: Getty Images

Demokratik partiyaning Milliy qo‘mitasi va unga aloqador tuzilmalar 2,3 milliard dollardan ortiq mablag‘ to‘plashga erishdi, shundan 1,9 milliard dollari ishlatildi. Respublikachilar esa jalb qilingan 1,8 milliard dollardan 1,6 milliard dollarini saylov kampaniyasini o‘tkazishga yo‘naltirdi.

Tahlillarga ko‘ra, mablag‘larning qariyb yarmi ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda asosan yettita beqaror shtatda (Arizona, Nevada, Shimoliy Karolina, Pensilvaniya, Jorjiya, Viskonsin va Michigan) reklama uchun yo‘naltirilgan.

Masalan, Pensilvaniyada har ikki nomzod bu maqsadlar uchun 400 million dollardan ortiq mablag‘ sarflagan (taqqoslash uchun, 43 ta boshqa shtatda — 358 million dollar). Pensilvaniya 19 nafar saylovchi ovoziga ega, g‘alaba qozonish uchun 270 ta ovoz kerak.

Bundan tashqari administrativ va operatsion harajatlar ham bor, Harris bu maqsadlar uchun 250 million dollar, Tramp esa 210 million dollar sarflagan.

Respublikachining barcha harajatlarining 14 foizga yaqini yoki 100 million dollardan ortig‘i sud chiqimlariga yo‘naltirilgan. AQSHda Trampga qarshi bir nechta ish qo‘zg‘atilgan, xususan, 2020-yilgi saylov natijalariga ta’sir o‘tkazishga urinish bo‘yicha. Iyul oyida Florida sudi siyosatchini maxfiy hujjatlarni noto‘g‘ri saqlashda ayblab, shu ishlardan birini yopgandi.

Open Secrets notijorat tashkilotining hisob-kitoblariga ko‘ra, 2024-yilda prezident, senator va kongressmenlar saylovlari uchun jami 15,9 milliard dollar, 2020-yilda esa 15,1 milliard dollar sarflangan.

Karimova Zulfiya Abduhakim qizi. 1999-yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. Millati — o‘zbek. 2023-yilda O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining xalqaro jurnalistika yo'nalishi bakalavr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar