Global dunyo inqiroz ko‘chasidan hali beri chiqib keta olmaydiganga o‘xshamoqda. Ukraina va Rossiya o‘rtasidagi urush 3 yildan beri davom etar ekan, eskalatsiya jarayoni tobora yangi bosqichga shiddat bilan ko‘tarilmoqda. Ayniqsa, Rossiya prezidenti Vladimir Putinning har qanday davlat oddiy qurol bilan Rossiya suverenitetiga tahdid qilsa, hech ikkilanmay qizil tugmani bosishini eʼlon qilishi, jahon hamjamiyatini o‘ylantirib qo‘ydi. Axir, Ukraina G‘arb mamlakatlari bergan qurollar bilan rus shaharlarini birma-bir o‘qqa tutishni ko‘zlayotgan, shuningdek, Ukraina armiyasi Rossiyaning Kursk viloyatini egallab olgan edi. Tabiiyki, bu harakatlar Rossiyaga yadro qurolidan foydalanish uchun asos bo‘ladi.
Xo‘sh, Rossiyaning yadro arsenalida qanday qurollar mavjud? Putin nega bunday qarorga keldi? U qizil tugmani bosishi mumkinmi? O‘z navbatida, G‘arb bunga qanday javob beradi? Quyida ushbu savollarga javob izlaymiz.
Rossiyaning yadro arsenali
Rossiya Federatsiyasi tashqi ishlar vazirligining rasmiy bayonoti va xalqaro ekspertlar guruhining hisob-kitoblari(AQSH va Rossiya o‘rtasidagi START III shartnomasi bo‘yicha almashinuv doirasida taqdim etilgan maʼlumotlarga asoslanib)ga ko‘ra, Rossiyaning strategik yadroviy kuchlari tarkibiga 517 ta strategik yetkazib beruvchi yadro qurollari – qitʼalararo ballistik raketalar, suv osti ballistik raketalari va 1420 ta yadro kallaklari bilan jihozlangan og‘ir bombardimonchi samolyotlar kiradi.
Shu bilan birga, yadro qurolini tashuvchilarning umumiy soni (joylashtirilgan va joylashtirilmagan) 775 birlikni tashkil etadi, bu START III shartnomasida belgilangan strategik hujum qurollarining umumiy miqdoriga to‘g‘ri keladi.
2019-yil boshida Rossiya o‘zidagi strategik yadroviy kuchlarning 99,9 foizini zamonaviy qurollar bilan jihozlagan. 2021-yil oxirida Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoygu rus armiyasida zamonaviy qurollarning ulushi 89 foizdan ortiqni tashkil qilishini maʼlum qilgan.
Qayd etilishicha, Rossiyada 9M723 ballistik raketalar uchun 75 ta, “Iskandar” raketalari uchun esa 20 ta jangovar kallak mavjud. Shuningdek, Tu-22M3, MiG-31K, Su-24M va Su-34 rusumidagi samolyotlar uchun 334 ta yadro kallaklari bor.
Bulletin of the Atomic Scientists maʼlumotlariga ko‘ra, Rossiya 52 ta Tu-95MS samolyoti uchun jami 430 ta yadro kallaklariga va Tu-160 uchun 156 ta yadro kallaklariga ega.
Rossiya yadro doktrinasidagi o‘zgarish
Rossiya harbiy doktrinasiga 2014-yilda kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, Rossiya Federatsiyasi va uning ittifoqchilariga qarshi yadroviy yoki ommaviy qirg‘in qurollaridan foydalanishiga javoban, yadroviy quroldan foydalanish huquqini o‘zida saqlab qoladi.
Ammo 2024-yil 25-sentyabr kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin Xavfsizlik kengashining yadroviy to‘siq bo‘yicha doimiy yig‘ilishida mamlakatning yadro doktrinasiga taklif etilayotgan o‘zgartirishlar mohiyatini bayon qildi.
“Rossiya agressiya paytida yadro qurolidan foydalanish huquqini o‘zida saqlab qoladi, shu jumladan dushman oddiy qurollardan foydalangan holda “kritik tahdid” yuzaga keltirsa ham”, degan Putin.
Siyosatshunos Oybek Sirojov “Daryo” muxbiri bilan suhbatda Rossiya o‘zining yadro doktrinasiga o‘zgartirish kiritish orqali, o‘zi uchun kelajakda xalqaro hamjamiyat oldida huquqiy asos hozirlayotganini bildirdi.
“Yadroviy zarba berish bu juda og‘ir masʼuliyat. Buni ijtimoiy-iqtisodiy, shu bilan birga kelajakdagi oqibatlari ham mavjud. Mana shu davlat rahbarini ancha tiyib turadi. Yadro qurolini ishlatish uchun huquqiy asos – bu mamlakatning yadro doktrinasi hisoblanadi. Ayni yadro doktrinasida qanday holatlarda yadro qurolini ishlatish masalasi aniq yoritiladi. Rossiya o‘zining yadro doktrinasini o‘zgartirmoqchi. Bu orqali kelajakda Rossiya (agar yadro qurolini ishlatsa) nima uchun quroldan foydalanganini huquqiy asoslamoqchi”, deydi siyosatshunos.
Siyosatshunos Farhod Tolipov esa Vladimir Putin “eski plastinka”ni aylantirayotganini, qanday hujum Rossiya suverenitetiga aniq tahdid sifatida ko‘rilishi mavhum ekanligini taʼkidladi.
“Aslida bu gaplar yangi emas. Faqat bu safar Putin yangi iboralarni ishlatdi. Lekin bitta mavhum savol bor. Qanday holat Rossiya suverenitetiga tahdid sifatida ko‘riladi? Mana shu holatga aniqlik kiritilmagan. 2-3 ta obyektlarga berilgan raketa zarbasi mamlakatning suverenitetiga tahdid, degani emas. Yaʼni bu bilan davlat yo‘q bo‘lib ketmaydi”, dedi siyosatshunos Farhod Tolipov “Daryo” muxbiri bilan suhbatda.
Kremlning yadro qurolidan foydalanish borasidagi bayonotlaridan oldinroq, AQSH va Buyuk Britaniya Ukrainaga uzoq masofaga uchuvchi Storm Shadow “Bo‘ron soyasi” va ATACMS raketalarini berish va bu raketalaridan foydalangan holda Rossiya hududlarini nishonga olishga ruxsat berishi haqida bosh qotirayotgan edi.
Tarix fanlar doktori, professor Anvar Yo‘ldoshevning fikricha, Moskvaning yadro qurolidan foydalanish haqidagi bayonotdan keyin AQSH raketalarni Ukrainaga bermaslikka qaror qilgan.
“Bu jiddiy holat. AQSH va Yevropa mamlakatlari Ukrainaga uzoq masofaga uchadigan raketalarni bermoqchi edi. Lekin Putinning yadro quroli haqidagi bayonoti chiqqach, AQSH Ukrainaga raketalarni bermaslikka qaror qildi”, deydi u.
Uzoq masofaga uchadigan raketalarni nishonga yo‘naltirishda Ukrainaga texnologik imkoniyatlar yetishmaydi. Tabiiyki, unga kimdir bu masalada yordam berishi kerak. AQSHning sunʼiy yo‘ldoshdan foydalanish imkoniyatlari Rossiyaga qaraganda ancha kengroq. Masalan, yaqinda Rossiyaning Arxangelsk viloyatidagi “Plesetsk” kosmodromida RS-28 “Sarmat” qitʼalararo ballistik raketasi sinov vaqtida portlab ketgani aynan sunʼiy yo‘ldosh orqali aniqlandi.
Putin qizil tugmani bosadimi?
Siyosatshunos Farhod Tolipov ushbu savolga javob berar ekan, Putin nosog‘lom tafakkur holatida bo‘lsa, undan hamma narsani kutish mumkinligini aytib o‘tdi.
“Yadroviy urushda g‘alaba qozonish mumkin emas. Agar Rossiya Ukraina hududiga yadro zarbasi bersa, o‘z navbatida G‘arb mamlakatlari Ukrainaga ham yadro qurolini berishi mumkin. Yaʼni javob ham yadroviy bo‘ladi.
G‘arb mamlakatlarining rahbarlari Vladimir Putinning yadro quroli haqidagi gaplarini masʼuliyatsizlik deb baholadi. Aslida, Rossiya rahbarining bu bayonoti uning zaifligidan va urushda mag‘lubiyatga uchraganidan dalolat beradi. Yaʼni Rossiya oddiy qurollar bilan Ukrainani mag‘lub eta olmadi va boshi berk ko‘chaga kirib qoldi. Yadro qurolini ishlatgan taqdirda ham, ishlatmaganda ham Rossiya uchun bu mag‘lubiyat. Buni faqat bittagina yechimi bor. U ham bo‘lsa, 1989-yilda Sovet Ittifoqi Afg‘onistondan mag‘lub bo‘lganini tan olgan holda tark etganidek, Rossiya ham Ukraina hududini tark etishi kerak. Lekin bundan Putin qo‘rqadi. Chunki rus jamiyatida nima uchun shuncha urishdik, degan savol paydo bo‘ladi. Mana shu boshi berk ko‘cha”, dedi Farhod Tolipov.
Siyosatshunos Oybek Sirojov vaziyat jiddiy tus olmasa, Rossiya qirg‘in qurolidan foydalanmasligini taʼkidladi.
“Rossiyada taktik yadro qurolini ishga tushirishguncha bir qancha imkoniyatlar bor. Yadro qurolidan foydalanish oxirgi imkoniyat. Vaziyat jiddiy tus olmasa Rossiya yadro qurolidan foydalanmaydi. Birinchidan. agar Rossiya yadro qurolini ishlatsa, uning tarafdorlari Rossiyani qo‘llab-quvvatlashni to‘xtatadi. Jumladan, Xitoy va Hindiston ham. Ikkinchidan, katta ehtimol bilan G‘arb davlatlari Rossiyaga yadro quroli bilan javob qaytarmasa ham, ular Ukrainaga yadro qurolini beradi. Yaʼni Rossiya yadro zarbasini bersa, albatta unga javob bo‘ladi”, dedi u.








