Buxoro shahri va Navoiy viloyatining G‘ozg‘on shahrida valyuta qimmatliklari savdosi bilan shug‘ullanib kelgan shaxslar ushlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, departamentning Buxoro shahar bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda valyuta ayirboshlash bilan shug‘ullanib kelgan A.N. fuqaro V.S.dan 240 ming Rossiya rublini 31,2 mln so‘mga sotib olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Shu kabi departamentning G‘ozg‘on shahar bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro M.M jami 1,3 mln qozoq tengesini fuqaro A.J.ga 37 mln so‘mga sotishga kelishib, shundan yonida bo‘lgan 1,2 mln qozoq tengesini bergan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 177-moddasi (valyuta qimmatliklarini qonunga xilof ravishda olish yoki o‘tkazish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Izoh (0)