Daryo

Namangan xalqaro aeroporti o‘tkazgan qariyb 1,5 mlrd so‘mlik tender bekor qilindi

Davlat xaridida qonunbuzilishlarga yo‘l qo‘yilgani aniqlandi

1 daqiqa o‘qish11 524 ko‘rishlar0 izoh0

Namangan xalqaro aeroporti tomonidan o‘tkazilgan 1 milliard 440 million so‘mlik davlat xaridi bekor qilindi. Bu haqda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi axborot xizmati xabar berdi. 

Xabarga ko‘ra, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan Namangan xalqaro aeroporti MCHJ buyurtmachiligida “Kompleks tozalash (obodonlashtirish) xizmatini ko‘rsatish” yuzasidan 2023-yil 2-may kuni o‘tkazilgan davlat xaridida  qonunbuzilishlarga yo‘l qo‘yilgani aniqlandi.

 Xususan, “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi qonunning 10-moddasi (raqobat va xolislik prinsipi), 14-moddasi (manfaatlar to‘qnashuvi), 46-moddasi (davlat xaridlari jarayonidagi cheklovlar) talablariga amal qilinmagan.  

Ushbu xaridda ishtirok etib, g‘oliblikni qo‘lga kiritgan talabgorning hujjatlari xarid komissiyasining ikki nafar aʼzolari foydalangan kompyuter (IP-manzillari bir xil) orqali elektron platformaga yuklangan.

Mazkur holatlar bo‘yicha davlat xaridi o‘tkazilgan kunning o‘zida xarid komissiyasining bayonnomasini bekor qilish to‘g‘risida buyurtmachiga taqdimnoma kiritildi va qonuniy chora ko‘rish uchun to‘plangan hujjatlar Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentiga yuborildi.

Agentlik taqdimnomasiga binoan Namangan xalqaro aeroporti MCHJ tomonidan 3-may kuni xarid komissiyasining bayonnomasi bekor qilindi.

Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar