Daryo

“Chorsu” bozorida shakarga navbat kuzatilmoqda. Bozor rahbariyati esa shakar yetarli ekanini, odamlar vahimaga tushmasligi lozimligini aytmoqda (video)

“Shakar ko‘p, ammo odamlar vahimaga tushib qolgan, shekilli, yoppasiga shakar sotib olishga tushishgan. Har bir xaridorga belgilab berilganidek, 5 kilodan shakar sotyapmiz”, — deydi sotuvchi

4 daqiqa o‘qish4 452 ko‘rishlar0 izoh0

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahridagi “Chorsu” bozorida shakarga turnaqator navbatlar kuzatilayotgani, xaridorlar shakar tugab qolayotganidan vahimaga tushayotgani ko‘ringan video tarqaldi. “Daryo” mazkur holatni voqea joyiga borib o‘rgandi.

“Bugun ertalab soat 09:00 da 10 ming so‘mdan uch kilo shakar olib ketgandim. Hozir kelsam, 12 ming so‘mga chiqibdi. Murabbo yopmoqchi edik, shakar yetmayapti. Nega narx oshdi? Nega yana xalqni qiynashyapti? Tushunib bo‘lmayapti, o‘zimizdan chiqayotgan shakarni xalq uchun sotishlari kerak-ku. Murabbo qilsak, qishda go‘sht yemasak ham, shu murabboni yeymiz-da”, — deydi Kozim Mirsoliyev.

Kozim MirsoliyevFoto: “Daryo” / Ilhom Xursanaliyev

Bozordagi xaridorlardan birining aytishicha, u ancha paytdan beri navbatda tursa-da, shakar ololmayapti.

Foto: “Daryo” / Ilhom Xursanaliyev

“Yil bo‘yi shakar sotib olishga birinchi marta chiqishim ekan. Ammo shunaqa navbatga duch keldim. Anchadan beri turib, shakar ololmayapman. ‘Obed’ deb ketishgandi, endi esa sotishmayapti”, — deydi u.

Muyassar MahmudovaFoto: “Daryo” / Ilhom Xursanaliyev

Shakar xaridorlaridan yana biri Muyassar Mahmudovaning aytishicha, u ikki-uch kun avval o‘zi yashovchi hududda shakarni 18 ming so‘mdan olgan.

Foto: “Daryo” / Ilhom Xursanaliyev

“Odatda mavsum paytida xohlasak-xohlamasak, narx oshadi. Men ikki-uch kun ilgari o‘zim yashaydigan hududdan shakarning kilosini 18 ming so‘mdan oldim”, — deydi Muyassar opa.

Foto: “Daryo” / Ilhom Xursanaliyev

“Daryo” bilan suhbatda bo‘lgan Nafosat Jalilovaning aytishicha, u kecha, 8-iyun kuni shakar olish maqsadida “Chorsu” bozoriga tushgan. Ammo bir soat navbatda tursa-da, shakar ololmagan.

Nafosat JalilovaFoto: “Daryo” / Ilhom Xursanaliyev

“Hozir yarim soatdan beri kutyapman. Ikkita joydan navbat olganman. Qayerda navbatim kelsa, o‘sha yerdan shakar olmoqchiman. Hozir savdo do‘konlarida shakar yo‘q, katta supermarketlarda esa ikki kilodan ortiq sotishmayapti”, — deydi Nafosat Jalilova.

Foto: “Daryo” / Ilhom Xursanaliyev

Shakar xaridori Nafosat Jalilovaning aytishicha, pishiqchilik paytida har doim shakar narxi oshgan.

“Hozir mavsumda shakar ko‘p kerak bo‘lyapti-da, keyinchalik hech kimning ishi bo‘lmay qoladi. To‘g‘ri, shakar tugab qolmaydi, ammo issiqda navbat kutib turish amrimahol. Shu odamlarni qiynayapti”, — deydi xaridor.

“Eski Jo‘va” dehqon bozoridagi shakar sotuvchilaridan birining aytishicha, bozordagi shakar sotilayotgan joylarning birida tushga qadar 11 tonna shakar sotilmoqda.

Foto: “Daryo” / Ilhom Xursanaliyev

“Shakar ko‘p, ammo odamlar vahimaga tushib qolgan, shekilli, yoppasiga shakar sotib olishga tushishgan. Har bir xaridorga belgilab berilganidek 5 kilodan shakar sotyapmiz”, — deydi sotuvchi.

Bozordagi arzon shakarga xaridorlardan biri Nabira Mengbayevaning aytishicha, aslida u bozorga shakar olish maqsadida tushmagan.

Nabira Mengbayeva.Foto: “Daryo” / Ilhom Xursanaliyev

“O‘g‘lim va kelinim kofe ichadi-da, shunga ulardan shakar kerakmi, deb so‘ragandim, ko‘tara olsangiz, mayli olib keling, deyishgani uchun navbatda turib, shakar olib ketmoqchi bo‘lyapman”, — deydi Nabira opa.

Shakar xaridorlaridan yana biri Ravshan Pirmatovning aytishicha, bozorlarda shakar tanqisligi kuzatilmoqda.

Foto: “Daryo” / Ilhom Xursanaliyev

“O‘zi kundalik hayot uchun ko‘p shakar ketmaydi. Deylik, kuniga 100 gramm ketsa, shunga qarab olmoqchiman. Ammo navbatlar ko‘p ekan”, — deydi Ravshan Pirmatov.

“Eski Jo‘va” dehqon bozori AJ rahbari Shuhrat Fayzullayevning ma’lumot berishicha, bozorda 10 ta joyda arzonlashtirilgan narxda 10-12 ming so‘mdan shakar sotilmoqda.

Shuhrat Fayzullayev.Foto: “Daryo” / Ilhom Xursanaliyev

“Bozorda kuniga 50 tonna, shanba va yakshanba kunlari esa 70 tonnagacha shakar sotilmoqda. Hozir Toshkent shahridagi 12 ta bozorda ham shu ahvol. Shakarga talab ko‘paygan. Ammo xaridorlarimiz shakar ko‘pligini, shakarni yetarli darajada ta’minlab bera olishimizni tushunishmayapti”, — deydi bozor rahbari.

Mas’ulning aytishicha, bozorda shakarga navbatning yuzaga kelishi odamlarning ehtiyojidan ko‘p shakar xarid qilishi bilan bog‘liq.

Foto: “Daryo” / Ilhom Xursanaliyev

“Bugun Spark haydovchisining harakatini kuzatib, uning bozordagi mavjud 10 ta joydan ham shakar olishga uringanini ko‘rdik. Surishtirsak, uning mashinasida 158 kilo shakar bor ekan. Nega buncha shakar olyapsiz, shuncha shakarga ehtiyojingiz bormi, deb so‘radik. Lekin, afsuski, ehtiyoj yo‘q. Achinarlisi, mana shunaqa insonlar sabab shakarga turnaqator navbatlar yuzaga kelyapti”, — deydi Shuhrat Fayzullayev.

Foto: “Daryo” / Ilhom Xursanaliyev

Bozor mas’ullarining aytishicha, bozorda sotilishi mo‘ljal qilingan shakardan tashqari 10 tonnagacha zaxira yaratilgan.

“Fuqarolarimizga murojaat qilib, vahimaga berilmasliklarini, bozor rahbariyati aholi ehtiyojiga yetarli darajada shakar topib berishini ma’lum qilamiz”, — deydi bozorqo‘m.

Qashqadaryodanman. 2012-yil O‘zMUning jurnalistika fakultetini tamomlaganman. “Daryo”da 2018-yildan beri ishlayman. Yoqtirgan kino va filmlarim ko‘p, ammo ular orasida “Jigar” bo‘lakcha. Kitoblardan esa Abdulla Qodiriyning “O‘tkan kunlar asari yoqadi.

Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar