Daryo

O‘zbekiston fuqarolarining 50 nafariga Fransiyada bepul o‘qish imkoniyati beriladi

Fransiya elchixonasi, Campus France va “El-yurt umidi” jamg‘armasi o‘rtasidagi qo‘shma grantlarni moliyalashtirish uchun ochiq stipendiya tanlovlari e’lon qilindi

2 daqiqa o‘qish44 006 ko‘rishlar0 izoh0
Foto: Isgolaghat

O‘zbekiston yoshlari Fransiya oliy ta’lim muassasalarida bepul o‘qish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Ushbu mamlakat elchixonasi bakalavr, magistratura va doktoranturada o‘qish uchun O‘zbekistonda grant ajratdi, deb xabar beradi “El-yurt umidi” jamg‘armasi.

Foto: Isgolaghat

Fransiya elchixonasi, Campus France va “El-yurt umidi” jamg‘armasi o‘rtasidagi qo‘shma grantlarni moliyalashtirish uchun 50 o‘ringa mo‘ljallangan ochiq stipendiya tanlovlarini e’lon qildi. Shuningdek, “Yangi O‘zbekistonning 2022–2026-yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasi” loyihasida “El-yurt umidi” jamg‘armasi orqali erkin va ijodiy fikrlaydigan yoshlarni nufuzli xorijiy oliygohlarga o‘qishga yuborish ko‘lamini 2 baravarga oshirish taklifi ilgari surilmoqda.

“El-yurt umidi” jamg‘armasi O‘zbekiston uchun eng ustuvor sohalar, jumladan:
  • Neft va gaz, elektr energiyasi, qayta tiklanadigan energiya, geologiya va konchilik;
  • Yadro muhandisligi, elektrotexnika, aerokosmik muhandislik va fuqaro aviatsiyasi;
  • Avtomobilsozlik;
  • Axborot texnologiyalari va sun’iy intellekt;
  • Suv va ekologiya muhandisligi, agronomiya;
  • Gumanitar fanlar, chet tillari;
  • Madaniyat, turizm va sport, kinematografiya, madaniy meros va muzeyshunoslik, moda;
  • Arxitektura va dizayn;
  • Iqtisodiyot va menejment, huquq, jurnalistika, davlat boshqaruvi;
  • Sog‘liqni saqlash va farmatsevtika.
Ushbu sohalarda o‘qishni davom ettirish uchun qo‘shma grantlarni moliyalashtirish uchun 50 o‘ringa mo‘ljallangan ochiq stipendiya tanlovlarini e’lon qilinadi. “El-yurt umidi” jamg‘armasi 2022—2023-o‘quv yili uchun eng nufuzli xorijiy davlatlarda:
  • bakalavriat ta’lim dasturi uchun 10 nafar,
  • magistratura ta’lim dasturi uchun 30 nafar,
  • doktorantura ta’lim dasturi uchun 10 nafar stipendiyalar ajratishini ma’lum qiladi.
Tanlovda ishtirok etish uchun arizalar “El-yurt umidi” jamg‘armasining onlayn platformasi orqali elektron shaklda topshiriladi. Hujjatlar 2022-yilning 15-martdan 15-mayga qadar davom etadi. Nomzodlarning o‘zbek, fransuz va ingliz tillarini bilish darajasini baholash “El-yurt umidi” jamg‘armasi va Campus France’ning tegishli mutaxassislari tomonidan amalga oshiriladi. Tegishli xorijiy tillarni bilish darajasi CEFR B2.

Grant sohiblarini tanlashda ikki asosiy yo‘nalish bo‘yicha 2022-yilning may—iyun oylarida suhbat o‘tkaziladi: motivatsiya va mutaxassislik bo‘yicha bilim darajasi. O‘qish sentabr oyidan boshlanadi.

Saralash tanloviga oid barcha ma’lumotlarni “El-yurt umidi” jamg‘armasining “Eyuf.uz” sayti orqali bilib olish mumkin. Nomzodlar uchun barcha zarur ma’lumotlar jamg‘armaning Onlayn hujjat topshirish platformasida batafsil yoritib berilgan.

Avvalroq xorijiy OTMlarga bakalavriat uchun – 50 nafar, magistratura uchun – 10 nafar xotin-qizlarga har yili “El-yurt umidi” jamg‘armasi orqali qo‘shimcha grantlar ajratilishi to‘g‘risida xabar berilgandi.

Mavzuga doir: O‘zbekistonlik qancha talaba 2022-yilda budjet hisobidan xorijda o‘qishi ma’lum qilindi

Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar