Daryo

Zelenskiy AQSh taxmin qilgan hujum sanasini Ukraina birligi kuni deb e’lon qildi

AQSh rasmiylari hamda g‘arb OAV mazkur sanani Rossiyaning Ukrainaga hujum uyushtirishi mumkin bo‘lgan kun deb taxmin qilgandi

2 daqiqa o‘qish65 748 ko‘rishlar0 izoh0

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy mamlakat fuqarolariga yo‘llagan videomurojaatida 16-fevralni respublikada milliy bayram — Ukraina birligi kuni deb e’lon qildi.

AQSh rasmiylari hamda g‘arb OAV mazkur sanani Rossiyaning Ukrainaga hujum uyushtirishi mumkin bo‘lgan kun deb taxmin qilgandi.

“16-fevral hujum kuni bo‘lishi haqida gapirishmoqda. Biz ushbu sanani mamlakatda xalq birlashuvi kuni qilamiz. Tegishli farmon allaqachon imzolangan. Shu kuni milliy bayroqlarimizni baland ko‘taramiz, ko‘k-sariq lentalar taqamiz va butun dunyoga Ukrainaning birlashgan xalq ekanini namoyish qilamiz”, — degan Zelenskiy.

Mavzuga doir: AQSh Rossiyaning Ukrainaga yaqin kunlarda hujum uyushtirishi mumkinligini taxmin qildi. “Angllar va sakslarga har qanday yo‘l bilan urush chiqarish manfaatli”, — deya javob bergan Rossiya TIV. Keskinlikning yangi bosqichi haqida asosiy ma’lumotlar

Bloomberg, Spiegel va Politico kabi bir qator axborot agentliklari Rossiyaning 15–16-fevral kunlari Ukrainaga hujum qilishga tayyorlanayotganini xabar qilgan.

Politico ma’lumotlariga ko‘ra AQSh prezidenti Jo Bayden Vashingtonning Yevropadagi ittifoqchilari bilan onlayn muzokaralarda Rossiya 16-fevralda qurolli hujumni boshlashini ma’lum qilgan. AQSh prezidenti administratsiyasidagi ikki manba ham 16-fevral Rossiyaning Ukrainaga bostirib kiradigan kuni bo‘lishi mumkinligini Politico’ga tasdiqlagan, ammo ismini oshkor etmagan britaniyalik amaldor London ushbu axborotni boshqacha talqin qilayotganini aytgan. Yevropa mamlakatlaridagi yana ikki nafar diplomat gazeta vakili bilan suhbatda ushbu axborotlarga ishonmayotganini qayd etgan.

Vashington o‘z qoidalariga ko‘ra, bu borada aniq sanalar haqida rasmiy izoh bermagan. AQSh prezidentining milliy xavfsizlik masalalari bo‘yicha yordamchisi Jeyk Sallivan CNN’ga bergan intervyusida hujum sanasi qachon bo‘lishini gapirmagan, lekin bu istalgan vaqtda sodir bo‘lishi mumkinligi haqida aytgan. Sallivan Vashingtondagilarning fikricha, Moskva Pekindagi qishki Olimpiada o‘yinlari vaqtida yoki ushbu musobaqalardan keyin ham Ukrainaga bostirib kirishi mumkinligini ta’kidlagan. Shuningdek, AQSh davlat kotibi Entoni Blinken ham shunga yaqin gaplarni aytib o‘tgan.

CNN manbalari hujumning taxminiy sanasi haqidagi masalalar Kiyev hamda Vashington o‘rtasida qarama-qarshiliklarni yuzaga keltirganini bildirgan. Zelenskiyning fikricha hujum ehtimoli kam, AQSh rasmiylarining bayonoti vaziyatni murakkablashtirib yubormoqda. O‘z navbatida Bayden va uning administratsiyasi Zelenskiyning Rossiya tahdidiga jiddiy e’tibor qaratmayotganidan norozi, degan CNN telekanalining suhbatdoshlari.

Avval Vladimir Zelenskiy oilasi bilan birga Ukrainada ekanligi va mamlakat chiqib ketish niyati yo‘qligini aytgandi.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar