Daryo

Mutaxassis: Yarimo‘tkazgichlar tanqisligi elektromobillar narxi oshishiga ta’sir o‘tkazyapti

NIO kompaniyasi Xitoyning Hefey shahridagi zavodini mikrosxema tanqisligi tufayli to‘xtatishga majbur bo‘lgan

2 daqiqa o‘qish62 741 ko‘rishlar0 izoh0

Toshkent shahridagi Megawatt motors elektromobil savdosi bilan shug‘ullanuvchi kompaniya yetakchi mutaxassisi Jaloliddin Abdusalomov Yevropa va Xitoyda ishlab chiqarilayotgan elektromobillarning o‘rtasidagi farqlar haqida “Daryo”ga qisqacha tushuntirish berdi.

Jaloliddin AbdusalomovFoto: “Daryo” / Madina Nurman

“O‘zbekistonga olib kirilayotgan elektromobillarning 90 foizi Xitoy avtosanoat kompaniyalari hissasiga to‘g‘ri keladi. Men faoliyat yuritadigan elektromobillar kompaniyasi Xitoyning: NIO, BYD, Xpeng va Yevropadan Volkswagen, Audi hamda Amerikadan Tesla elektromobillarini O‘zbekistonga olib kiradi. Xitoy va Yevropada ishlab chiqarilgan elektromobillarni o‘zaro solishtirganimizda Yevropa elektromobillarida ustunlik jihatlarini ko‘rayotganimiz yo‘q. Aksincha, Xitoy elektromobillarida funksiyalar ko‘proq — xavfsizlik tizimi, kattaroq batareya, ko‘proq yurish masofasiga ega bo‘lasiz. Yevropa elektromobillarining brendi uchun pul to‘laysiz. Tesla elektromobillarining tanqisligi va qimmatligi yaxshi o‘ylangan marketing samarasi”, — dedi Jaloliddin Abdusalomov.

Uning qo‘shimcha qilishicha, pandemiya sababli dunyoda yuzaga kelgan chiplar (yarimo‘tkazgichlar) muammosi elektromobillar narxiga o‘z ta’sirini o‘tkazmoqda.

Mavzuga doir: O‘zbekistonga oktabr oyida jami 1,5 mln dollarga 55 ta elektromobil import qilindi

“Pandemiya sababli mikrosxemalar (yarimo‘tkazgichlar) yetishmovchiligi elektromobillar savdosiga ta’sir qilmoqda. Misol uchun, biz hamkorlik qiladigan NIO kompaniyasi Xitoyning Hefey shahridagi zavodini mikrosxema tanqisligi tufayli to‘xtatishga majbur bo‘ldi. Bu o‘z o‘rnida elektromobillarning egalariga yetkazib berishda kechikishlarga sabab bo‘lmoqda. Lekin yarimo‘tkazgichlar yetishmovchiligiga qaramay Xitoy avtokonsernlari elektromobil narxlarini bir me’yorda ushlab turishga harakat qilmoqda. Dunyodagi yirik elektromobil ishlab chiqaruvchi Tesla kompaniyasi esa avtomobil narxlarini 2021-yil boshidan buyon 20 foizga oshirdi. Xalqaro mutaxassislar chiplar yetishmovchiligini 2023-yilga borib bartaraf etilishini ma’lum qildi, — dedi Megawatt motors kompaniyasining yetakchi mutaxassisi.

Mavzuga doir: Farg‘onada dastlabki elektromobillar 2021-yil dekabr oyida test rejimida ishlab chiqariladi

Ta’kidlanishicha, chiplar yetishmovchiligiga qaramay Xitoy elektromobillari narxi pasaymagan va mamlakatda ichki bozor uchun katta kurash ketmoqda. “Xitoy elektromobil ishlab chiqaruvchilari nafaqat ichki bozor, bakli dunyo avtomobil bozorida ham arzon narxlarni taklif etmoqda. Xitoy hukumati 2030-yildan benzin bilan harakatlanuvchi avtomobillarni ishlab chiqarishni to‘xtatishini e’lon qilgan. Shuningdek, elektromobil ishlab chiqaruvchilarga subsidiya va boshqa iqtisodiy ko‘mak ko‘rsatilmoqda. Hattoki avtomobil ishlab chiqarmaydigan Xiaomi, Huawei kompaniyalari ham elektromobil ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish ustida ishlamoqda”, — dedi Jaloliddin Abdusalomov.

Mavzuga doir: Avtomobillar va gadjetlar nega o‘z vaqtida yetkazib berilmayapti? Chiplar tanqisligi qanday paydo bo‘lgani va elektron sanoatga qanchalik xavf solayotganini tushuntiramiz

Oʻzbekistondanman. Milliy universitetning jurnalistika fakultetida toʻrt yil amallab yurganman. Jurnalist boʻlish uchun diplom shart emas. “Daryo”da 2019-yildan beri xabar yozishga harakat qilaman. Sharof Boshbekovning “Yuzsiz” filmi qayta koʻrishga arziydi. Ulugʻbek Hamdamning “Badiiy tafakkur tadriji” kitobi soʻz haqidagi fikrlarimni parchalab tashlagan.

Telegram kanal@daryo_lotinObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar