Daryo

Yutinish qiyin bo‘lsa va og‘riq quloqqa bersa nima qilish kerak?

Har qanday tashxisga qarab individual davo choralari ko‘riladi, ammo og‘riqni kamaytirish mumkin bo‘lgan umumiy qoidalar ham yo‘q emas

2 daqiqa o‘qish48 882 ko‘rishlar0 izoh0
Foto: Getty Images

Shifokorlar tajribasida bir vaqtning o‘zida bir necha a’zoning bezovta qilayotganidan shikoyat qiladigan bemorlar ko‘p uchraydi. Ayniqsa, kuz-qish mavsumida esa quloq, tomoq og‘rishi holatlari ko‘p kuzatiladi.

Foto: Getty Images

Tomoq va quloqdagi og‘riq

Tomoq va quloqdagi og‘riq quyidagi kasalliklardan darak berishi mumkin.

Laringit — hiqildoq shilliq qavatining yallig‘lanishi

Hiqildoq shilliq qavatining orqa devori yallig‘langani hisobiga yutingan vaqt quloqda diskomfort seziladi. Shuningdek, kasallik yo‘tal va tomoqning qurishi bilan ham kechishi mumkin.

Angina — (o‘tkir tonzillit) tanglay murtak bezlarining yallig‘lanishi bilan kechadigan o‘tkir infeksion kasallik

Quloqqa beradigan og‘riqdan tashqari ushbu kasallikda yuqori harorat, tilni karash qoplashi, mushaklarda og‘riq va qaltirash ham kuzatilishi mumkin.

Otit — quloqning yallig‘lanishi

Doimiy bo‘lmagan og‘riq kechga borib kuchayadi. Shuningdek, tana haroratining oshishi, ishtahaning yo‘qolishi, quloqda yiringli ajralma paydo bo‘lishi ham mumkin.

Qizamiq, suvchechak

Ushbu kasalliklar asosan bolalarga xos. Agar farzandingiz, tomoq yoki quloqdagi og‘riqdan shikoyat qilsa, toshmadan tashqari, tana haroratining ko‘tarilishi, burun bitishi kuzatilsa, zudlik bilan shifokorga murojaat qiling.

Difteriya — asosan hiqildoq, tomoq shilliq pardalarining yallig‘lanishi va a’zolarning zararlanishi bilan kechadigan o‘tkir infeksion kasallik

Organizmdagi intoksikatsiya kuchayishi mumkin ekani bois ham mazkur kasallik xavfli hisoblanadi. Ta’kidlangan kasalliklardan keyin turli salbiy asoratlar kuzatilishi mumkin. O‘z vaqtida shifokorga murojaat qilinsa, buning oldini olishga erishsa bo‘ladi.

Yutinish qiyin bo‘lganda va og‘riq quloqqa berganda nima qilish kerak?

Har qanday tashxisga qarab individual davo choralari ko‘riladi, ammo og‘riqni kamaytirish mumkin bo‘lgan umumiy qoidalar ham yo‘q emas.

Tomoqni chayqash

Tomoqni shifobaxsh o‘tlar, masalan, tirnoqgul (kalendula), moychechak, mavrak bilan chayqash kerak. Tuz va soda qo‘shilgan iliq suv ham yaxshi natija beradi.

Issiq qilish (kompress)

Buning uchun tana harorati yuqori bo‘lmasligi kerak. Tuz solingan issiq qopcha yoki aroqda namlangan dokani og‘riq bor sohaga qo‘yish kerak.

Ingalyatsiya qilish

Bunda ham xuddi issiq kompressdagidek harorat yuqori bo‘lmasligi kerak. Qaynatilgan kartoshka yoki dorivor o‘simliklar damlamasidan ingalyatsiya qilishda foydalanish mumkin.

Mahalliy antiseptiklar

Xlorgeksidin bakteriyalarni o‘ldirishi bilan samara berishi mumkin.

Antibiotiklar

Shifokor tavsiyasiga amal qilgan holda foydalanish tavsiya qilinadi.

Yallig‘lanishga qarshi dori vositalar

Bunday preparatlar ham shifokor ko‘rsatmasiga binoan qabul qilingani yaxshi. Bu kabi choralar og‘riqni kamaytirishi mumkin.

Otorinolaringolog shifokor, tibbiyot fanlari nomzodi Vladimir Zaysevning aytishicha, yutinishda og‘riq sezilishi hamda haroratning 38 darajadan 40 darajagacha ko‘tarilishi tonzillitdan darak berishi va bu surunkali bo‘lishi mumkin. Kasallik asosan sovuq fasllarda, shuningdek, immunitet susayganida kuchayadi. Bu vaqtda yallig‘lanishga qarshi hamda haroratni tushiradigan dori vositalarini qabul qilish kerak. Kasallikka qarshi faqatgina antibiotiklar bilan kurashish mumkin, shu sabab o‘zboshimchalik qilmasdan shifokorga murojaat qilish darkor. Mavzuga doir:
Telegram kanal@daryo_lotinObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar