Daryo

Qamchiq dovonida 4 ta mashina ishtirokida YTH yuz berdi

Ushbu yo‘l-transport hodisasi avtomobil haydovchilari noqulay ob-havo sharoitini inobatga olmay, tezlikni oshirib haydashi oqibatida yuz bergan

1 daqiqa o‘qish74 047 ko‘rishlar0 izoh0
Foto: FVV matbuot xizmati

Qamchiq dovonida 6-oktabr kuni 4 ta mashina ishtirokida YTH yuz berdi. Bu haqda FVV matbuot xizmati xabar berdi.

Foto: FVV matbuot xizmati

Qayd etilishicha, shu kuni soat 06:20 larda Qamchiq dovonining 199 kilometrida Vodiy—Toshkent yo‘nalishida harakatlangan Spark haydovchisi boshqaruvni yo‘qotib, yo‘l o‘rtasidagi temir to‘siqqa urilgan. Uning ortidan kelayotgan, Spark’dan qochmoqchi bo‘lgan Gentra, Cobalt va yana bir Gentra mashinalari ham YTHga uchragan.

Foto: FVV matbuot xizmati
Foto: FVV matbuot xizmati

Zudlik bilan Qamchiq MQYoQB qutqaruvchilari, tez tibbiy yordam, YPX, “Qamchiqavtoyo‘l” Ixtisoslashgan yo‘llardan foydalanish unitar korxonasi xodimlari voqea joyiga yetib borgan. Qutqaruvchilar jarohat olgan fuqarolarni avtomoshinalar ichidan chiqarib olgan.

Spark salonida haydovchi va bir nafar yo‘lovchi bo‘lib, yo‘lovchi tan jarohati olgan. Cobalt’ning haydovchisi o‘ng qo‘l sinishi tashxisi bilan Angren shahar Markaziy shifoxonasiga yuborilgan. Hozirda shifokorlar ularning ahvoli yaxshilanganini bildirgan. Qolgan avtoulovdagi yo‘lovchi va haydovchilar yengil tan jarohati olgani sabab ularga shu joyning o‘zida birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilgan.

Xabarda aytilishicha, ushbu yo‘l-transport hodisasi avtomobil haydovchilari noqulay ob-havo sharoitini inobatga olmay, tezlikni oshirib haydashi oqibatida yuz bergan.

Eslatib o‘tamiz, Qamchiq dovonida 5-oktabr kuni kechasi qor yog‘di. Shu sababli YHXBB barcha haydovchilardan qoidalarga rioya qilishlarini, dovon yo‘lidan harakatlanib o‘tuvchilardan esa o‘ta ehtiyotkor bo‘lishlarini so‘ragandi. YHXBB, shuningdek, O‘zbekistonda ob-havo keskin pasayishi kutilayotgani sabab haydovchilarga shinalar holatiga e’tiborli bo‘lishga ham chaqirgandi.

Mavzuga doir: Qamchiq dovonida tezlikni me’yoridan oshirgan Cobalt xandaqqa ag‘darilib ketdi (foto)

Toshkentdanman. Nizomiy nomidagi O‘zbekiston Milliy pedagogika universiteti Chet tillar fakultetini tamomlaganman. “Daryo”da 2019-yildan beri Mahalliy xabarlar bo‘limida muharrir lavozimida ishlayman va O‘zbekistonda ro‘y berayotgan voqealarni kuzatib, yoritib boraman. Tavsiyalarga ko‘ra kino va filmlar ko‘raman. Kitoblardan Charlz Dikkensning “Devid Kopperfild” romanini aynisa qiziqish bilan o‘qiganman.

Telegram kanal@daryo_lotinObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar