Shimoliy Koreya hech qachon AQSh, Janubiy Koreya va qo‘shni davlatlar xavfsizligiga tahdid solmaydi. Bu haqda KXDRning Birlashgan Millatlar Tashkilotidagi doimiy vakili Kim Son tashkilot Bosh Assambleyasidagi nutqida aytib o‘tdi.

Kim Son

Foto: UN Photo

“Yer yuzida hech bir mamlakat KXDR kabi doimiy urush tahdidi ostida qolmagan. Biz harbiy tiyilish orqali qonunan o‘zni himoya qilish huquqini tushunamiz, bu tajovuzkor urushni to‘xtatishi va bizni himoya qilishi mumkin ”, — dedi u. — “Biz hech qachon AQSh, Janubiy Koreya va qo‘shni davlatlar xavfsizligini buzmaymiz yoki xavf ostiga qo‘ymaymiz ”.

Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSh va Janubiy Koreyaning harbiy tahdidlari doimiy ravishda o‘sib bormoqda va bu davlatlar yangi qurollarni ishlab chiqish va kengaytirish orqali Koreya yarim orolidagi “kuchlar muvozanatini buzishga” urinmoqda. “AQSh juda katta miqdordagi, 700 milliard dollardan ziyod mablag‘ni gipertovushli qurollar, yangi avlod qit’alararo ballistik raketalari, strategik yadroviy bombardimonchilarini yaratishga sarflamoqda. Bu qurollarning barchasi kelajakda urush boshlangan taqdirda KXDRga qarshi qo‘llashga mo‘ljallangan”, — deya qo‘shimcha qildi doimiy vakil.

KXDR vakilining nutqidan avvalroq Janubiy Koreya harbiylari Shimoliy Koreya Yapon dengizi tomonga navbatdagi ballistik raketasini uchirgani haqida ma’lum qildi. Shuningdek, KXDR 15 va 13-sentabr kunlari raketa uchirgani haqida xabar berilgan. O‘shanda Shimoliy Koreya hukumati raketalar mamlakatning yangilangan mudofaa strategiyasi doirasida sinovdan o‘tkazilganini aytgan.

O‘z navbatida, Yaponiya Mudofaa vazirligi uchirilgan raketalar iqtisodiy zona tashqarisidan o‘tgani, mamlakat havo hududiga kirmaganini bildirdi. Shu bilan birga Yaponiya bosh vaziri Yosixide Suga KXDR faoliyatini o‘z mamlakati va butun mintaqa uchun tahdid deb atadi.

26-sentabr kuni BMT bosh kotibi Antonio Guterrish insoniyat yadro qurollari sababli yo‘q bo‘lib ketish yoqasida turganini ta’kidladi. “Butun dunyoda 14 mingga yaqin yadro qurollari saqlanadi. Insoniyat hamon yadroviy qirilib ketishga o‘ta yaqin turibdi. Yadroviy ziddiyat bulutlarini tarqatib yuborib, dunyodagi yadroviy qurol-yarog‘larni yo‘q qilish, ishonch va tinchlikning yangi davrini boshlash vaqti keldi”, — deb yozdi Guterrish.

O‘z bayonotini Guterrish 26-sentabr kuni nishonlanadigan Xalqaro yadro qurolini to‘liq yo‘q qilish uchun kurash kuniga bag‘ishladi. Rossiya, AQSh, Buyuk Britaniya, Fransiya, Xitoy, Hindiston, Pokiston, KXDR va Isroil o‘z yadro quroliga ega.