Oksford universiteti olimlarining aniqlashicha, 2002—2004-yillarda noodatiy pnevmoniya tarqalishiga sabab bo‘lgan SARS-CoV-1 hamda hozirgi COVID-19 qo‘zg‘atuvchisi bo‘lgan SARS-CoV-2 koronaviruslarining eng keksa ajdodi bundan 21 ming yil oldin ham mavjud bo‘lgan. Bu haqda Current Biology ilmiy jurnalida chop etilgan tadqiqotga tayanib, “RBK” xabar berdi.

Foto: Getty Images

“Ushbu vaqt avvalgi hisob-kitoblardan qariyb 30 baravar uzoq. Bu viruslarning kelib chiqishi haqidagi tushunchamizga yangi nuqta’i nazarni hosil qiladi, bundan tashqari, shunga o‘xshash tarzda, boshqa viruslar evolyutsiyasining vaqt o‘lchovlarini tubdan qayta ko‘rib chiqish mumkin”, — deyiladi maqolada.

Mutaxassislar ushbu aniqlangan muddatni sarbekoviruslarning eng qadimgi umumiy ajdodlari “yoshi” deya belgiladi.

Olimlarning ta’kidlashicha, viruslar qisqa vaqt ichida tez rivojlanadi, lekin ular o‘z egalariga moslashishi zarur. Shunday qilib, masshtab jihatdan virus evolyutsiyasining tezligi ulardagi vektorlarning evolyutsiya tezligiga bog‘liq.

Oksford universiteti mutaxassislari viruslar o‘zgarishining uzoq muddatli dinamikasini ko‘rsatuvchi yangi model ishlab chiqdi. Bu nafaqat koronaviruslarning ajdodlarini hisoblab chiqishga, balki RNK va DNK viruslarining keng doiradagi evolyutsion tarixini tiklashga imkon berdi. Xususan, anatomik jihatdan ko‘rinishi hozirgi odamlarga o‘xshaydigan insonlarning Afrikadan ko‘chishi paytida gepatit C virusi butun dunyo bo‘ylab tarqalgan bo‘lishi mumkinligi aniqlandi. Ma’lum bo‘lishicha, virus yarim million yil oldin hayvonlar populyatsiyasida tarqalgan.

Olimlar, shuningdek, sutemizuvchilarning RNK viruslari bir necha haftadan bir necha oygacha “g‘ayrioddiy tarzda tez genomik o‘zgarishlar” namoyon qilishini aniqladi. Bunday viruslar mezbon tana o‘zgargandan keyin genomlarining asosiy qismini o‘zgartirishi mumkin. “Bundan tashqari, biz shuni aniqladikki, RNK viruslarining tez o‘sadigan guruhlarida o‘rin almashish tezligi DNK viruslariga qaraganda 1—2 daraja yuqori”, —aniqlik kiritdi tadqiqot mualliflari.

Insonda uchraydigan RNK viruslariga OITS, Ebola, Zika, gripp viruslari va koronaviruslar, jumladan, COVID-19 kiradi.

Avvalroq Buyuk Britaniyaning Bat va Edinburg universitetlari genetiklari COVID-19 ni keltirib chiqaruvchi SARS-CoV-2 koronavirusi har hafta, ya’ni ilgari o‘ylangandan ikki baravar ko‘p mutatsiyaga uchrashini aniqlagan edi. Ularning qayd etishicha, shu paytgacha koronavirusni o‘rganayotgan tadqiqotchilar ko‘plab mutatsiyalarni payqamagan, ular yangi shtammlarning paydo bo‘lish tezligini baholashda sekvenlanmagan va hisobga olinmagan.

Shuningdek, britaniyalik olimlar o‘lim darajasi 35 foiz bo‘lgan yangi koronavirus shtammi paydo bo‘lishi mumkinligidan ogohlantirgandi.