“Daryo”ni Telegram’da o‘qing! Join!
17:21, 30.07.2021 22681

Olimpiada o‘yinlarida o‘z baxtini topgan malika va shahzodalar

Olimpiada o‘yinlari sabab o‘z baxtini topgan qirollik oilasi vakillari haqida ma’lumot berib o‘tamiz.

Shvetsiya qiroli Karl XVI Gustav

Foto: Marie Claire

Karl XVI Gustav bo‘lajak turmush o‘rtog‘i bilan 1972-yil Myunxenda bo‘lib o‘tgan Olimpiada o‘yinlarida tanishgan. Tadbir davomida beshta tilda bemalol gaplashib, dunyoning turli burchagidan kelgan mehmonlar haqida qayg‘urayotgan tarjimon ayol uning e’tiboridan chetda qolmagan. Tasodifiy uchrashuv juftlikning turmush qurishiga sababchi bo‘lgan. Shunga qaramay, baxt tomon eltuvchi yo‘lni bosib o‘tish ular uchun oson bo‘lmagan. Karlning taqdirini shvetsiyalik zodagon bilan bog‘lashini afzal bilgan saroy a’yonlari uni kelib chiqishi Braziliya va Germaniyaga borib taqaladigan Silviya Zommerlatga uylanish fikridan qaytarmoqchi bo‘lgan. Shunga qaramay, juftlik yashirincha uchrashishda davom etgan. 1974-yil Silviya turli chidab bo‘lmas mish-mishlar fonida, ikki yildan keyingi Olimpiadaga go‘yoki tayyorlanish uchun Monrealga qochib ketgan. Ammo o‘z qaroriga sodiq qolgan Karl unga uzuk taqdim qilib, matbuotda Zommerlatni bo‘lajak qirolicha deb tanishtirgan. Muxbirlarning ayoldagi aynan qaysi jihat uni maftun qilgani haqidagi savolga u qizarganicha: “Bu Silviya. Hali o‘zingiz ko‘rasiz hammasini”, — deb javob bergan. Keyingi bergan intervyularida esa rafiqasini ilk ko‘rganidayoq nimadir jiz etgani va bu bugungi kunda ham davom etishini ta’kidlagan. Bugungi kunda baxtli hayot kechirayotgan juftlikning uch nafar farzandi bor. To‘ng‘ich qizi Viktoriya ota-onasi turmush qurganiga 34 yil bo‘lgan kuni turmushga chiqishga qaror qilgan. Malika va Daniel Vestling 2010-yil 19-iyunda munosabatlarini nikoh bilan bog‘lagan.

Daniyaning valiahd shahzodasi Frederik

Foto: Marie Claire

Daniyaning bo‘lajak hukmdori avstraliyalik Meri Donaldsonni 2000-yil 16-sentabrda Sidneydagi odamlar bilan gavjum Slip Inn pabida uchratgan. Olimpiada sabab u yerga borgan Frederik qizga o‘zini shunchaki Fredo deb tanishtirgan. Merining tanishlaridan biri — Beatris Tarnavski, Ispaniya qiroli Xuan Karlosning jiyani — Bruno Gomes Asebo uchun norasmiy ziyofat tashkil qilgan. Bruno tadbirga Yunoniston shahzodasi Nikolaos, Daniya shahzodalari Frederik va Ioaxim, shuningdek, Norvegiya malikalari Marta hamda Luizani olib kelgan. Reklama agentligining boshlig‘i bo‘lgan Donaldson xonim qirollik oilasi vakillari davrasida ekanini xayoliga ham keltirmagan.

Uch yildan keyin Daniyaning taxt vorisi unga brilliant va mamlakatining bayrog‘i rangidagi yoqut bilan bezatilgan unashtiruv uzugini tuhfa qilgan. Shundan keyin Donaldsonning o‘zi ham qirollik oilasining a’zosiga aylangan. Frederikning 40 yoshga to‘lishi munosabati bilan, uning rafiqasi bilan munosabatlari haqidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan kitob nashr qilingan. “Bu bir ko‘rishdagi sevgi edi”, — degan shahzoda bo‘lajak turmush o‘rtog‘ini ilk ko‘rishida unga qalban yaqinligini his qilganini qo‘shimcha qilgan.

Monako knyazi Alber II

Foto: Marie Claire

2011-yilda turmush qurgan knyaz Alber bo‘lajak rafiqasi Sharlen Uittstok bilan knyazlikdagi Mare Nostrum musobaqalarida tanishgan. Afrikalik mohir suzuvchi Sharlen bu vaqtda 22 yoshda bo‘lgan. Alberning o‘zi ham qatorasiga besh marta qishki Olimpiada o‘yinlarida bobsley sport turi bo‘yicha Monakoning terma jamoasi tarkibida bo‘lgan. Juftlik bir-biri bilan darhol til topishgan. “Bu g‘oyat ajoyib bo‘lgan. Suzishimni ko‘rgan Alber rahbariyatimdan men bilan uchrashish uchun ruxsat so‘ragan. Biz kechasi bilan kulishib, gaplashib chiqqanmiz”, — degan Sharlen Vogue nashriga bergan intervyusida. Uittstok xonim musobaqalarda ishtirok etish bilan band ekani tufayli munosabatlar jiddiylashishi uchun yana besh yil vaqt kerak bo‘lgan. Ular ilk bor ommaga 2006-yil, Turindagi Olimpiada o‘yinlari davomida ko‘rinish bergan. “Biz bir ehtirosni bo‘lishayotganimiz aniq edi: ikkimiz ham sportchilarni his-tuyg‘ularga berilgan holda kuzatganmiz. Sport bizni birlashtirib turadi”, — deb qo‘shimcha qilgan Sharlen.

Britaniya malikasi Anna

Foto: Marie Claire

Britaniya qirolichasining yagona qizi Anna 1971-yil 21 yoshga to‘lganida bo‘lajak turmush o‘rtog‘i, Sandxerst harbiy akademiyasi bitiruvchisi Mark Fillips bilan tanishgan. Ot minish sporti bilan shug‘ullanadigan malika shu yili uchkurash bo‘yicha Yevropa chempionatida g‘oliblikka sazovor bo‘lgan. Kapitan Fillips esa 1972-yil Myunxendagi Olimpiada o‘yinlarida oltin medalni qo‘lga kiritgan Qo‘shma Qirollik jamoasi tarkibida bo‘lgan. Mark 1973-yil bergan intervyusida muxbirlar undan malikani qo‘lini so‘raganda asabiylashganmisiz, deb savol bergan. “Gap malika haqida ketayotgani hech qanday ahamiyatga ega emas. Kim bilandir turmush qurishingiz juda ham shaxsiy masala va har ikkingiz ham buni his qilishingiz g‘oyat tabiiy”, — degan u. Nikoh bilan mustahkamlangan munosabatlariga 1992-yilda nuqta qo‘yilganiga qaramay, sobiq er-xotin bugungi kunda bir-biri bilan iliq munosabatda. Ularning qizi Zara ham ot minish sporti bilan shug‘ullanadi. U 2012-yildagi Olimpiada o‘yinlarida uchkurash (uchta sport turi bo‘yicha musobaqa)da Britaniya jamoasi uchun kumush medalni qo‘lga kiritgan.

Ispaniya malikasi Kristina

Foto: Marie Claire

Ispaniya qiroli Xuan Karlosning qizi Kristina bo‘lajak turmush o‘rtog‘i — gandbolchi Inyaki Urdangarinni 1996-yil Atlantadagi Olimpiada o‘yinlarida uchratgan. Yigit bo‘lib o‘tgan Olimpiada o‘yinlarida uch yil Ispaniya nomidan qatnashgan va ikki marta bronza medalini qo‘lga kiritgan. Kristina ham 1988-yil Seulda bo‘lib o‘tgan Olimpiada o‘yinlarida yelkanli qayiq sporti bo‘yicha Ispaniya jamoasi tarkibida bo‘lgan. 1997-yil Barselonada oila qurgan juftlikning turmushi davomida to‘rt nafar farzand dunyoga kelgan. 2018-yilda Urdangarin mablag‘lardan qonunga xilof ravishda foydalanish va soliqlar bilan bog‘liq muttahamlikda ayblanib, 5 yil-u 10 oyga ozodlikdan mahrum qilingan. Kristina qamoqda bo‘lgan turmush o‘rtog‘ining ahvolidan xabar olishni kanda qilmaydi.