Daryo

Tojikiston 100 ming nafar afg‘onistonlik qochqinni qabul qilishga tayyor

Zaruriyatga qarab mamlakat Afg‘onistondan keladigan yanada ko‘proq qochqinlarni qabul qilishi mumkin

1 daqiqa o‘qish49 982 ko‘rishlar0 izoh0
Foto: Asia-Plus

Tojikiston Mudofaa vazirligining Afg‘oniston bilan chegara yaqinida joylashgan harbiy poligonlariga Tojikiston hukumati bugungi kunda, taxminan, 100 ming afg‘onistonlik qochqinlarni qabul qilib, joylashtirishi mumkin. Bu haqda Respublika Favqulodda vaziyatlar qo‘mitasi rahbarining o‘rinbosari, polkovnik Imomali Ibrohimzoda ma’lum qildi, deb yozadi Asia-Plus.

Foto: Asia-Plus

Uning so‘zlariga ko‘ra, zaruriyatga qarab mamlakat Afg‘onistondan keladigan yanada ko‘proq qochqinlarni qabul qilishi mumkin. “Biz xalqaro tashkilotlar bilan respublikaning afg‘onistonlik qochqinlarni qabul qilish salohiyatini o‘rganib chiqyapmiz”, — dedi polkovnik.

Uning aytishicha, eng yaqin orada Kushoniyon tumani va Xorog shahri hududida ikkita maxsus ombor foydalanishga topshiriladi, u yerda potensial afg‘onistonlik qochqinlar uchun chodirlar, ko‘rpa-to‘shaklar, gigiyena vositalari, idish-tovoq saqlanadi.

Polkovnikning aytishicha, iyulda Tojikistonda 1574 nafar qochqin boshpana topgan, ular mamlakat hukumati hisobidan tibbiy yordam, yashash uchun chodirlar, uch martalik issiq ovqat, ko‘rpa-to‘shak, oshxona jihozlari bilan ta’minlangan.

“Ushbu qochqinlar 11 ta charter aviareysi orqali o‘z vataniga, Kobul va Mozori-Sharif shaharlariga qaytarib yuborilgan edi”, — dedi Ibrohimzoda.

Avvalroq Tojikistonning Jayhun tumanida afg‘onistonlik qochqinlarni vaqtinchalik joylashtirish uchun baza qurishga maxsus joy ajratilgani xabar berilgan edi.

Eslatib o‘tamiz, 13—14-iyul kunlari Tojikistondagi Tog‘li Badaxshon muxtor viloyatining Murg‘ob tumani Qizil-Rabot qishloq jamoati orqali qirg‘iz millatiga mansub 347 nafar Afg‘oniston fuqarosi Tojikiston chegarasini kesib o‘tgandi. Keyinroq ularning barchasi, ulardan avvalroq chegarani kesib o‘tgan afg‘on qochqinlarining qolganlari ham o‘z vataniga qaytgan.

Avvalroq Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT)ning Qochqinlar ishi bo‘yicha boshqarmasi Afg‘onistondagi vaziyatning keskinlashishi mamlakatni tashlab chiquvchilarning yirik oqimiga sabab bo‘lishidan xavotir bildirgan edi.

Mavzuga doir: O‘zbekiston va Germaniya afg‘on qochqinlarining ehtimoliy oqimi bilan bog‘liq muammolarni birgalikda hal qilishga kelishdi

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar