Checheniston rahbari Ramzan Qodirov respublika rahbarligi saylovlarida qatnashish uchun o‘z nomzodini ilgari surdi. Bu haqda mintaqa saylov komissiyasining ma’lumotlariga tayanib, “RBK” xabar berdi.
“Men sizlarga xushxabarni yetkazishga shoshilyapman. Bugun, 6-iyul kuni Chechenistonning amaldagi rahbari, Rossiya Qahramoni Ramzan Axmatovich Qodirov 2021-yil 19-sentabrga belgilangan Checheniston Respublikasi rahbari sayloviga o‘z nomzodini qo‘ydi”, — deya ma’lum qildi saylov komissiyasi rahbari Umar Bayxanov Instagram’da.
Iyun oyida Rossiya prezidenti Vladimir Putin 2007-yildan beri Chechenistonni boshqarib kelayotgan Qodirovni yana rahbarlik uchun nomzodini qo‘yish taklifini qo‘llab-quvvatlagandi.
“Unda (saylovda) qatnashish kerak”, — degan Putin o‘shanda. Qodirov bunga javoban “sadoqatli piyoda askar” sifatida davlat rahbarining “har qanday buyrug‘ini bajarishga” tayyorligini bildirdi. Keyinchalik “Yagona Rossiya”ning Checheniston hududiy bo‘limi saylovlarda respublikaning amaldagi rahbarini nomzod qilib ko‘rsatdi.
Putin tomonidan qo‘llab-quvvatlanganidan so‘ng Qodirov Checheniston rahbari lavozimiga saylanishga rozi bo‘ldi. “Men prezidentimiz va jamiyatning xohish-istagini tingladim va saylovlarda qatnashishga rozilik berdim”, — dedi u.
Qodirov Chechenistonni 2007-yildan buyon boshqarib kelmoqda. 2016-yilda u respublika rahbarligiga qayta saylangan va 94,8 foiz saylovchi ishtirok etgan saylovlarda 97,56 foiz ovoz olib, g‘alaba qozongandi.
Chechenistonda saylovlar 2021-yil 19-sentabr kuni o‘tkaziladi.
Avval Ramzan Qodirov Rossiya hududlari bo‘yicha 2020-yilning eng boy rahbari bo‘lib chiqqani, Checheniston rahbari vaksina olishdan bosh tortganlarni eng oxirida emlash taklifini ilgari surgani haqida xabarlar berilgan.
Mavzuga doir:
- “Shaytonlarning ko‘pini yo‘q qilganman, seni ham yo‘q qilishim mumkin”. Ramzan Qodirov tanqidli izoh uchun Instagram foydalanuvchisiga tahdid qildi (video)
- Ramzan Qodirovni “shayton” deb atagan o‘smirning otasi va qarindoshlari kechirim so‘radi (video)
- OAV: Ramzan Qodirov va uning oilasini qo‘riqlash uchun besh yil ichida budjetdan 13 mln dollardan ortiq pul sarflangan