Daryo

Ruslanbek Davletov: “18 turdagi ma’lumotnomalardan voz kechish har yili qariyb 15 mln dollar tejash imkonini beradi”

Raqamli yechimlarni joriy etish hisobiga Adliya vazirligi tomonidan 2020-yilda 100 tonna qog‘oz iqtisod qilingan

1 daqiqa o‘qish31 861 ko‘rishlar0 izoh0

O‘zbekiston davlat organlari tomonidan atigi 18 turdagi ma’lumotnomalarga bo‘lgan talabning bekor qilinishi har yili qariyb 15 million dollarni tejash imkonini beradi va 12 milliondan ortiq fuqarolarning (aholining 35 foizi) hayotiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Bu haqda adliya vaziri Ruslanbek Davletov 19-may kuni Peterburg xalqaro yuridik forumida so‘zga chiqqanida aytib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Gazeta.uz” Adliya vazirligi matbuot xizmatiga tayanib.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Eslatib o‘tamiz, mart oyida Shavkat Mirziyoyev byurokratik to‘siqlarni qisqartirish bo‘yicha farmonni imzolagandi. O‘shanda 17 turdagi hujjat va ma’lumotnomalarni talab qilish bekor qilingandi. 2020-yildan boshlab fuqarolardan qariyb 30 turdagi ma’lumotnomani, shu jumladan, yashash joyidan ma’lumotnoma, ishsizlik to‘g‘risidagi ma’lumotnoma va boshqa ma’lumotnomalarni talab etish taqiqlandi.

Vazir 2021-yil yakunigacha davlat xizmatlari sonini 200 taga yetkazish, shuningdek, barcha davlat xizmati inventarizatsiya qilinib, ularning muddatlari, to‘lov miqdorlari, shartlari va boshqa talablari soddalashtirilishini ma’lum qildi.

Ruslanbek Davletov Adliya vazirligi tomonidan boshqariladigan License tizimi tufayli litsenziya berish va xabardor qilish tartib-taomillari elektron shaklga o‘tkazilganini, shu bilan birga, raqamlashtirish jarayonida litsenziya va ruxsatnoma olish talab qilinadigan faoliyat turlari deyarli 40 foizga qisqarganini qayd etgan.

“Litsenziyalar va ruxsatnomalarning maxsus blankalarda rasmiylashtirilishidan voz kechilishi va elektron hujjatlar berishga to‘liq o‘tilishi natijasida 1,5 million dollardan ziyod mablag‘, shuningdek, 3,5 million varaq qog‘oz iqtisod qilindi. Bundan tashqari, raqamli yechimlarni joriy etish hisobiga Adliya vazirligi tomonidan o‘tgan yili 100 tonna qog‘oz iqtisod qilindi”, — degan adliya vaziri.

Ruslanbek Davletov yana bir loyiha — “Raqamli idora” loyihasini amalga oshirish qog‘ozsiz elektron hujjat almashinuvi va ish yuritishni tashkil qilgan holda barcha ma’muriy tartib-taomillarni va operatsion jarayonlarni raqamlashtirish hamda idoralararo elektron hamkorlik jarayonlarini avtomatlashtirish imkonini berishini qo‘shimcha qilgan.

Toshkentdanman. Nizomiy nomidagi O‘zbekiston Milliy pedagogika universiteti Chet tillar fakultetini tamomlaganman. “Daryo”da 2019-yildan beri Mahalliy xabarlar bo‘limida muharrir lavozimida ishlayman va O‘zbekistonda ro‘y berayotgan voqealarni kuzatib, yoritib boraman. Tavsiyalarga ko‘ra kino va filmlar ko‘raman. Kitoblardan Charlz Dikkensning “Devid Kopperfild” romanini aynisa qiziqish bilan o‘qiganman.

Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar