2021-yilning 1-oktabrigacha hududlarga mingta Volkswagen Caddy rusumli tez tibbiy yordam mashinalari yetkaziladi. Bu haqda 18-may, seshanba kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda davlat rahbari so‘z yuritdi, deya xabar bermoqda “Daryo” muxbiri.

Umuman, sog‘liqni saqlash tizimiga har yili bir necha trillionlab mablag‘ ajratiladi, xalqaro kreditlar jalb qilinadi. Ushbu ajratilayotgan mablag‘lar samarasini ham aholi, ham davlat sezadigan tizim yaratishimiz kerak.

Buning uchun hududlar va kasalliklar kesimida sifat va miqdor ko‘rsatkichlarini belgilash hamda tajriba tariqasida ularni baholash tizimini, eng avvalo, onkologiya va gematologiya yo‘nalishlaridan joriy etishni boshlash lozim. Mas’ul rahbarlar bir oy muddatda mazkur yo‘nalishlar bo‘yicha alohida dastur ishlab chiqsin”, – dedi davlat rahbari.

Prezident 1-oktabrga qadar hududlarga mingta Volkswagen Caddy rusumli tez tibbiy yordam mashinalarini yetkazish zarurligini qayd etdi.

“Hududlarda 850 ta xizmat muddatini o‘tagan Damas (8 yildan oshgan) tez tibbiy yordam mashinalari mavjud, shuningdek, aholi sonidan kelib chiqib yana 170 ta yangi tez tibbiy yordam mashinalariga ehtiyoj bor”, – dedi Shavkat Mirziyoyev.