Toshkentda Mercedes-Benz yo‘lovchi avtobusi bekatda 2 ta piyodani urib yubordi. YTHdan keyingi holat aks etgan video ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi.

Holat yuzasidan “Toshshahartransxizmat” tomonidan tezkor surishtiruv tadbirlari o‘tkazilgan. Aniqlanishicha, voqea 28-aprel kuni soat 13:45 atrofida yuz bergan. 86-sonli yo‘nalishda harakatlanuvchi haydovchi avtobusni THAY ko‘chasi bo‘ylab boshqarib borayotgan vaqtda yurak-qon tomir jarrohlik klinikasi bekatida unga nisbatan oldinda ketayotgan transport vositasi keskin to‘xtashi natijasida avtobusni o‘ngga burgan va bekat yonida turgan 2 ta piyodani urib yuborgan.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, jabrlanuvchi piyodalar N.D va O.L.ga yo‘l-transport hodisasi oqibatida yengil tan jarohati yetgan va 16-tez tibbiy yordam ko‘rsatish shifoxonasiga yetkazilgan. Ayni paytda jabrlanuvchi piyodalarning ahvoli yaxshi ekanligi aytilmoqda.

Hozirda avtobus haydovchisi M.A.ga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 133-moddasi (transport vositalari haydovchilarining yo‘l harakati qoidalarini buzishi jabrlanuvchiga yengil tan jarohati yoki ancha miqdorda moddiy zarar yetkazilishiga olib kelishi) alomatlari mavjudligini inobatga olib, ma’muriy ish qo‘zg‘atilgan hamda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Avvalroq Toshkentda avtobus yo‘l chetida turgan piyodani urib ketgani, haydovchiga nisbatan jinoiy ish ochilib, tergov harakatlari olib borilayotgani, poytaxtning Yunusobod tumanida 82-avtobus va Nexia-3 to‘qnashgani haqida xabar berilgan edi.